Turayeva Dilfuza Daminovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek va rus tillarida tasviriy birliklar tipologiyasi va o‘zaro tarjimasi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyoshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2127.
Ilmiy rahbar: Mengliyev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Kiselyov Dmitriy Anatolyevich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Qulmamatov Do‘smamat Sattarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hozirgi zamon o‘zbek va rus tilidagi tasviriy birliklarning tipologik xususiyatlari, doimiy qo‘llanish me’yorini ko‘rsatuvchi semantik va kontekstual tavsifini berish, tarjima muammolarini ochib berish va leksikografik talqinidagi o‘ziga xosliklarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasviriy birliklarning funksional imkoniyatlari, kommunikativ va derivativ xarakteri, matn rivoji doirasida voqelanishi va matn hosil qilish qonuniyatlari bilan belgilanishi, mazkur jarayon natijasi sifatida tasviriy birlikning ikkilamchi mahsulot ekanligi asoslangan;
tasviriy birliklarning birma’nolilik va ko‘pma’noliligi, neytral va emotsionalligi, kontekstga bog‘liq va bog‘liq emasligida namoyon bo‘ladigan ichki qarama-qarshiliklarga ularning turli matnlar doirasida kontekstual va derivatsion mazmun kasb etish, turli kontekstlarda ta’riflanishga ehtiyoj sezish va sezmaslik tabiati sabab bo‘lishi aniqlangan;
milliy-madaniy manzarani ifodalashda millatga xos bo‘lgan maxsus tasviriy birliklar, realiyalar tarjimasida transliteratsiya, eksplikatsiya, generalizatsiya, kompensatsiya usullarining birlamchi qiymat kasb etishi dalillangan;
tasviriy birliklarning fonetik, leksik, morfologik va sintaktik xususiyatlari o‘zbek tili milliy korpusining leksik-semantik munosabatdosh birliklar bazasini yaratish, milliy korpus asosida parallel tillar korpusini takomillashtirish bilan shartlanganligi mazkur lisoniy birliklarni aniqlash orqali parallel korpus lingvistik ta’minotini yaratish imkoniyatining ustuvorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va rus tillarida tasviriy birliklar tipologiyasi va o‘zaro tarjimasini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tasviriy birliklarning funksional imkoniyatlari, kommunikativ va derivativ xarakteri, matn rivoji doirasida voqelanishi va matn hosil qilish qonuniyatlari bilan belgilanishi, mazkur jarayon natijasi sifatida tasviriy birlikning ikkilamchi mahsulot ekanligiga oid nazariy xulosalardan Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi”; FA-F1-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obyekti sifatida” mavzusidagi fundamental loyihalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022-yil 17-yanvardagi 17.01/198-son ma’lumotnomasi). Natijada tasviriy birliklar tarjimalarning muvaffaqiyatli tomonlarini aniqlash, tillararo tafovutlar milliy xususiyatlari va jihatlarini ochib berishga erishilgan;
tasviriy birliklarning birma’nolilik va ko‘pma’noliligi, neytral va emotsionalligi, kontekstga bog‘liq va bog‘liq emasligida namoyon bo‘ladigan ichki qarama-qarshiliklarga ularning turli matnlar doirasida kontekstual va derivatsion mazmun kasb etish, turli kontekstlarda ta’riflanishga ehtiyoj sezish va sezmaslik tabiati sabab bo‘lishiga oid nazariy xulosalardan 2018-2019 yillarda bajarilgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limida amalga oshirilgan 54-10/104 raqamli “Mitti yulduz” jilolari yoxud “Abdulla Oripov izdoshlari huzurida” mavzusidagi loyiha ishini amalga oshirishda muhim nazariy manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limining 2022-yil 25-noyabrdagi 92-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matnlarning rus tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan rus tiliga tasviriy birliklar tarjimasi amaliyotini yangi sifat darajasiga ko‘tarishga va tarjimaga doir tahrir dasturlarini ishlab chiqishga erishilgan;
tasviriy birliklarning fonetik, leksik, morfologik va sintaktik xususiyatlari, o‘zbek tili milliy korpusining leksik-semantik munosabatdosh birliklar bazasini yaratish, milliy korpus asosida parallel tillar korpusini takomillashtirish bilan shartlanganligi mazkur lisoniy birliklarni aniqlash orqali parallel korpus lingvistik ta’minotini yaratish imkoniyatining ustuvorligi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Fayzli kun” nomli dasturi senariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2022-yil 17-noyabrdagi 17-05/313-son ma’lumotnomasi). Natijasida ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ko‘rsatuvning ilmiy-ommaboplik xususiyati oshirilishiga erishilgan.