Yusupova Madinaxon Egamberdi qizi
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Navoiy obrazining lirik va epik talqini”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3245.
Ilmiy rahbar: Muhammadjonova Go‘zalxon, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Tojiboyeva Muqaddas Abdurahimovna, filologiya fanlari doktori, dotsent, Pardayeva Zulfiya Jo‘rayevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
Mutafakkir, ulug‘ shoir Alisher Navoiy obrazining lirik va epik talqinlarini qiyosiy tadqiq etish orqali dahoning tabiati va shaxsiyatini badiiy kashf etishdagi yangilanishlarni yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tarixiy shaxs obrazi psixologik yo‘nalishda ijodkor inson konsepsiyasi kontekstida tadqiq etilgan hamda tarixiy shaxslar obrazini yaratishning o‘ziga xosligi hukmdor shaxs, mutafakkir, ijodkor inson, olim, sarkarda, harb kishisi kabi tavsifiy yondashuvlar asosida isbotlangan;
hukmdor obrazi talqinida davlat boshqaruvi, siyosat, ichki nizolar masalasi; mutafakkir timsolida olamshumul umuminsoniy masalalar; ijodkor inson talqinida ruhiy-psixologik holatlar, ichki konflikt; olim siymosida ilm-ma’rifat, ustoz-shogirdlik an’anasi; sarkarda timsolida harb san’ati, harbiy hiylalar, jang sahnalari tasviri yetakchi o‘rin tutishi asoslangan;
XX asr o‘zbek she’riyatining eng sara asarlarida Navoiy obrazining lirik talqinida ijroviy lirika va avlodlar yuzlashuvi tasviri ustuvorligi, tuyg‘ular kolliziyasi, ko‘chim va ramziy-falsafiy talqinlar yetakchilik qilishi dalillangan;
Oybekning “Navoiy”, Omon Muxtorning “Navoiy va rassom Abulxayr”, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlaridagi epik talqinlarda davr va qahramon muammosi asosiy o‘rin tutishi, obrazlar galereyasi hamda voqeliklar zanjiridagi keng ko‘lamlilik asosida xarakterning, ruhiyat olamining tadrijiy rivoji aniqlangan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Navoiy obrazining lirik va epik talqinini tadqiq etish bo’yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarixiy shaxs obrazi psixologik aspektda ijodkor inson konsepsiyasi kontekstida tadqiq etilgani, tarixiy shaxslar obrazini yaratishdagi o‘ziga xoslik hukmdor shaxs, mutafakkir, ijodkor inson, olim, sarkarda, harb kishisi kabi tavsifiy yondashuvlarga doir xulosa va natijalardan F3-2016-0908165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi 2017-2020-yillarda bajarilgan fundamental loyiha doirasida ijodiy qobiliyatni rivojlantirish muammolari yechimlarini topishda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston pedagogika ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpoq filialining 2022-yil 12-dekabrdagi 366-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy adabiyot vositasida yoshlarning adabiy-estetik didini, ijodkorlik qobiliyatini o‘stirishning nazariy va amaliy jihatlariga doir tizimli xulosalar chiqarish imkoniyati yaratilgan;
Oybekning “Navoiy”, Omon Muxtorning “Navoiy va rassom Abulxayr”, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlaridagi epik talqinlarda davr va qahramon muammosi asosiy o‘rin tutishi, obrazlar galereyasi hamda voqeliklar zanjiridagi keng ko‘lamlilik asosida xarakterning, ruhiyat olamining tadrijiy rivojiga doir natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatida yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, yoshlarda mutolaa madaniyatini, badiiy adabiyotdagi tarixiy shaxs obrazi talqinlari vositasida yosh avlodda vatanparvarlik ruhini oshirish, ularda kreativ qobiliyatni rivojlantirish, ijodiy g‘oyalar, ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, adabiy-estetik tafakkurni takomillashtirish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun ma’ruzalar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar agentligining 2022-yil 21-dekabrdagi 02.22/721-son ma’lumotnomasi). Natijada chora-tadbirlar rejasi va targ‘ibot ma’ruzalari ilmiy asoslar, yoshlar ruhiyatiga xos estetik ta’sirli va samarador tahliliy materiallar bilan boyitilgan;
XX asr o‘zbek she’riyatining eng sara asarlarida Navoiy obrazining lirik talqinida ijroviy lirika va avlodlar yuzlashuvi tasviri ustuvorligi, tuyg‘ular kolliziyasi, ko‘chim va ramziy-falsafiy talqinlar yetakchilik qilishi xususidagi xulosa va natijalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi qoshidagi “Oltin qalam” adabiy to‘garagi faoliyatida foydalanilgan. (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 11-martdagi 14-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarda ijodiy fikrlash, adabiy-estetik tafakkurida o‘sish kuzatildi, ijodiy malakasini oshirish sifati yaxshilandi.