Toshmurodov Yorqin Qaxramonovichning 
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): 
“Har xil vazifadagi ikki koordinatli – sezuvchan Si(Li) detektorlarni ishlab chiqish”, 
01.04.10 – Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/FM181
Ilmiy maslahatchi: Muminov Ramizulla Abdullayevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.03/30.12.2019.FM/T.01.12 
Rasmiy opponentlar: Raxmatov Axmadjon Zaynidinovich, texnika fanlari doktori, professor, Raxmanov Anvarjon Tojiboyevich, texnika fanlari doktori, professor, Dauletmuratov Buribay Koptleuovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Katta diametrli kremniy monokristallari asosida yadroviy nurlanishli yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan Si(Li) strukturali detektorlarni ishlab chiqish texnologiyasini hamda ularning elektrofizik, radiometrik xarakteristikalarini optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
diametri 100÷120 mm ega bo‘lgan boshlang‘ich monokristall kremniy plastinasida mexanik va kimyoviy ishlov berishning texnologik jarayonlari takomillashtirilgan, natijada olinayotgan namunalarda sirtiy nuqsonlar 75 % ga kamaygani aniqlangan; 
yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarni tayyorlashda ikki tomonlama diffuziya jarayoni amalga oshirilgan, natijada litiy ionlarining kremniy namunasi hajmi bo‘yicha bir xil taqsimlashga va diffuziya vaqtini ikki marta kamaytirishga olib kelishi aniqlangan;
diametri 100÷120 mm bo‘lgan monokristall kremniydan foydalanilgan holda ikki koordinatli-sezuvchan detektorlar elektrofizik kattaliklarini yaxshilash maqsadida ikki tomonlama dreyf va qo‘shimcha surilish dreyf texnologik jarayonlari amalga oshirilgan, natijada dreyf jarayoni vaqti 4 martagacha qisqarishga erishilgan va litiy ionlarining bir xil kompensatsiyaga ega i-soha hosil bo‘lishi aniqlangan;
yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarning radiometrik kattaliklarni impulsli elektr maydon orqali yaxshilash usuli ishlab chiqilgan;
katta o‘lchamli kremniy plastinasida yuqori sifatli Si(Li) p-i-n struktura hosil qilingan va ushbu struktura asosida 8 tasmali ikki koordinatli-sezuvchan detektorlar yaratilgan;
110-120 mm diametrli yarimo‘tkazgichli monokristall kremniyli asosida Si(Li) p-i-n strukturali ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarni tayyorlashning texnologik marshrut xaritasi ishlab chiqilgan;
yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarining yadroviy nurlanishlarni qayd qilish darajasi 30 foizga ortishi aniqlangan;
ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarning har bir koordinatasi bo‘yicha elektrofizik va spektrometrik kattaliklarini sezgirligi 3-5 % farq qilishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi
Katta diametrli kremniy monokristallari asosida yadroviy nurlanishli yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlar ishlab chiqish texnologiyasini va ularning funksional xarakteristikalarining xususiyatlarini aniqlash asosida:
kremniy asosida katta o‘lchamli yadroviy nurlanishlarni qayd qiluvchi ikki koordinatli – sezuvchan detektorlarning funksional xarakteristikalarini kengaytirish imkoniyatlarini aniqlashda; monokristall kremniy asosida yadroviy nurlanishli yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli - sezuvchan detektorlarning texnologik jarayonlarini mukammallashtirish usullari ishlab chiqilgan; kremniyli p-i-n-struktura asosida katta o‘lchamli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlar parametrlarini yaxshilash yo‘llari aniqlanilgan va ularning spektrometrik xarakteristikalari optimallashtirilgan (“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasining 2021-yil 29-sentabrdagi 04-3/1854 sonli ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan detektorlarni elektrofizik va radiometrik kattaliklarini yaxshilashda, hamda, yadroviy nurlanishlarni qayd etishda qurilmaning ishlash sifatini oshirish imkonini bergan;
yarimo‘tkazgichli ikki koordinatli-sezuvchan Si(Li) detektorlarini ishlab chiqishda foydalanilgan diametri 100÷120 mm bo‘lgan boshlang‘ich monokristall kremniy plastinasiga mexanik va kimyoviy ishlov berishning takomillashtirilgan texnologik jarayonlardan ko‘p zaryadli nanoklasterlarga ega bo‘lgan kremniy asosida h=0,12÷0,8 eV energiyali fotonlarni qayd qiluvchi 0,5 sm2 yuzali fotoqabulqilgichlarni tayyorlashda, mexanikaviy va kimyoviy ishlov berishning takomillashtirilgan texnologiyalarini qiyosiy baholash va taqqoslash hamda ilmiy asosli xulosalar chiqarishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 17 oktabrdagi 84-03-61-sonli ma’lumotnomasi). Mexanik va kimyoviy ishlov berishning takomillashtirilgan texnologiyasidan foydalanish natijasida namunalardagi sirtiy nuqsonlar miqdori 75 % ga kamaytirish imkoni yaratilgan; 
kirishma ionlari taqsimlanish kompensatsiyasini yaxshilash maqsadida qo‘shimcha surilish dreyf jarayonining davomiyligini nazorat qilish va yarimo‘tkazgichli detektorlar tayyorlash uchun kremniy strukturalarida diffuziya jarayoni vaqtini ikki marta kamaytirish va litiy ionlarini kremniy hajmida bir xil taqsimlanish imkonini beruvchi ikki tomonlama diffuziya usulidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021-yil 26-noyabrdagi 2/1255-3309 sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalardan foydalanish diffuziya va qo‘shimcha surilish dreyfi jarayonlari o‘tkazilishida detektorlarning yadroviy nurlanishlarni qayd qilish darajasini 30 foizga oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish