Buranov Anvar Korabayevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tili qipchoq lahjasi leksikasining oltoy tiliga munosabati”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil12817.
Ilmiy rahbar: Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ronovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Ashirboyev Samixon, filologiya fanlari doktori, professor; O‘rozboyev Abdulla, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘z RFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili qipchoq lahjasi leksikasining oltoy tiliga munosabati orqali ular o‘rtasidagi genetik qarindoshlikka, umumiy va farqli jihatlarga e’tibor qaratish, shuningdek, ushbu tillarda saqlangan o‘z qatlamga oid so‘zlarni tiklash hisobiga hozirgi tillar, xususan, o‘zbek adabiy tili lug‘at fondini boyitishga hissa qo‘shishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tili qipchoq lahjasi va oltoy tilining o‘ziga xos xarakterli jihatlari hamda ularning qadimgi turkiy til, o‘lik qipchoq tili bilan bog‘liqligi ochib berilgan;
o‘zbek tili qipchoq lahjasi va oltoy tilida qo‘llanilgan so‘zlar o‘rtasidagi shakl hamda ma’no munosabatlari asoslangan;
tarixiy leksikologiyaning nazariy qoidalariga tayangan holda toponimlar, etnonimlar, teonimlar, qavm-qarindoshlik, maishiy leksikaga oid so‘zlarning qo‘llanish doirasi dalillangan;
o‘zbek tili qipchoq lahjasi hamda oltoy tili lug‘at boyligi, badiiy imkoniyatlari, ulardagi ekstralingvistik omillar, rus va mo‘g‘ul tillaridan kirgan leksemalar asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili qipchoq lahjasi leksikasining oltoy tiliga munosabati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zbek tili qipchoq lahjasi va oltoy tilidagi toponim, etnonim, teonimlar, qavm-qarindoshlikni ifodalovchi hamda maishiy leksikaga oid so‘zlarning geneologik tahlili borasidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2019-2022-yillarda bajarilgan A-OT-2019-10 raqamli “O‘zbek tilida neymning: me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 14-yanvardagi 01/4-82-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tili ta’limiy korpusining funksional-uslubiy, funksional-kommunikativ jihatdan mukammallashishiga erishilgan;
o‘zbek tili qipchoq lahjasi va oltoy tilining leksik-semantik tezaurusi, omonimiya, sinonimiya hamda antonimiya hodisalari, shuningdek, mo‘g‘ul va rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarning o‘rni, milliy nomlar zahirasini yaratish masalalariga bag‘ishlangan tahliliy materiallardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 14-yanvardagi 01/4-83-son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy yozma manbalar tadqiqiga oid materiallar mazmunan yangi tahliliy ma’lumotlar bilan boyigan;
o‘zbek va oltoy xalqlarining tarixi, etnik tarkibi, tili, etnografiyasi, turmush tarzi va e’tiqodiga oid tahlil hamda munosabatlar bilan bog‘liq ilmiy materiallardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” va “Aslida qanday” ko‘rsatuvlari dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 29-avgustdagi 486-23-4430-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zMTRKda yangi radioeshittirishlarni tashkil qilish va mavjud radioeshittirishlarning mazmunini boyitishga xizmat qilgan.