Yadgarov Akram Akbarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Agrosanoat majmui korxonalari faoliyatini sug‘urtalash metodologiyasini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Iqt781.
Ilmiy maslahatchi: Burxanov Aktam Usmanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi DSc.03/10.12.2019.I.16.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidaxror Saidaxmedovich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Qo‘zieva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Umarov Sunatulla Abdullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui korxonalari faoliyatini sug‘urtalash metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
agrosanoat majmuida paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini yetishtirishga beriladigan imtiyozli kreditlarning 4 foizi miqdoridagi sug‘urta xarajatlarini tijorat banklari tomonidan qoplanishini sug‘urta tashkilotiga o‘tkazish taklifi asoslangan;
chorva hayvonlarini sug‘urtalash tartibiga yangi paydo bo‘lgan yoki keng tarqalayotgan kasallik turlarini kiritib borish va aktuar hisoblar natijasida tabaqalashgan sug‘urta tariflarini joriy etish asosida sug‘urta qamrovini 20 foizgacha oshirish taklifi asoslangan;
sug‘urtalangan qishloq xo‘jaligi ekinlari va boshqa sug‘urtalangan ob’ektlar holati baholashda raqamli geoaxborot tizimi texnologiyalaridan foydalanish asosida monitoring sarflarini 25-50 foizgacha qisqartirish orqali sug‘urta xarajatlarini kamaytirish metodologiyasi taklif etilgan;
agrosanoat majmui korxonalarini sug‘urtalashda indeks sug‘urtalash (qurg‘oqchilik, ekstremal yog‘inlar, muzlamali kunlar, issiqlik stress indekslari) ni joriy etishda xavflar darajasi bo‘yicha “xavfsiz” (0-1 oraliqda), “kuchsiz xavfli” (1-2 oraliqda), “o‘rta xavfli” (2-3 oraliqda), “kuchli xavfli” (3-4 oraliqda), “juda kuchli xavfli” (4-5 oraliqda) taqqoslash koeffisentlari asosida shkalali baholash uslubiyoti taklif etilgan;
“O‘zagrosug‘urta” AJ ning daromadi sifatida sug‘urta mukofotlari tushumi hajmi o‘zgarish¬larining 2028 yilga qadar prognoz qiymatlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui korxonalari faoliyatini sug‘urtalash metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflari asosida:
agrosanoat majmuida qishloq xo‘jaligi tavakkalchiligini sug‘urtalashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmonining 30-maqsadida va 2022 yil –“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturining 136-bandida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-dekabrdagi 694-sonli “Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarorning 5-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2023-yil 13 martdagi 04/1-11-360-son ma’lumotnomasi, “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi 2022-yil 12-apreldagi №1016-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 28-dekabrdagi 04/28-28-9903-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur taklif asosida ishlab chiqilgan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi korxonalari, xususan, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati, xo‘jaliklarning mulkiy manfaatlari himoyasi hamda iqtisodiy samaradorligini va moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilgan;
agrosanoat majmuida paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini yetishtirishga beriladigan imtiyozli kreditlarning 4 foizi miqdoridagi sug‘urta xarajatlarini tijorat banklari tomonidan qoplanishini sug‘urta tashkilotiga o‘tkazish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 28-dekabrdagi 04/28-28-9903-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida agrar tarmoqda paxta xom ashyosi, boshoqli don ekinlari, meva-sabzavotchilik, uzumchilik hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash bilan birga hududlarning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda tabaqalashgan sug‘urta tariflarining joriy etilishi sug‘urtalanuvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari sonining 30 foizgacha ortishiga imkon yaratgan;
chorva hayvonlarini sug‘urtalash tartibiga yangi paydo bo‘lgan yoki keng tarqalayotgan kasallik turlarini kiritib borish va aktuar hisoblar natijasida tabaqalashgan sug‘urta tariflarini joriy etish asosida sug‘urta qamrovini 20 foizgacha oshirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 28-dekabrdagi 04/28-28-9903-son ma’lumotnomasi, “O‘zagrosug‘urta” AJ ning 2023-yil 9-martdagi 01-07/374-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning joriy etilishi hududlar kesimida sug‘urtalanadigan chorva mollari sonini o‘rtacha yiliga 2,5 foizga va sug‘urta qamrovi 20 foizga oshirish imkonini bergan;
sug‘urtalangan qishloq xo‘jaligi ekinlari va boshqa sug‘urtalangan ob’ektlar holatini baholashda raqamli geoaxborot tizimi texnologiyalaridan foydalanish asosida monitoring sarflarini 25-50 foizgacha qisqartirish orqali sug‘urta xarajatlarini kamaytirish metodologiyasidan foydalanish taklifi “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatiga joriy etilgan (“O‘zagrosug‘urta” AJ ning 2023-yil 9-martdagi 01-07/374-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning joriy etilishi agrosanoat majui korxonalarini sug‘urtalashda raqamli GAT texnologiyalarini joriy etish orqali sug‘urtalanadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili holatini monitoring qilishda sug‘urta xarajatlarini 25-50 foizgacha qisqarishiga xizmat qilgan;
agrosanoat majmui korxonalarini sug‘urtalashda indeks sug‘urtalash (qurg‘oqchilik, ekstremal yog‘inlar, muzlamali kunlar, issiqlik stress indekslari)ni joriy etishda xavflar darajasi bo‘yicha “xavfsiz” (0-1 oraliqda), “kuchsiz xavfli” (1-2 oraliqda), “o‘rta xavfli” (2-3 oraliqda), “kuchli xavfli” (3-4 oraliqda), “juda kuchli xavfli” (4-5 oraliqda) taqqoslash koeffisentlari asosida shkalali baholash uslubiyotidan foydalanish taklifi “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatiga joriy etilgan (“O‘zagrosug‘urta” AJ ning 2023-yil 9-martdagi 01-07/374-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning joriy etilishi natijasida, qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashda raqamli xaritalarni joriy etilishi, indeks sug‘urtalash bo‘yicha ishlab chiqilgan baholash shkalasi va raqamli xaritalar bevosita ob-havo indeksiga ko‘ra, sug‘urta xavflarini aniqlashda samarali vosita sifatida zamonaviy texnologiyalar va usullar orqali sug‘urta xarajatlarini 20 foizgacha qisqartirishga erishilgan;
“O‘zagrosug‘urta” AJning daromadi sifatida sug‘urta mukofotlari tushumi hajmi o‘zgarish-larining 2028-yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz qiymatlaridan agrosanoat majmui korxonalari faoliyatini sug‘urtalashning istiqbol mo‘ljallarini belgilashda foydalanilgan (“O‘zagrosug‘urta” AJ ning 2023-yil 9-martdagi 01-07/374-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida agrosanoat majmui korxonalari faoliyatini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotlari tushumini 2028 yilgacha pessemistik senariy bo‘yicha 1,78 barobarga, realistik senariy bo‘yicha 3,53 barobarga, optimistik senariy bo‘yicha 5,55 barobarga orttirish imkoni yaratilgan.