Shamsiev Naim Amonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oyoqog‘itma ko‘li ixtiofaunasi va baliq mahsuldorligini oshirish yo‘llari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/B354.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ulug‘bek To‘raevich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Jumabaev Baxodir Erejepovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Oyoqog‘itma ko‘li ixtiofaunasining zamonaviy holatini baholash, baliqlarning morfo-ekologik xususiyatlarini ochib berish hamda baliq mahsuldorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oyoqog‘itma ko‘li ixtiofaunasining zamonaviy tur tarkibi asosida 4 turkum, 7 oila 26 urug‘ga mansub 27 turdan iboratligi, shundan 14 tasi mahaliy, 13 tasi invaziv turlar ekanligi aniqlangan;
ilk bor Oyoqog‘itma ko‘lining ixtiofaunasi 7 turga – Hemiculter leucisculus, Gobio lepidolaemus, Abbottina rivularis, Aristichthys nobilis, Rhodeus ocellatus, Micropercops cinctus va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Sabanejewia aralensis ko‘payganligi aniqlangan;
Oyoqog‘itma ko‘lida ilgari mavjud bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan cho‘rtansifat oqqayroq (Aspiolucius esocinus) turining hozirda uchramasligi aniqlangan;
ovlanish ahamiyatga ega bo‘lgan turlarning tashqi morfologiyasi tavsiflangan, morfometrik belgilarning o‘zgaruvchanligi asoslangan;
ovlanish ahamiyatga ega bo‘lgan baliqlarning voyaga etishi, urchishi, serpushtligi, o‘sishi va oziqlanish xususiyatlari ochib berilgan;
Oyoqog‘itma ko‘li gidrobiont organizmlarining sifat va miqdor ko‘rsatkichlari aniqlangan, ovlanish ahamiyatga ega bo‘lgan baliq resurslari holati baholangan hamda baliq mahsuldorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oyoqog‘itma ko‘li ixtiofaunasi va baliq mahsuldorligini oshirish yo‘llari mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
suv havzalari gidrobiontlaridan tabiiy sharoitda foydalanilgan holda baliq chavoqlarini tez sur’atlar bilan jadal o‘stirish maqsadida ko‘llarni 40-50 grammlik baliq chavoqlari bilan baliqlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar Buxoro viloyati «Fozil Toxir Zamini» F/X baliqchilik xo‘jaligi faoliyati amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 6 apreldagi 02/23-664-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliq chavoqlarini tabiiy sharoitda jadal o‘stirish hisobiga ularning yashovchanligini 80-85 foizga oshirish hamda qo‘shimcha 1 tonna oq amur, 2 tonna sazan, 3 tonna oq do‘ngpeshona balig‘i mahsulotlari olish imkonini bergan;
baliqlar chavog‘ini parvarishlashda tabiiy ozuqa organizmlaridan samarali foydalanish va 40-50 grammlik sazan, 60-70 grammlik oq va 40-60 grammlik chipor do‘ngpeshonlar, 200-250 grammlik oq amur chavoqlarini tabiiy suv havzalariga o‘tkazish me’yorlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar «Buxoro Belamur» F/X, «Buxorobaliq» MChJ baliqchilik xo‘jaligi faoliyati amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining 2022 yil 7 iyuldagi 09/791-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliq chavoqlari tabiiy o‘limi 25 % ga qisqartirilgan va qo‘shimcha 10 mln. dona (sazan, oq amur va oq do‘ngpeshona) chavoq etishtirishga hamda qo‘shimcha 0,5 tonna sazan, 0,8 tonna oq amur, 0,7 tonna oq va 0,2 tonna chipor do‘ngpeshonalar, jami 2,2 tonna baliq mahsulotlarini olish imkonini bergan;
Oyoqog‘itma ko‘li ixtiofaunasiga kiruvchi 3 turkum, 7 oila, 13 urug‘, 13 turga mansub, jami 546 ta baliq namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan «Zoologiya kolleksiyasi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 1 dekabrdagi 4/1255-3036-son ma’lumotnomasi). Natijada, mavjud baliqlar kolleksiyasi fondini yangi namunalar bilan boyitgan va baliqlar turlari xilma-xilligini aniqlash va turlarni sistematik tahlil qilish imkonini bergan.