Boydedaev Sadirdin Abdusattorovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korrupsiyaga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu597.
Ilmiy rahbar: Salaev Nodirbek Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor; Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka oid qonunchilikni qo‘llashning huquqiy masalalarini ilmiy tadqiq etish, shuningdek, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish va ularni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni 28-moddasiga ushbu moddaning qoidalari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida bila turib yolg‘on axborotni xabar qilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi, ular bunday huquqbuzarlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘lishi zarurati isbotlangan;
rag‘batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshirilishi zarurligi isbotlangan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkinligi asoslantirilgan;
pora olish jinoyatining sub’ekti sifatida faqatgina davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi lozimligi isbotlangan;
jinoyatning ijtimoiy xavfliligini bildiruvchi (tamagirlik, poraning ko‘p yoki juda ko‘p miqdori) tavsiflash belgilari jinoyat ishtirokchilarining ham aybiga, agarda bu holatlar ularning qasdi bilan qamrab olingan bo‘lsa, qo‘yilishi zarurligi asoslantirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Tadqiqot davomida olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan: 
O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni 28-moddasiga ushbu moddaning qoidalari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida bila turib yolg‘on axborotni xabar qilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi, ular bunday huquqbuzarlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘lishi zarurati haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 noyabrdagi O‘RQ–729-sonli “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi 
6-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022 yil 2 noyabrdagi 04/2-09/97-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida bila turib yolg‘on axborotni xabar qilgan shaxslar javobgarligi masalasini tartibga soolishga xizmat qilgan;
rag‘batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshirilishi zarurligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizomning 5-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 
10 oktyabrdagi 12-4-18-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishda xolislik, qonuniylik va boshqa prinsiplarni joriy etishga xizmat qilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkinligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizomning 8-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 
10 oktyabrdagi 12-4-18-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini belgilashga xizmat qilgan;
JK 210-moddasining sub’ekti davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxsi hisoblanishi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 24 sentyabrdagi 19-sonli “Poraxo‘rlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorning 1-bandi birinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 
10 oktyabrdagi 08/673-22-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi JK 210-moddasi sub’ekti tushunchasiga aniqlik kiritishga xizmat qilgan;
jinoyatning ijtimoiy xavflili og‘irligini bildiradigan (tamagirlik, poraning ko‘p yoki juda ko‘p miqdori) tavsiflash belgilari agarda bu holatlar ularning qasdi bilan qamrab olingan bo‘lsa jinoyat ishtirokchilarini xuddi shu belgilar uchun javobgarlik belgilangan normalar bilan ayblashga asos bo‘lishi zarurligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 24 sentyabrdagi 19-sonli “Poraxo‘rlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorning 1-bandi birinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 
10 oktyabrdagi 08/673-22-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning tatbiq etilishi korrupsiyaga oid qilmishlar sodir etgan shaxslar ishtirokchiligida ularning aybi hajmini yanada aniqlashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish