Nishonova Asal Yakubjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent viloyati sharoitida qovun (Melo Adans L.) etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish”, 06.01.06 – Sabzavotchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Qx966.
Ilmiy rahbar: Buriev Xasan Chutbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Dusmuratova Saodat Ismoilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyati sharoitida qovunning turli muddatlarda pishib etiladigan navlarini etishtirishda resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llashni agrobiologik, xo‘jalik, ekologik va iqtisodiy samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati sharoitida qora plyonka bilan mulchalangan maydonlarda qovun navlarini morfobiologik (vegetatsiya davomiyligi, o‘sish-rivojlanishi, ildiz, poya vazni, barg soni va sathi) va qimmatli xo‘jalik (tezpisharligi, hosildorligi, mahsulotning sifat ko‘rsatkichlari) belgilari aniqlangan;
resurstejamkor texnologiya asosida tezpishar (75 kun), yuqori hosilli (26,3-29,7 t/ga) va nitrat miqdori kam bo‘lgan (102,8-108,2 mg/kg) sifatli mahsulot olish uchun ushbu ekinlarni maqbul ekish muddati (30-aprel, havo harorati 22,4 ºS, tuproq harorati 25,3 ºS) aniqlangan;
“Kichkintoy” va “Kok tinni 1087” navlarini vegetatsiya davri davomida tomchilatib sug‘orilganda 1718,3-1994,5m3, ya’ni 49-50% gacha suv sarfi tejalganligi isbotlangan;
resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llashda qovun dalalarida begona o‘tlar soni 52,0-52,8 % ga, fuzarioz kasalligi 6,0-6,5 %.ga qisqarib, ekin maydonlarining ekologik holati yaxshilanganligi va o‘rganilgan navlarda hosildorlikdan olingan o‘rtacha rentabellik darajasi nazoratga nisbatan 26,0-46,0 %.ga oshganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyati sharoitida qovun etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun “Toshkent viloyati sharoitida qovun etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish” bo‘yicha tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 07/33-04/8652 son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma qovun ekinini resurstejamkor texnologiyalar asosida etishtirish maqsadida tomorqa er egalari, sabzavot-polizchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarida amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
qovunning “Kichkintoy” va “Kok tinni 1087” navlari ko‘chatlarini har xil (shaffof va qora) plyonkalar bilan mulchalab etishtirish ishlanmasi Toshkent viloyati Bo‘ka tumani “Nodir Elbek Bo‘ston” fermer xo‘jaligida 0,10 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 07/33-04/8652 son ma’lumotnomasi). Natijada qovunni an’anaviy (plyonkasiz) etishtirilganga nisbatan tezpisharligi, maydon birligidan ko‘chat tutuvchanligi 4-5 barobar yuqori bo‘lganligi, begona o‘tlar bilan ifloslanish darajasining 70-80 %.ga pasayganligi, ertaroq hosilga kirganligi va umumiy hosildorlik shaffof plyonka bilan etishtirilganda 23 t/ga, sof daromad 62 mln.so‘mni, rentabellik darajasi 117 %.ni, qora plyonka bilan esa 25 t/ga, sof daromad 70 mln.so‘m, rentabellik darajasi 127 %.ni tashkil etgan;
qovun navlarini resurstejamkor texnologiya asosida etishtirishning ekish muddatlariga ta’siri ishlanmasi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasida 3,6 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 07/33-04/8652 son ma’lumotnomasi). Natijada aprel oyining uchinchi o‘n kunligida ekilganda 27 t/ga hosil etishtirilgan. Iqtisodiy samaradorlik 135 mln/so‘m, sof daromad 75 mln.so‘mni va rentabellik darajasi nazorat variantiga (aprel oyining ikkinchi o‘n kunligi) nisbatan o‘rtacha 15-20 %.ga yuqori bo‘lgan;
“Kichkintoy” va “Kok tinni 1087” navlari ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida etishtirish ishlanmasi Sirdaryo viloyati Guliston tumani “Guliston elita urug‘chilik xo‘jaligi” MChJda 0,10 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 07/33-04/8652 son ma’lumotnomasi). Natijada qovunni an’anaviy (egatlab) usulda etishtirishga nisbatan ekin hosildorligining 40-60 % ortishi va hosil sifatining yaxshilanishi; suv resurslari 20-80 %.gacha tejalishi; agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish uchun sarflanadigan moddiy va mehnat resurslarining 35-50 %.gacha kamayishi; ekinni oziqlantirish uchun sarflanadigan o‘g‘itlarning 50 %.gacha miqdorda kamayishi natijasida “Kichkintoy” navidan 27,5 t/ga hosil olinib, iqtisodiy samaradorlik 137 mln/so‘m, sof daromad 70 mln/so‘m va rentabellik darajasi 108 %.ni, “Kok tinni 1087” navidan 32 t/ga hosil olinib, iqtisodiy samaradorlik 224 mln/so‘m, sof daromad 120 mln/so‘m va rentabellik darajasi 115 %.ni tashkil etgan;
qovun etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish ishlanmasi Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi Axborot maslaxat markazi (Extension center) DUKda 0,06 gektarga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 07/33-04/8652 son ma’lumotnomasi). Natijada hosildorlik “Kichkintoy” navidan 24 t/ga, sof foyda 70 mln.so‘m, rentabellik 140 %.ni, “Kok tinni 1087” navidan 28 t/ga, sof foyda 110 mln.so‘m, rentabellik 128 % ni tashkil etgan.