Xidraliyeva Zoxira Riskulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):“O‘zbek tilining Iqon shevasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil2853.
Ilmiy rahbar: Ashirboyev Samixon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Musayeva Feruza To‘raxonovna filologiya fanlari bo‘iyicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Iqon shevasidan yozib olingan dialektal matnlar asosida shu shevaga xos bo‘lgan fonetik, morfologik va leksik-semantik xususiyatlarni tahlil qilish va shu arealdagi qarluq hamda boshqa o‘g‘uz shevalariga munosabatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Iqon shevasi Janubiy Qozog‘iston (Turkiston) viloyatidagi va O‘zbekiston Respublikasidagi o‘zbek shevalaridan lingvistik xususiyatlari bilan ajralib turishi, mazkur sheva ilk bor monografik tarzda tekshirilib, uning o‘ziga xos dialektal xususiyatlari aniqlangan, shu arealdagi qarluq, qipchoq shevalari bilan munosabati asoslangan;
Iqon shevasi Turkiston arealida o‘zbek tilining o‘g‘uz lahjasiga aloqadorligi aniqlangan va ilmiy adabiyotlarda keltirilgan sheva to‘g‘risidagi yanglish ma’lumotlarga aniqlik kiritilib, Iqon shevasigagina xos dialektal leksika va dialektal semantika o‘zbek adabiy tili bilan qiyoslash orqali ochib berilgan;
Iqon shevasining o‘ziga xos fonetik xususiyatlari: unlilar tizimida 9 unli fonema amal qilishi tasdiqlangani, birlamchi cho‘ziq unlilarning boshqa o‘g‘uz shevalaridan farqli ravishda, faqat birinchi bo‘g‘inda emas, balki keyingi bo‘g‘inlarda ham kela olishi, shevadagi har bir fonemaning o‘rni, fonetik qonun va jarayonlarning Iqon shevasi uchun xos bo‘lgan xususiyatlari isbotlangan;
Iqon shevasi morfologik tizimi, ayniqsa, egalik va kelishik shakllari kesishgan o‘rinlar, so‘z shakllarida qatnashadigan Iqon shevasigagina xos affiks variantlari va ularning qo‘llanishidagi qonuniyatlari dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilining Iqon shevasi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
Iqon shevasining leksik tarkibi, adabiy tilda sinonimi bo‘lgan so‘zlar hamda muqobili bo‘lmagan so‘zlar bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2018-2019-yillarda bajarilgan PZ-2017-1024335 raqamli “O‘zbek shevalarining lingvokulturologik tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida “O‘zbek shevalarining lingvomadaniy tadqiqi” monografiyasini nashr qilishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 13-dekabrdagi 04/1-3423-son ma’lumotnomasi). Natijada Iqon shevasi leksikasiga oid dialekal so‘zlar monografiyaning “O‘zbek shevalarida milliy realiyalar va lakunarlik” (68-79) paragrafida milliy realiyalar va lakunalar haqidagi nazariy fikrlarning illyustrativ misollar bilan dalillanishiga xizmat qilgan;
Iqon shevasiga xos bo‘lgan eng muhim lingvistik xususiyatlar, dialektal so‘zlarning leksik-semantik tahlili, ularning muayyan hududga xoslanganligiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan dissertant tomonidan tayyorlangan 5111200 – O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “O‘zbek dialektologiyasi” o‘quv qo‘llanmasini nashr qilishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 17-yanvardagi 04/1-100-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv qo‘llanmaning “Shevalarga xos matnlarning leksik xususiyatlari”, “ Dialektal so‘zlarni mavzuiy guruhlarga bo‘lib o‘rganish”, “O‘zbek shevalarida so‘z yasalishi”, “Badiiy asarlarda dialektizmlar va ularning turlari” kabi mavzulari faktik materiallar bilan boyitilgan;
Iqon shevasida qo‘llangan iboralar, maqol va matallarning lingvistik jihatdan tahlili, shu hudud vakillarining dialektal lisoniy manzarasi va dunyoqarashi, shu xalqqa xos madaniyat belgilarini ham aks ettirishiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Qozog‘iston o‘zbek etnomadaniyat birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati faoliyatida foydalanilgan (Qozog‘iston o‘zbek etnomadaniyat birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyatining 2022-yil 20-avgustdagi 60-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotdan olingan materiallar qozog‘istonlik o‘zbeklarning qadim va boy tarixga ega bebaho merosini (shevasini) tadqiq va targ‘ib qilishda, milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan tilimizning o‘z shakl-u shamoyili saqlangan holda kelajak avlodga yetib borishini ta’minlashga xizmat qilgan; 
O‘zbek tilining asl tabiati, jozibadorligini o‘zida to‘la namoyon etgan shevalar, uning o‘zbek tili leksikasi taraqqiyotidagi o‘rni, ayniqsa, xalq maqollari, iboralarning til birligi sifatida jonli nutqda keng qo‘llanishi, nutq madaniyatini oshirish omili hisoblanishi borasidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan efirga uzatilgan “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” radioeshittirishlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2022-yil 23-noyabrdagi 04-36-1946-sonli ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirishning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan, tilning qadriyat sifatidagi o‘rnini yoritishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish