Xurramov Musurman Keldiyorovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “1991 – 2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar evolusiyasi”, 07.00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Tar1206.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Qodir Asadovich, siyosiy fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc/03/29.12.2022/Ss/Tar.21.02.
Rasmiy opponentlar: Mavrulov Abduxalil Abdulhaevich, tarix fanlari doktori, professor; Nayimov Otabek Mardonovich, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991 – 2016 yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning tadrijiy rivojlanishi tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘rganilgan davr mobaynida o‘zbek-qozoq siyosiy munosabatlari dinamikasi tashqi kuchlarning Markaziy Osiyo mintaqasini o‘z ta’sir doirasida tutishga urinishi hamda davlatlar o‘rtasida transchegaraviy suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, tovarlarni olib kirish va olib chiqishda asossiz tarif va notarif to‘siqlarni qo‘llash kabi muammolarning saqlanib qolishi tufayli bir maromda rivojlanmay, yillar davomida o‘ziga xos tarzda tebranib turganligi, shunga qaramay ikki mamlakat munosabatlarida konfliktogen unsurlar kuzatilmaganligi dalillangan;
 mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston va Qozog‘istonning chegara oldi hududlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik munosabatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishiga turtki bergan asosiy omillardan biri bo‘lganligi aniqlangan;
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivoji o‘zbek va qozoq xalqlarining tarixiy, geografik, madaniy va til jihatdan yaqinligiga, ayniqsa davlat rahbarlarining roli va xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lganligi asoslab berilgan;
mustaqillikning dastlabki o‘n yilligi mobaynida ikki mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmining keskin pasayishi, ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hronlar, davlatlar o‘rtasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar kun tartibida iqtisodiy soha yetakchi o‘rinni egallaganligi sababli madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar muntazamlik kasb etmay, ko‘pincha bir martalik tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylanganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar evolusiyasiga oid izlanishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:
O‘zbek-qozoq siyosiy munosabatlari dinamikasi mintaqada vujudga kelgan geosiyosiy vaziyat, davlatlar milliy rivojlanish strategiyalaridagi tafovut, tashqi kuchlarining aralashuvi hamda davlatlar o‘rtasida hal etilmagan muammolarning saqlanib qolishi kabi holatlar tufayli bir maromda rivojlanmay, yillar davomida o‘ziga xos tarzda tebranib turganligi, shunga qaramasdan ikki mamlakat munosabatlarida konfliktogen unsurlar kuzatilmaganligiga oid ma’lumotlar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2022-yil 9-avgustdagi 455-14-567-son ma’lumotnomasi). Natijada davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashning ahamiyatini aholining keng qatlamiga yetkazishda qo‘shimcha ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qilgan; 
O‘zbekiston va Qozog‘istonning chegara oldi hududlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik munosabatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishiga turtki bergan asosiy omillardan biri bo‘lganligi aniqlanib, ikki tomonlama munosabatlar rivoji o‘zbek va qozoq xalqlarining tarixiy, geografik, madaniy va til jihatdan yaqinligiga, ayniqsa davlat rahbarlarining roli va xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lganligi asoslanib, ikki mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmining keskin pasayishi, ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hronlar, davlatlar o‘rtasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar kun tartibida iqtisodiy soha yetakchi o‘rinni egallaganligi sababli madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar muntazamlik kasb etmay, ko‘pincha bir martalik tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylanganligi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirish va yanada mustahkamlashda parlamentlarning rolini oshirish bo‘yicha ilgari surilgan ilmiy va amaliy takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-sentabrdagi 481-IV/KQ-132-IV-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Parlament diplomatiyasi Konsepsiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining 2022-yil 30-avgustdagi 04/6-10-71-son ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni izchil rivojlantirish va yanada mustahkamlashda Parlamentning rolini oshirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish