Mirxamidova Nodiraxon Azimovnaning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning konvergent duragaylash usulida olingan oilalari asosida yuqori tola sifatiga ega bo‘lgan tizmalar yaratish”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Qx510
Ilmiy rahbar: Xolmurodova Go‘zal Ruziyevna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Nabiyev Saidg‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Samarkand filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi. G‘o‘zaning murakkab va konvergent duragaylash usulida olingan oilalaridan transgressiv o‘zgaruvchanlik asosida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning yuqori darajadagi ijobiy majmuasiga ega, tola sifati IV tipga mansub yangi g‘o‘za tizmalarini yaratishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba konvergent g‘o‘za oilalarida tola sifati va boshqa xususiyatlarning chatishtirishlarda qatnashgan navlardagi geterogenligi asosida transgressiv shakllarni ajralib chiqish ko‘lamini oshirishga muvaffaq bo‘lingan;
konvergent shakllar populyasiyasida ajralib chiqqan transgressiv o‘simliklarni yakka tanlash asosida tolaning yuqori sifat ko‘rsatkichlari uyg‘unlashgan genotiplar olingan;
oilalarda tolaning sifat ko‘rsatkichlarini boshqa qimmatli xo‘jalik belgilari bilan o‘zaro korrelyasiyasini o‘rganish asosida xo‘jalik uchun foydali belgilarning ijobiy majmuiga ega bo‘lgan O-32/35, O-85/90, O- 329/30, O-325/26, O-388/91, O-521/26, O-630/32, O-634/35, O-20/19 oila va L-2019, T-379-392, T-265-279 tizmalar ajratilgan;
yuqori seleksion qiymatga ega bo‘lgan ashyolarda belgilarning shakllanishini tahlil qilish va samarali tanlovlar natijasida o‘rta tolali g‘o‘zaning barqaror genotipli L-2019, T-379-392, T-265-279 tizmalari yaratilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning konvergent duragaylash usulida olingan oilalari asosida yuqori tola sifatiga ega bo‘lgan tizmalar yaratishdagi ahamiyati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘rta tolali g‘o‘zaning barqaror genotipli tezpishar, hosildor, tola sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan T-818-824, T-1014-17, T-1133-1136, T-506-510, T-876-891 va L-2019 tizmalari yaratilgan va respublika g‘o‘za kolleksiyasi fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 oktyabrdagi №07/22-04/7981-son ma’lumotnomasi). Natijada, genetik-seleksion izlanishlarda foydalanish uchun yangi donorlar yaratish uchun tadqiqotlarda keng miqyosda foydalanish imkonini bergan;
L-2019 tizmasi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi tajriba maydonining 0,5 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 oktyabrdagi №07/22-04/7981-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zaning L-2019 tizmasi o‘rtacha 110-112 kunda pishib yetilib, tola sifati IV sanoat tipni, solishtirma uzilish kuchi 30,7 g.kuch/teks.ni, bitta ko‘sakdagi paxtaning vazni 6,5-6,9 g ni, tola chiqimi 42 foizni, hosildorligi 45,2 s/gani tashkil etgan va andoza naviga nisbatan 3,0-4,2 s/ga qo‘shimcha hosil olingan;
g‘o‘zaning o‘rta tolali yangi yaratilgan L-2019, T-876-891 va T-379-392 tizmalari Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 0,3 ga maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 oktyabrdagi №07/22-04/7981-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zaning L-2019, T-876-891 va T-379-392 tizmalari qimmatli xo‘jalik belgilarining yuqori majmuiga egaligi, tolasi IV tipga xosligi, tola uzunligi andoza navidan 2-2,5 mm ga, tolasining uzilish uzunligi 1-2 g.kuch/teks ga ustunligi va tolasini mayinligi, hosildorligi, tezpisharligi va vertisellyoz viltga bardoshliligi bo‘yicha navidan ustunlik qilib, 2,0-3,0 s/ga qo‘shimcha hosil olingan.
g‘o‘zaning yaratilgan T-265-279, L-2019, T-876-891 va T-379-392 tizmalari Andijon viloyatining Asaka tumanida 0,4 gektar maydonda, Izboskan tumanida 0,3 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 oktyabrdagi №07/22-04/7981-son ma’lumotnomasi). Natijada, tolasi IV tipga xos, tola uzunligi andoza navdan 2-2,5 mm uzun, tolaning uzilish uzunligi 1,2 g.kuch/teks ustun, tolasi mayin bo‘lib, hosildor, tezpishar va vertisellyoz vilt kasalligiga bardoshli bo‘lgan.
g‘o‘zaning yangi yaratilgan L-2019, T-818-824, T-1024-17, T-1133-1136, T-506-510, T-876-891, T-379-392 va T-265-279 tizmalarining birlamchi urug‘chilik ko‘chatzorlari tashkil etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 oktyabrdagi №07/22-04/7981-son ma’lumotnomasi). Natijada, Davlat nav sinovini tashkil etish hamda ekin maydonlarini kengaytirish uchun yetarli miqdordagi navdorligi yuqori bo‘lgan original urug‘liklari tayyorlangan.