Tursunov Jaxongir Pulatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimi barqarorligini ta’minlash yo‘nalishlari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.DSc/Iqt455
Ilmiy maslahatchi: Jumayev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi DSc.09/31.08.2022.I.151.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qo‘ziyeva Nargiza Ramazonovna; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xudoyqulov Sadriddin Karimovich; iqtisodiyot fanlari doktori Davronov Shuxratjon Zuxurovich
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimi barqarorligini ta’minlash va takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq oshirib borish maqsadida pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirish taklif etilgan;
pensionerlarni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda pensiya ta’minoti tizimi barqarorligini ta’minlashda qoplash koeffisiyentini yaxshilashda pensioner uchun hisoblab chiqarilgan, lekin uning tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiyani to‘lash muddatini uzaytirish taklif etilgan;
pensiya va ijtimoiy nafaqalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida davlat budjetidan transfertlar ajratish orqali budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida barqaror faoliyat ko‘rsatishi asoslangan;
Pensiya jamg‘armasi uchun qo‘shimcha daromad manbasini yaratish va mahkumlarni kelajakda pensiya bilan ta’minlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni o‘tash davrida bajaradigan ishlari, agar bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash taklif etilgan;
aholi turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hisoblangan va to‘lanayotgan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlarini minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga tenglashtirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimi barqarorligini ta’minlash yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq oshirib borish maqsadida pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” PF-60-son Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 18-martdagi 03158-son ma’lumotnomasi). Natijada 371 ming nafar fuqarolarning pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 000 so‘mgacha oshirildi;
fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin uning tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiyani to‘lash muddatini 12 oydan 24 oyga uzaytirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” PF-27-son Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 18-martdagi 03158-son ma’lumotnomasi). Natijada 2024-yil 1-yanvardan boshlab, 2,4 ming nafardan ortiq fuqaroga 35 mlrd. so‘m miqdordagi pensiya to‘lab berilishi imkoniyati yaratiladi;
davlat pensiyalari va ijtimoiy nafaqalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida davlat budjetidan transfertlar ajratish orqali budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida” O‘RQ-813-son Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 18-martdagi 03158-son ma’lumotnomasi). Natijada 2023-yilda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan 15,0 trln. so‘m ajratilgan;
fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi barqaror faoliyat yuritishi maqsadida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-817-son Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 18-martdagi 03158-son ma’lumotnomasi). Natijda “avlodlar birdamligi” pensiya tizimi baqraror bo‘lishida unda ishtirok etuvchilar soni va darajasi yaxshilanadi, qamrov koeffisientini oshishiga xizmat qiladi hamda pensiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini belgilash imkonini beradi;
aholi turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlarini minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga tenglashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-iyundagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-6241-son Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 18-martdagi 03158-son ma’lumotnomasi). Natijada pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari 14 foizga oshirilib, minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kam bo‘lmasligi ta’minlandi.