Xoliyarov To‘lqinjon Chorshanbievich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4. PhD/Tar580.
Ilmiy rahbar: Saidboboev Zokirjon Abdukarimovich, tarix fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02. 
Rasmiy opponentlar: Qobulov Eshbolta Atamuratovich, tarix fanlari doktori, professor; Tog‘aev Jasur Erkinovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qadimgi davrdan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrdagi Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasini majmuaviy yondashuv asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shimoliy Baqtriya arxeologik yodgorliklarini ilmiy asosda o‘rganish orqali bu hududda antropogen landshaftlarning dinamik rivojlanishi natijasida urbolandshaftlar shakllanganligi, qadimgi davrdan Kushon podsholigi davriga qadar quruqlik, suv yo‘llari orqali amalga oshirilgan mahalliy va xalqaro savdo-sotiqning rivojlanganligi dalillangan;
so‘nggi yozma, arxeologik va epigrafik manbalarni qiyosiy taqqoslash orqali Baqtriya va Sug‘d tarixiy-madaniy o‘lkalarining chegarasi Oks-Amudaryodan emas, balki bevosita Janubiy Hisor tog‘ tizmasidan o‘tganligi asoslangan;
Makedoniyalik Aleksandrning O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘iga harbiy yurishlari davomida Oks-Amudaryo bo‘yida asos solingan Oks Aleksandriyasi Kampirtepa bo‘lmasdan, balki Eski Termiz o‘rnida mavjud bo‘lganligi dalillangan;
Kushon imperiyasining tarix sahnasidan ketishi IV asr oxirida emas, balki III asrning 40-50-yillarida sodir bo‘lganligi, Baqtriya o‘lkasi shu sanalardan boshlab yozma manbalarda “Kushanshahr” deb nomlanganligi aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasini tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa, taklif va tavsiyalar asosida:
Surxondaryo viloyatida joylashgan o‘rta paleolit davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrlarga oid tarixiy madaniy yodgorliklari (Teshiktosh, Amir Temur g‘ori, Machay g‘ori, Zarautsoy qoya tosh suratlari, Sopollitepa, Jarqo‘ton, Dalvarzintepa va boshqalar)ning geografik o‘rni va ma’lumotlaridan Surxondaryo viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan turizm marshrutlarini tuzishda foydalanilgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida mavjud bo‘lgan tarixiy-geografik yodgorliklarni oltita yo‘nalishda (1. Qadimgi davr odamlari makonlari bo‘ylab; 2. Bronza va ilk temir davri yodgorliklari bo‘ylab; 3. Buyuk Hind yo‘li bo‘ylab; 4. Makedoniyalik Aleksandr yurgan yo‘llar bo‘ylab; 5. Qadimgi diniy yodgorliklar bo‘ylab (ziyorat turizmi); 6. “Buyuk ipak yo‘li” manzilgohlari bo‘ylab) ilmiy turizm marshrutlarini tashkil etish taklifi inobatga olingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 100-son qarori bilan tasdiqlangan Uzoq xorij va qo‘shni respublikalardan xorijiy turistlarni qabul qilish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning “Mamlakatning buddaviylik, yahudiylik, zardushtiylikka oid ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish” bobida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2022 yil 7 fevraldagi 03-17-02/1166-son ma’lumotnomasi). Natijalardan ilmiy va ziyorat turizmini tarixiy-geografik manzillar asosida rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan;
so‘nggi yozma va arxeologiya tadqiqotlari hamda kashfiyotlarini jalb qilgan holda Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi yangicha yondashuvlar asosida ko‘rib chiqilganligi, Baqtriyaning shimoliy chegarasi muammosi ilmiy jihatdan tadqiq etilganligi, Surxondaryo viloyatida mavjud bo‘lgan tarixiy-geografik yodgorliklarining ilmiy turizm marshrutlarini tashkil etish istiqbollari to‘g‘risidagi ilmiy-tarixiy dalillar asosidagi ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 11 fevraldagi 06-31-351-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi haqida “O‘zbekiston tarixi” telekanalida turkum teleko‘rsatuvlarni tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish