Eshboyeva Tillaniso Nuryog‘di qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek folkloridagi arxetiplar va zamonaviy proza” 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil763.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza G‘aniyevich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Sariyev San’atjon Matchonboyevich, filologiya fanlari doktori; Abdumurod Tilavov Xolmuratovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek folklori va adabiyotida arxetiplar hamda arxetip obrazlarning ildizlari, folklor manbalaridagi arxetip motiv, obraz, ramzlarning badiiy talqinlari, zamonaviy adabiyotdagi arxetiplarning o‘ziga xos ko‘rinishlari va folkloriy asoslarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek folklori – xalq dostonlarida keluvchi arxetip obrazlarning o‘ziga xos xususiyatlari, tiplarini ochib berishda jahon mifologiyasi, psixologiyadagi arxetip nazariyasiga tegishli qarashlar asosida mif va arxetip, arxetip obrazlar, arxetip motiv va arxetip ramzlar aniqlanib, o‘zbek folklorshunosligida arxetip masalasiga oydinlik kiritilgan;
doston sujeti, motivlari tarkibida arxetiplarning mifologik tasavvurlardan mifopoetik va badiiy-estetik tafakkur talqinlariga o‘tish jarayoni, arxetipning psixologik talqindan folklor va adabiyot manbasiga qay tarzda aylanganligi asoslangan;
folklor manbalaridagi arxetip obrazlarning “Alpomish” va “Go‘ro‘gli” kabi o‘zbek eposlaridagi yetakchi tiplari – Alp, Antogonist, homiy va yor obrazlari, Kampir va Donishmand chol tiplari aniqlanib, obrazlarning tadriji va tasnifi, eposlar asosini tashkil etuvchi xaos va kosmos kurashi motivi, evrilish motivlarining arxetipik ma’nosi ochib berilgan;
zamonaviy o‘zbek nasriga oid asarlardagi arxetiplarning tadriji, zamonaviy talqinlari, semantikasi, arxetip obrazlar mohiyati, ularning adabiy asarni umumtafakkurga tushinarli, keng ma’noli qilishi oydinlashtirilib, arxetip motivlarning asar ta’sirchanligini oshirishdagi roli dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek folklorida zamonaviy prozadagi arxetip obrazlarni o‘rganish natijasida olingan xulosalar asosida:
o‘zbek folkloridagi arxetip obrazlarga doir ilmiy-nazariy va mif va arxetip, arxetip obrazlar, arxetip motiv va arxetip ramzlar aniqlanisi natijalaridan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017–2020-yillarda bajarilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari (36–65-jildlar) mavzusidagi OT-F1-76 raqamli fundamental ilmiy loyihani amalga oshirishda, xususan, mazkur jildlikning “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonlari asosida tuzilgan 21-jildi (Po‘lkan shoir, Fozil shoir, Egamberdi baxshi, Zohir shoirlar variantlari) va “Go‘ro‘g‘lining bolaligi” (22-jild) dostonlarini tayyorlashda dissertatsiyaning yangi ilmiy xulosalaridan foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021-yil 26-sentabrdagi 3/1255-2964-son ma’lumotnomasi). Natijada “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Go‘ro‘g‘lining bolaligi” dostonlaridagi alp, ota, ona, bola, qahramon, o‘zlik, soya, donishmand chol, yor, kampir arxetiplarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etgan;
o‘zbek folkloridagi arxetip motivlar va arxetip simvollarni aniqlashdagi yangi muayyan xulosalar “Go‘ro‘g‘li” dostonlari badiiyatini tadqiq etishga doston sujeti, motivlari tarkibida arxetiplarning mifologik tasavvurlardan mifopoetik va badiiy-estetik tafakkur talqinlariga o‘tish jarayoni tatbiq qilingan. 2018–2020-yillarda bajarilgan PZ-20170926290 – raqamli “O‘zbek xalq qo‘shiqlarining tadrijiy bosqichlari va poetikasi (tadqiqot va majmua)” mavzusidagi amaliy loyihada xalq qo‘shiqlari obrazlar tizimi va yetakchi ramziy obrazlar semantikasini yoritishda foydalanilgan. Dissertatsiya mavzusiga oid “Soya va persona arxetipi”, “Arxetip va mifologik tasavvurlar munosabati”, “Bola va ona arxetipi” maqolalaridan loyihaning xalq qo‘shiqlari obrazlar tizimi va yetakchi ramziy obrazlar semantikasini yoritishda foydalanilib, o‘zbek xalq qo‘shiqlari janrlarining ijro yo‘llari, qofiyalanish tizimi, tovush qaytariqlarining voqe bo‘lishida arxetiplar roli va o‘rnini belgilab berdi. Arxetip obrazlarni aniqlash asosida yuzaga kelgan ilmiy xulosalarni keng ommaga targ‘ib qilishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mavzu”, “Aslida qanday”, “Taqdimot”, “Adabiy jarayon”, “Mundarija” ko‘rsatuvlarining senariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021-yil 9-dekabrdagi 01-14/256-son va 2022-yil 28-apreldagi 06-28-506-son ma’lumotnomalari). Ko‘rsatuv senariylarini tayyorlashda dissertatsiyaning folklor manbalaridagi arxetip motiv, obraz va sujetlar ustida olib borilgan tahlillar, ilmiy nazariy qarashlarga suyanilgan.