Norqulov Musurmon Norbayivichning
falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tog‘ va tog‘oldi yaylovlaridan samarali foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish (Qashqadaryo viloyati misolida)”, 06.01.10 - Yer tuzish, kadastr va er monitoringi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx642
Ilmiy rahbar: Ruzmetov Maksud Ismoilovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: «O‘zdavyerloyiha» davlat-ilmiy loyihalash instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/04.03.2022.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Avezbaev Sadulla, iqtisod fanlari doktori, professor; Namozov Normamat Choriyevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, docent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tog‘ va tog‘oldi yaylov hududlarining geobotanik holatini aniqlash orqali yaylov erlaridan samarali foydalanish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tog‘ va tog‘oldi yaylov pog‘onalari geobotanik holatida salbiy o‘zgarishlar ro‘y berganligi, o‘simliklar hosildorligi so‘nggi 30 yilda o‘rtacha 3,8 s/ga dan 2,9 s/ga ga (-0,9 s/ga) kamayganligi, 1 ta shartli mol boshi soniga to‘g‘ri keladigan maydon ulushi esa 15,9 gektardan 20,4 gektarga (+4,5) ko‘payganligi asoslangan;
ilk bor Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tog‘ va tog‘oldi yaylov pog‘onalari hududida tabiiy va antropogen omillar ta’sirida degradatsiyaga uchragan maydonlar «kuchsiz», «o‘rtacha» va «kuchli» darajalarga ajratilgan hamda elektron raqamli xaritasi yaratilgan;
degradatsiyaga uchragan tog‘ va tog‘oldi yaylovlarini qayta tiklash uchun ozuqabop yaylov o‘simlik turlaridan izenning (Kochia prostrata (L.) Srad). «Otavniy» va «Sahro» navlari ekish va ko‘paytirish istiqbolli ekanligi asoslangan;
yer tuzish loyihalari asosida istiqbolli izen o‘simligini sun’iy agrofitotsenoz tashkil etish orqali yiliga o‘rtacha 3 barobardan qo‘shimcha turli darajada degradatsiyaga uchragan yaylov maydonlari qayta tiklanishi mumkinligi isbotlangan.
degradatsiyaga uchragan tog‘ va tog‘oldi yaylovlari ozuqabop izen o‘simligi bilan qayta tiklangandan so‘ng, 1-2 yillari noyabr-fevral oylarida, 3-yildan keyin chorva mollarini almashlab boqish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tog‘ va tog‘oldi yaylovlaridan samarali foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«O‘zbekistonning tabiiy yaylov va pichanzorlarida geobotanik tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma»si ishlab chiqilgan va respublika hududidagi 21,1 mln gektar yaylovlarida geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish uchun amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-oktabrdagi 04/30-04/7776-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikaning yaylov erlari kadastrining yuritilishi, yaylov erlarning meyoriy qiymatini aniqlash va yaylovlardan samarali foydalanishda ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
«Tabiiy yaylovlar o‘simliklarining monitoringini yuritish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘llanma» ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-oktabrdagi 04/30-04/7776-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikadagi tabiiy yaylovlar to‘g‘risidagi miqdoriy va sifatga doir ma’lumotlar haqida axborot to‘plash, ularning holatini baholash va prognoz qilish, salbiy jarayonlarni aniqlash hamda bartaraf etish monitoringini yuritishda hamda ulardan samarali foydalanishda ilmiy-uslubiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi tog‘ va tog‘oldi yaylovlarining massivlar uchun 1:25000 va tumanlar hududi uchun 1:100 000 masshtabli elektron raqamli «Geobotanik xarita»larini yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-oktabrdagi 04/30-04/7776-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikadagi yaylov erlarining aniq hisobini yuritish, degaradatsiyaga uchragan yaylovlar maydonini aniqlash, birlamchi yaylov urug‘chilik maydonlarini tashkil qilish va chorva mollarini almashlab boqish imkonini bergan hamda «Yaylov erlari monitoring tizimi» portalini ma’lumotlar bilan ta’minlashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tog‘ va tog‘oldi yaylovlarining 1:25 000 masshtabli elektron raqamli «Yaylovlarning suv bilan ta’minlanganlik xaritasi» tuzilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-oktabrdagi 04/30-04/7776-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaylov erlaridan foydalanuvchilar uchun chorva mollarini rejali joylashtirish va ularni boqish imkonini bergan.
izenning (Kochia prostrata (L.) Srad.) «Otavniy» va «Sahro», tereskenning (Ceratoides eversmanniana Botsch, et Ikonn) «To‘lqin», erkak o‘tning (Agropyron desertorum Gaertn.) «Ishonch» va shuvoqning (Artemisia diffusa) «Oq shuvoq» navlari Qashqadaryo viloyati Dehqonobod o‘rmon xo‘jaligida 2,0 gektar maydonda istiqbolli navlarning birlamchi urug‘chiligi pilot uchastkasi tashkil qilingan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 25-oktabrdagi 04/30-04/7776-son ma’lumotnomasi). Natijada, degradatsiyaga uchragan yaylov erlarini qayta tiklashga, ozuqabop o‘simliklarni ko‘paytirishga va ekinzorlarni barpo qilishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish