Xikmatov Sherzod Tuxtamurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sho‘rlangan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilashda yangi tipdagi yopiq gorizontal zovurning agromeliorativ samaradorligini ilmiy asoslash”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: BV2022.2.PhD/Qx499
Ilmiy rahbar: Norqulov Usmonqul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Matyakubov Baxtiyor Shamuratovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xasanov Maksud Marifovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jizzax viloyatining o‘rtacha sho‘rlangan sizot suvlari er yuzasiga yaqin joylashgan erlarda yangi tipdagi yopiq gorizontal zovurning agromeliorativ samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, yangi konstruksiyadagi yopiq zovurlashtirilgan tajriba maydonida aniqlangan sho‘r yuvish me’yori yillar bo‘yicha 1400-2123 m3/ga bo‘lganda tuproqning bir metr qatlamida quruq qoldiq miqdori 0,731% dan 0,673% gacha, xlor ionining miqdori 0,043% dan 0,020% gacha yuvilganligi aniqlangan;
tajriba maydonida mavsumiy sho‘r yuvish me’yori o‘rtacha 1800 m3/ga, g‘o‘zani mavsum davomida 3 marta 0-3-0 tizimda, har galgi sug‘orish me’yori 800-1000 m3/ga, mavsumiy sug‘orish me’yori 2400-2800 m3/ga bo‘lishligi ishlab chiqilgan;
sizot suvlarining joylashish chuqurligi tajriba variantida sho‘r yuvish davrida 165-170 sm, g‘o‘zani sug‘orish davrida 162-168 sm ya’ni nazoratga nisbatan 5-22 va 14-26 sm chuqurlikda joylashganligi va sizot suvlarining pasayish tezligi 20-22 sm/sut bo‘lganligi aniqlangan;
o‘rnatilgan zovurning suv oqimi yil davomida ikki marta maksimal oqim (sho‘r yuvish davrida 0,076-0,122 l/s.ga va g‘o‘zani sug‘orish davrida 0,056-0,060 l/s.ga) va ikki marta minimal oqim (aprel-may-0,040-0,054 l//s.ga va sentyabr-oktyabr) vujudga kelishi hamda bir gektar maydonga yil davomida sho‘r yuvish va g‘o‘zani sug‘orish uchun berilgan jami suvning (4514 m3/ga) 36 foizini tortib olishi aniqlangan;
yangi konstruksiyadagi yopiq zovur barpo qilingan maydonda 27,8 s/ga paxta xosili etishtirilganligi, 3766000 so‘m/ga sof foyda olinganligi, rentabellik darajasi 47,6% bo‘lganligi va yangi zovur qurish uchun qilingan jami xarajatlarni olingan sof foyda hisobiga 5 yilda qoplash mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rtacha sho‘rlangan, sizot suvlari yuza joylashgan tuproqlar sharoitida tuproqlarni meliorativ holatini yaxshilashda yangi tipdagi gorizontal zovurning samaradorligi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Yangi yuza yopiq gorizontal zovur barpo qilingan sug‘oriladigan maydonlarda sho‘r yuvish va g‘o‘zani sug‘orish tartiblari” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 19-iyul №07/35-04/4794-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda Jizzax viloyatining sizot suvlari yuza joylashgan, turli darajada sho‘rlangan tuproqlari sharoitida yangi tipdagi gorizontal zovurni qo‘llashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
sho‘r yuvish hamda g‘o‘zani maqbul sug‘orish me’yorlarini aniqlash natijalari asosida “Yopiq gorizontal drenaj” bo‘yicha foydali modelga patent (№FAP01881) olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 19-iyul №07/35-04/4794-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, patent ma’lumotlari asosida fermer xo‘jaliklarining o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida sizot suvlari g‘o‘zaning noo‘suv davrida 165-170 sm, o‘suv davrida 162-168 sm chuqurlikda joylashtirishga, minerallashganlik darajasini sho‘r yuvishdan oldin 4,5-5,0 g/l.dan sho‘ri yuvilgandan so‘ng 4,0-4,4 g/l.gacha kamaytirishga, tuproq tarkibidagi tuzlar miqdorini (quruq qoldiq) 0,731 % dan 0,673 % gacha, xlor ionining miqdorini 0,043 % dan 0,020 % gacha kamaytirishga erishilgan;
sho‘r yuvish muddati kuz-qish oylarida o‘tkazilib, uning me’yori atmosfera yog‘inlar miqdoriga bog‘liq holda 1500-2300 m3/ga, g‘o‘zani mavsum davomida 0-3-0 tizimda 3 marta sug‘orish va har galgi sug‘orishda 800-900 m3/ga me’yor suv bilan sug‘orish texnologiyasi Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanining sobiq “Baxmal agro” hozirgi “Nabi Jabbor” fermer xo‘jaligi xududida 4,0 gektar, “Sherbek-Elbek-19” fermer xo‘jaligi xududida 8,0 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 19-iyul №07/35-04/4794-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jaliklari dalalarida yangi tipdagi gorizontal zovur o‘rnatilmagan maydonga nisbatan o‘rnatilgan maydonda AN-Boyavut-2 g‘o‘za navidan yuqori hosil olishga erishilgan.