Ernazarov Xojimurod Irsalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Eksperimental diabetik oyoq sindromida reomannisolning patogenetik jihatlarini o‘rganish» 14.00.16 – Normal va patologik fiziologiya, 14.00.27 – Xirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tib2818.
Ilmiy rahbarlar: Karimov Xamid Yakubovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ergashev Ulug‘bek Yusufjonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Zokirov Yorkin Uzuevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Baymakov Sayfiddin Risbaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tajriba sharoitida diabetik oyoq sindromini kompleks davolashda patomorfologik jihatlarni hisobga olgan holda yangi mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasining yara bitishi va endogen intoksikatsiyaga ta’sirini baholashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diabetik oyoqning poliuriya, polidipsiya klinik ko‘rinishlarini davolash, hayvonlarning holatini yaxshilash, diabetik oyoqli kalamushlarda toksik-infeksion intoksikatsiya ta’sirini kamaytirishda yangi mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasining samaradorligi isbotlangan;
o‘tkir ekssudativ yallig‘lanish belgilarining erta yo‘qolishi, distrofik, destruktiv hodisalarning kamayishi, dermis va epidermisning reparativ regeneratsiyasi belgilarining faollashishi, barcha hujayra-tolali tuzilmalarning tiklanishi, yaralarning nazoratdan 96 soat oldin bitishiga olib kelishi isbotlangan;
diabetik oyog‘i bo‘lgan kalamushlarda reomannisolning gepatoprotektiv ta’siri isbotlangan, bu jigar parenximasida distrofik va destruktiv jarayonlarning yo‘qolishi, umumiy oqsilning past darajasining oshishi, aminotransferazalar va yakuniy mahsulotlarning faolligining pasayishi bilan namoyon bo‘lishi asoslangan;
diabetik oyog‘i bo‘lgan kalamushlarda giperlipoperoksidlanish, endogen intoksikatsiya rivojlanishi, yangi mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasini qo‘llash malondiald`degidning yuqori darajasini pasaytirish, endotoksemiyaning og‘irligi kamaytirish, dekompensatsiyadan kompensatsiyaga va qoniqarli holatga erta o‘tishiga yordam berishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Eksperimental diabetik oyoq sindromida mahalliy dori vositalarining patogenetik jihatlarini baholash bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
tajriba sharoitida chaqirilgan diabetik oyoq sindromining tajriba modelida mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasining ta’siri oqibatida zaharli moddalarni erta zararsizlantirishi va yaralar hududida mikrotsirkulyasiyani yaxshilash, dezintoksikatsion, antioksidant, yaralarni davolash, mikrotsirkulyasiya va qon reologiyasini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Diabetik oyoq sindromining eksperimental modelida yangi reomannisol preparatini qo‘llash bilan kompleks davolash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 30 avgustdagi 8n-z/444-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasining organizmdagi endogen intoksikatsiyaga va diabetik oyoq sindromida yaralarni davolashga ijobiy ta’sir ko‘rsatish orqali bemorlarning xayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
eksperimental diabetik oyoq sindromida mahalliy dori vositalarining patogenetik jihatlarini baholashni takomillashtirishni asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika statsionar bo‘limi hamda «Sog‘lom umr» xususiy shifoxonasining klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 10 martdagi 08-06518-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga tadbiq etilishi diabetik oyoq sindromining eksperimental modellarida yangi mahalliy plazma o‘rnini bosuvchi dori vositasining ta’siri oqibatida tanadagi endogen intoksikatsiya mahsulotlarini erta zararsizlantirishi va tajriba hayvonlarida diabetik oyoq sindromining eksperimental modelida yaralarni erta davolash imkonini bergan.