Maxkamov Durbek Nematovichning
fan doktori dissertatsiya (DSc) himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishni huquqiy tartibga solish masalalari», 12.00.06 – Tabiiy resurslar huquqi. Agrar huquq. Ekologik huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Yu144.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Usmonov Muxammadi Baxritdinovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Xolmo‘minov Jumanazar Toshtemirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Safarov Jahongir Ismailovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Narzullayev Olim Xolmamatovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishni huquqiy tartibga solishni nazariy va amaliy nuqtai nazardan ochib berish, ushbu sohadagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘simlik dunyosi ob’yektlariga qonunga xilof ravishda zarar yetkazilgan holatni foto yoki videoyozuvlarini yuborish hamda rag‘batlantirish orqali o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, shu jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurati asoslangan;
haydovchilar tomonidan o‘simlik dunyosi ob’yektlariga zarar yetkazmaslikni ta’minlash majburiyatini qonunchilikda aniq belgilab qo‘yish orqali o‘simlik dunyosi ob’yektlari o‘sadigan muhitni saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash lozimligi asoslab berilgan;
o‘simlik dunyosining kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar turlarini muhofaza qilish, Botanika bog‘larining huquqiy maqomi, kamayib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik turlarini tabiiy muhitdan ajratib olish qonun bilan belgilanish kerakligi asoslantirilgan;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishda kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik dunyosi ob’yektlarini muhofaza qilishning alohida huquqiy rejimini belgilash asoslab berilgan;
o‘simlik dunyosi ob’yektlari bo‘yicha olingan monitoring ma’lumotlarini tizimlashtirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda o‘simlik dunyosi ob’yektlarini davlat kadastrini yuritish mexanizmini huquqiy ta’minlash zarurligi asoslangan;
o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanishni nazorat qiluvchi davlat organlarining funksiyalarini qonunchilikda mustahkamlash hamda Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi o‘simliklardan foydalanish tartibini takomillashtirish va ulardan foydalanishda ruxsat berish mexanizmini huquqiy ta’minlash zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
o‘simlik dunyosi ob’yektlariga qonunga xilof ravishda zarar yetkazilgan holatni foto yoki videoyozuvlarini yuborish hamda rag‘batlantirish mexanizmiga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022-yil 7-apreldagi 165-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqida nizomning 15-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022-yil 3-avgustdagi 12/21-50-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi o‘simlik dunyosini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning sifatli ijrosini tashkil etish hamda ushbu sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashishga xizmat qilgan;
haydovchilar tomonidan o‘simlik dunyosi ob’yektlariga zarar yetkazmaslikni ta’minlashga doir taklifdan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 125-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022-yil 3-avgustdagi 12/21-50-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi o‘simlik dunyosi ob’yektlarining yashash muhitini saqlab qolishning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga hamda yo‘l bo‘ylarida o‘sayotgan o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga xizmat qilgan;
o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda tabiiy hududlar, jumladan Botanika bog‘larining huquqiy maqomini belgilash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga oid berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 18 va 31-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2016-yil 4-noyabrdagi 04/4-04-189/2 son dalolatnomasi). Mazkur taklif o‘simlik dunyosini genefondini saqlash, kamyob o‘simliklarning turlarini sun’iy yaratilgan sharoitda o‘rganish, iqlimga moslash, ko‘paytirish, ilmiy hamda o‘quv ishlarini olib borish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish bo‘yicha bilimlarni targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishda kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik dunyosi ob’yektlarini muhofaza qilishning alohida huquqiy rejimini belgilashga oid taklif Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-maydagi 282-son qarori bilan tasdiqlangan Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma zonalari to‘g‘risida nizomning 9-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021-yil 9-dekabrdagi 12/21-53-son dalolatnomasi). Bildirilgan taklif natijasida o‘simlik dunyosini muhofaza qilish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma zonalarida uning salbiy tas’sir ko‘rsatadigan faoliyatni cheklash yoki ta’qiqlash uchun yer uchastkalarni saqlash vazifasi belgilangan;
o‘simlik dunyosi ob’yektlari bo‘yicha olingan monitoring ma’lumotlarini tizimlashtirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda o‘simlik dunyosi ob’yektlarini davlat kadastrini yuritish mexanizmini ta’minlashga oid taklif Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 343-son qarori bilan tasdiqlangan dasturda o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021-yil 9-dekabrdagi 12/21-53-son dalolatnomasi). Ushbu taklif natijasida tegishli davlat organlari tomonidan o‘simlik dunyosi ob’yektlarini tabiiy ekotizmlardan kelib chiqqan holda monitoringini amalga oshirish, monitoring ma’lumotlarini Yagona davlat kadastr tizimiga kiritish kabi muhim vazifalarni bajarishi belgilangan;
o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanishni nazorat qiluvchi davlat organlarining funksiyalarini qonunchilikda mustahkamlash hamda Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi o‘simliklardan foydalanish tartibini takomillashtirish va ulardan foydalanishda ruxsat berish mexanizmini huquqiy ta’minlashga oid takliflar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanish va o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 69-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021-yil 9-dekabrdagi 12/21-53-son dalolatnomasi). Ushbu taklif o‘simlik dunyosi ob’yektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni ko‘paytirish yuzasidan davlat nazoratini tizimli ravishda amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilgan.