Sayidov Komil Mamatmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlarini soliqqa tortishni takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt1318
Ilmiy rahbar: Toshmatov Shuxrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Burxonov Aktam Usmonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Kuziyev Ravshan Ramazanovich, iqtisodiyot fanlari bo‘ycha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jismoniy shaxslarning soliq solinadigan mulkiy daromadlarini soliqqa tortishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash maqsadida, soliqlar va yig‘imlar to‘langanidan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo‘jaligi boshlig‘i ixtiyorida qoladigan foyda summasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozni bekor qilish taklifi asoslangan;
jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarga soliq solish ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr ichida bir martadan ortiq sotishdan olingan daromad emas, balki o‘ttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni sotishdan olinadigan daromadlarga nisbatan qo‘llanilishi tartibini kiritish taklifi asoslangan;
jismoniy shaxslarning qimmatli qog‘ozlarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlarini mulkiy daromad tarkibiga qo‘shish va soliqqa tortish taklifi asoslangan;
jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlarini soliqqa tortish tartibi yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi meros yoki hadya, tekinga olingan ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni soliq solishdan ozod qilingan daromadlar tarkibidan chiqarib tashlash orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlarini soliqqa tortishni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘laganidan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo‘jaligi boshlig‘i ixtiyorida qoladigan foyda summasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozni bekor qilish yuzasidan ishlab chiqilgan taklifdan foydalanilib, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (eski tahriri) 176-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2020-yil 22-iyuldagi 16-22662-sonli ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida tadbirkorlik subyektlari hisoblangan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, xususiy va oilaviy korxonalar hamda fermer xo‘jaliklariga soliq solishning adolatlilik prinsipi ta’minlanib, davlat byudjetiga 2020-yilda 4,4 mlrd.so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushishiga erishilgan;
jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni sotish natijasida olinadigan daromadlarga soliq solish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha berilgan taklif inobatga olinib, Soliq kodeksining 378-moddasida soliq to‘lovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarga soliq solish ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr ichida bir martadan ortiq sotishdan olingan daromadga emas, balki o‘ttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni sotishdan olinadigan daromadlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2020-yil 22-iyuldagi 16-22662-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida ko‘plab fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelgan muammoning yechilishiga, soliq solishning adolatlilik prinsipi ta’minlanishiga hamda soliq ma’muriyatchiligining soddalashtirilishiga erishilgan;
rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida jismoniy shaxslarning qimmatli qog‘ozlarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlarini mulkiy daromad tarkibiga qo‘shish va soliqqa tortish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif inobatga olinib yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 375-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2020-yil 22-iyuldagi
16-22662-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qimmatli qog‘ozlarga doir REPO operatsiyalari bo‘yicha daromadlar jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari tarkibiga kiritilgan va soliq solinishi belgilangan;
yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan ko‘chmas mulk va transport vositalari bo‘yicha daromadlarni jismoniy shaxslarning soliq solishdan ozod qilingan daromadlari tarkibidan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi taklifi yangi tahrirdagi Soliq kodeksida inobatga olingan. Xususan, Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarga soliq solinishi belgilangan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2020-yil 22-iyuldagi 16-22662-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi meros yoki hadya tartibida berilgan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bo‘yicha 2020-yilda davlat byudjetiga 270,9 mlrd.so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushishiga erishilgan.