Boboxonov Mavlon Raxmatillayevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hozirgi o‘zbek romanlari strukturasida psixologizm muammosi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Fil13.
Ilmiy maslahatchi: Umurov Hotam Ikromovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Damin To‘rayevich To‘rayev, filologiya fanlari doktori, professor; Ramil Fanaviyevich Islamov, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hozirgi o‘zbek romanlari strukturasidagi psixologizm genezisini, asar kompozisiyasidagi o‘rni va ahamiyatini, vosita va usullarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyoshunosligida inson ruhiyatini tasvirlash usullari tekshiruv ob’ektiga kiritilganidan so‘ng, badiiy psixologizmning romanlar tabiatidagi o‘rnini belgilashda bugungi adabiyoshunoslikdagi ilmiy-nazariy qarashlarni psixoanaliz va kollektiv g‘ayrishuuriylik nazariyalari asosidagi yondashuvlar bilan boyitish zarurligi asoslangan;
badiiy psixologizm tamoyillari asosida milliy nasrimizda shakllangan psixologik jihatdan ziddiyatli xarakterlar yaratish usullarining jahon adabiyotida erishilgan yutuqlar bilan munosabatlarga kirishish jarayonidagi reminissensiya, adabiy ta’sir va tipologiya singari komparativistikaga doir belgilari ochib berilgan;
“Shovqin”, “Lolazor”, “Qo‘rqma” romanlaridagi psixologizm voqelangan obrazlar tizimida xarakterlar ruhiy individualligini ta’minlovchi portret, peyzaj, narsa-buyum, tush, ichki monolog, ong oqimi kabi ruhiy tahlil vositalarining adabiy qahramonlarning dinamik, turg‘un holatlari va ishonarliligini ta’minlashdagi o‘zaro aloqasi dalillangan;
“Otamdan qolgan dalalar” hamda “Isyon va itoat” romanlarida qo‘llanilgan tasviriy, oydinlashtiruvchi, xarakterlovchi, tagma’noli badiiy detallar hamda adabiy qahramonlarning o‘zini o‘zi xarakterlovchi ichki monologlari xarakterlar o‘zini tutishini psixologik jihatdan dalillashning muhim tamoyili ekanligi isbotlangan;
ruhiy tahlilning adabiyoshunoslik tushuncha va kategoriyalari tizimidagi o‘rnini aniqlash asosida psixologizmning personajlar ichki olamini tasvirlash ekanligi, inson obrazi adabiyoshunoslikda badiiy shaklning predmetli tasviriylik jihatiga tegishliligi asoslangan;
g‘ayrishuuriylik tamoyilining roman tahlilidagi ustuvorligi matn tahlili orqali belgilanishi, badiiy asarda inson ruhiyatini tahlil qilish va psixologik romanlar badiiyatini ta’minlashga xizmat qilishi, “Qo‘rqma” romanidagi “Ko‘lanka” obrazi bosh qahramon ong ostidagi g‘ayrishuuriylik hosilasi sifatida gavdalanganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek romanlari strukturasidagi psixologizmni adabiyoshunoslikdagi konseptual qarashlar asosida tadqiq etish, ilmiy-amaliy ahamiyatini belgilash asosida:
ruhiy tahlilning adabiyoshunoslik tushuncha va kategoriyalari tizimidagi o‘rnini aniqlash asosida psixologizmning personajlar ichki olamini tasvirlash ekanligi, inson obrazi adabiyoshunoslikda badiiy shaklning predmetli tasviriylik jihatiga tegishliligi asoslangan xulosalardan FA-F1-G040 raqamli «O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyoshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir» (2012-2016) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 oktyabrdagi FTA-02-11/907-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi personaj obrazi badiiy shaklning predmetli tasviriylik (tasvirlangan olam) jihatiga tegishli ekanligiga doir nazariyani ishlab chiqish imkonini bergan;
o‘zbek adabiyoshunosligida inson ruhiyatini tasvirlash usullari tekshiruv obektiga kiritilganidan so‘ng, badiiy psixologizmning romanlar tabiatidagi o‘rnini belgilashda bugungi adabiyoshunoslikdagi ilmiy-nazariy qarashlarni psixoanaliz va kollektiv g‘ayrishuuriylik nazariyalari asosidagi yondashuvlar bilan boyitish zarurligi asoslangan xulosalardan FA-F1-G002 raqamli «Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» (2012-2016) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 24 oktyabrdagi 17.01/190-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini amaliy qo‘llash fundamental loyiha doirasida tayyorlangan adabiy qahramonlar ruhiyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar hamda roman janri xususiyatlari haqidagi tadqiqotlarning ilmiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan;
badiiy psixologizm tamoyillari asosida milliy nasrimizda shakllangan psixologik jihatdan ziddiyatli xarakterlar yaratish usullarining jahon adabiyotida erishilgan yutuqlar bilan munosabatlarga kirishish jarayonidagi reminssensiya, adabiy ta’sir va tipologiya singari komparativistikaga doir belgilari ochib berilgan ilmiy natijalaridan FA-F-1-005 raqamli «Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyoshunosligini tadqiq etish» (2017-2020) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 25 oktyabrdagi 17.01/191-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya natijalarini amaliy qo‘llash fundamental loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar hamda monografiyalarning, roman janri haqida olib borilgan tadqiqotlarning ilmiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan;
“Shovqin”, “Lolazor”, “Qo‘rqma” romanlaridagi psixologizm voqelangan obrazlar tizimida xarakterlar ruhiy individualligini ta’minlovchi portret, peyzaj, narsa-buyum, tush, ichki monolog, ong oqimi kabi ruhiy tahlil vositalarining adabiy qahramonlarning dinamik, turg‘un holatlari va ishonarliligini ta’minlashdagi o‘zaro aloqasi dalillanganligi yuzasidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Umid”, “Onajonim she’riyat” to‘garaklari faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 02 avgustdagi 01-03-13/835-son ma’lumotnomasi). Natijada, ruhiyat tasvirining kitobxonga estetik ta’sirini to‘g‘ri anglaydigan, jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga ongli munosabat bildira oladigan yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilgan;
g‘ayrishuuriylik tamoyilining roman tahlilidagi ustuvorligi matn tahlili orqali belgilanishi, badiiy asarda inson ruhiyatini tahlil qilish va psixologik romanlar badiiyatini ta’minlashga xizmat qilishi, “Qo‘rqma” romanidagi “Ko‘lanka” obrazi bosh qahramon ong ostidagi g‘ayrishuuriylik hosilasi sifatida gavdalanganligi isbotlangan xulosalaridan “Birgalikda o‘qiymiz”, “Qaqnus”, “Dunyo adabiyoti” ko‘rsatuvlarni tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zMTRK “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2022 yil 21 noyabrdagi 01-02/211-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini amaliy qo‘llash nomlari sanalgan ko‘rsatuvlar saviyasini oshirishga, xalqimizning boy ma’naviy-ruhiy dunyosi, badiiy-estetik tafakkur tarzini teran idrok etishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish