Xamdamov Omonullo Ne’matullayevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment tizimi metodologik asoslarini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Iqt182
Ilmiy maslahatchi: Tashmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi DSc.09/31.08.2022.I.151.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Olimjonov Odil Olimovich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Karlibayeva Raya Xojabayevna; iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Xusanov Durbek Nishonovich.
Yetakchi tashkilot: Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment tizimining metodologik asoslarini takomillashtirishga doir ilmiy-uslubiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat ishtirokidagi har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali yirik korxonalarni transformatsiya qilish va hususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish taklifi asoslangan;
davlat ishtirokidagi korxonalarda tavakkalchilik qo‘mitasi va kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan barcha tavakkalchiliklarni (moliyaviy, operatsion va boshqalar) aniqlash va ularni bartaraf qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida korxonalarda “tavakkalchilik xaritasini” ishlab chiqish va moliyaviy tavakkalchiliklarni monitoringini olib borish tartibi taklif etilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy aktivlarning terminal qiymatini (investision davrdan keyingi bosqichlarda pul oqimlari (DCF modeli asosida)ning real qiymat) doimiy o‘sish modeli va multiplikator usullaridan foydalangan holda aniqlashning maqsadga muvofiqligi asoslangan;
aksiyadorlik jamiyati kapitalining xususiylashtirish jarayonlaridagi real bozor qiymatini baholashda joriy qiymat usuli (CVM), opsionlarni narxlash usuli (OPM) va taxmin qilingan daromadning qaytish (PWERM) usullari orqali samaradorlik koeffisiyentlarini prognoz qilish tartibi ishlab chiqilgan;
aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlar daromadliligini oshirish (kafolatlash) maqsadida (qat’iy belgilangan dividendlarni to‘lash asosida) imtiyozli aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondiga nisbatan belgilangan (ustav kapitalining) miqdorini 25 foizgacha oshirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy menejment tizimining metodologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-uslubiy tavsiya va takliflar asosida
davlat ishtirokidagi har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali yirik korxonalarni transformatsiya qilish va hususiylashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF-6096-son «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023 yil 27 fevraldagi 05/1-01451-son va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2023 yil 24 yanvardagi 03/08-1-18/309-son ma’lumotnomalari). Mazkur taklif asosida, aksiyadorlik jamiyatlari korporativ oshkoraligini ta’minlash, korporativ baholashning xalqaro standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish, aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy va investision faoliyati natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni oldindan prognoz qilish, kapital qiymatini baholash kabi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish mexanizmini amaliyotga tatbiq qilishga xizmat qilgan. Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan 3 yillik biznes rejalarini (joriy faoliyat, investisiya loyihalari va ularni moliyalashtirishning aniq manbalari, shu jumladan xalqaro moliya bozorlari mablag‘lari hisobidan, moliyaviy model) ishlab chiqishni ta’minlashga erishilgan;
davlat ishtirokidagi tavakkalchilik qo‘mitasi va kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan barcha tavakkalchiliklarni (moliyaviy, operatsion va boshqalar) aniqlash va ularni bartaraf qilish mexanizmini rivojlantirish maqsadida korxonalarda “tavakkalchilik xaritasini” ishlab chiqish va moliyaviy tavakkalchiliklarni monitoringini joriy etishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi 166-son “2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023 yil 27 fevraldagi 05/1-01451-son ma’lumotnomasi). Natijada, davlat ishtirokidagi korxonalarda «uch himoya chizig‘i», ya’ni tavakkalchilikni operativ boshqaruv jarayonida aniqlash va boshqarish, tavakkalchiliklarni aniqlash va bartaraf qilish bo‘yicha monitoringini olib borish tizimi joriy etilgan hamda vakolatli davlat organining funksiya va vazifalari belgilab berilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy aktivlarning terminal qiymatini (investision davrdan keyingi bosqichlarda pul oqimlari (DCF modeli asosida)ning real qiymat) doimiy o‘sish modeli va multiplikator usullaridan foydalangan holda aniqlashga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standarti (6-son MBS) “Baholash yondashuvlari va usullari”da qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2023 yil 24 yanvardagi 03/08-1-18/309-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida, aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy aktivlarini baholash uslubiyatida terminal qiymatini aniqlash imkoni vujudga kelgan hamda milliy baholash standartlarini xalqaro baholash standartlari tamoyillariga muvofiqlashtirish imkoniyati yaratilgan;
aksiyadorlik jamiyati kapitalining xususiylashtirish jarayonlaridagi real bozor qiymatini baholashda joriy qiymat usuli (CVM), opsionlarni narxlash usuli (OPM) va taxmin qilingan daromadning qaytish (PWERM) usullari orqali samaradorlik koeffisiyentlarini prognoz qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standarti (7-son MBS) “Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqini baholash”da foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2023 yil 24 yanvardagi 03/08-1-18/309-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida aksiyadorlik jamiyatlari kapitalining real bozor qiymatini aniqlashda joriy qiymat usuli (CVM), opsionlarni narxlash usuli (OPM), taxmin qilingan daromadning qaytish usullaridan (PWERM) foydalanish tartibi ishlab chiqilgan hamda istiqboldagi rentabellik koeffisiyentlarini prognoz qilish metodologiyasi takomillashtirilgan;
aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlar daromadliligini oshirish (kafolatlash) maqsadida (qat’iy belgilangan dividendlarni to‘lash asosida) imtiyozli aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondiga nisbatan belgilangan (ustav kapitalining) miqdorini 25 foizgacha oshirish taklifi “O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 oktyarbdagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-726-son Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2023 yil 24 yanvardagi 11/05-15-553-son ma’lumotnomasi). Natijada, aksiyadorlik jamiyatlari imtiyozli aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondiga nisbatan (ustav kapitalining) miqdori 25 foiz qilib belgilangan, shuningdek 2022 yilning yakunlariga ko‘ra o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan imtiyozli aksiyalarning emissiya xajmini 17 foizga o‘sishiga erishilgan.