Fayzixodjaeva Dilbar Irgashevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Argumentlash mantiqiy-kommunikativ nazariyasining falsafiy tahlili”, 09.00.01 – Ontologiya, gnoseologiya va mantiq (Falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fal5.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Baxtiyor Omonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.01.05.
Rasmiy opponentlar: Izzetova Emine Mustafaevna, falsafa fanlari doktori, professor; Artikov To‘lanboy Artikovich, falsafa fanlari doktori, professor; Sultanova Gulnoza Sabirovna, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi argumentlash mantiqiy-kommunikativ nazariyasining falsafiy mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
insonlar o‘rtasidagi muloqotning kommunikativ va interaksional jihatlariga ijtimoiy-psixologik, lingvistik omillar dialektik o‘zaro aloqadorligining ta’siri tushuntirish va tushunish, ishontirish va ishonish, o‘zi uchun xulosa chiqarishda namoyon bo‘lishi isbotlangan;
argumentlashning kommunikativ strukturasida chinlik va maqbullikning o‘zaro nisbatiga muvofiq, mantiqdagi yolg‘on (fikr mulohazalarning ob’ektiv reallikka mos kelmasligi) va argumentlashdagi yolg‘on (ataylab olamning buzilgan manzarasini shakllantirishga qaratilgan interaksiya) tushunchalarining formal-mantiqiy va pragma-dialektik farqi ochib berilgan;
axloqiy va diniy qadriyatlarning argumentlash jarayonida nuqtai nazarning shakllanishi, o‘zgarishiga konstruktiv va destruktiv ta’siri ko‘rsatilib, ularni mantiqiy asoslanishning demonstrativ va nodemonstrativ usullari aniqlangan;
kommunikativ modellarda kommunikativ agentlarning intellektual fazilati (kommunikativlik, xolislik, intellektual jasorat va b.) argumentlash jarayonining samaradorligiga ta’sir ko‘rsatishi, nizolarning mantiqiy asoslari va argumentlash jarayonida eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar intellektual nuqsonlarga (beqarorlik, juratsizlik, murosasizlik va b.) bog‘liqligi isbotlangan;
O‘rta asr Yaqin va O‘rta Sharq mutafakkirlarining argumentlash nazariyasining shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissalari bahs-munozara yuritishning dialektik qonun-qoidalari, notiqning nutqiga qo‘yiladigan kognitiv va lingvistik talablar haqidagi g‘oyalarining milliy mentalitetimiz, milliy qadriyatlarimizni g‘oyaviy hujumlardan himoya qilishda paradigmal ahamiyatga egaligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Argumentlash mantiqiy kommunikativ nazariyasining falsafiy tahlili” mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
argumentlash mantiqiy-kommunikativ nazariyasining falsafiy asoslari taxlil qilinib, insonlar o‘rtasidagi muloqotning eng muhim jihatlari tushunish va tushuntirish, ishontirish va ishonish, o‘zi uchun xulosa chiqarish ekanligi haqidagi ilmiy xulosalardan «Mantiq tarixi va nazariyasi» nomli darslikda foydalanilgan (O‘quv adabiyotining nashr ruxsatnomasini ro‘yxatga olish raqami 744-074, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining 2022 yil 17 noyabrdagi 02/01-01-72-son ma’lumotnomasi). Natijalar darslikni yangi ilmiy faktik ma’lumotlar bilan boyitish imkonini bergan;
argumentlashning kommunikativ strukturasini tashkil etuvchi elementlardan nuqtai nazarning shakllanishi, o‘zgarishi va qabul qilinishi (rad etilishi) bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, argumentlashdagi yolg‘on tushunchasi bilan mantiqdagi yolg‘on tushunchasining farqiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi o‘quv mashgulotlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasining 2022 yil 15 noyabrdagi 3129-son ma’lumotnomasi). Kommunikativ makonda chinlik va maqbullikning o‘zaro nisbati va argumentlashning milliy mentalitetimizga xos usullaridan foydalanishga oid nazariy xulosalar va amaliy takliflar shaxsiy tarkib bilan olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarda milliy ma’naviyatimizga yot g‘oyalarga qarshi kurashishga, jamoatchilik fikrini shakllantirishga, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan;
axloqiy qadriyat, diniy qadriyat tushunchalaridan har birining bajaradigan vazifasi (nuqtai nazar va asos, argument sifatida) va asoslash mexanizmlariga oid ilmiy yangiliklardan O‘zbekiston Faylasuflari milliy jamiyati tomonidan chop etilgan «Jahon falsafasi qomusi» (1 va 2 jild) va «Ma’naviyat izohli lug‘ati»da foydalanilgan (O‘zbekiston Faylasuflari milliy jamiyatining 2022 yil 29 noyabrdagi 14-son ma’lumotnomasi). Mazkur adabiyotlardagi ayrim tushunchalarga ilmiy asoslangan ta’rif berilishi, falsafiy mohiyati ochib berilishiga xizmat qilgan;
kommunikativ modellarda nizolarning mantiqiy asoslari taxlil qilinib, kelishuvning turlari (haqiqiy va soxta) aniqlandi va kommunikativ agentlarning intellektual fazilat va intellektual nuqsonlari argumentlash jarayonining samaradorligiga ta’sir ko‘rsatishi borasidagi ilmiy xulosalar va amaliy takliflardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xuzuridagi Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar institutining 2022 yilda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining V yo‘nalishida belgilangan “Targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar”ning 18 bandi bo‘yicha o‘tkazilgan targ‘ibot ishlarida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xuzuridagi Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar institutining 2022 yil 28 noyabrdagi 366-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar global axborot makoni ta’sirida milliy mentalitetimiz, milliy qadriyatlarimiz, azaliy an’ana va urf-odatlarimizning qadrini oshirish, g‘oyaviy tarbiya mexanizmini kuchaytirish uchun nazariy va metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan;
O‘rta asr Yaqin va O‘rta Sharq mutafakkirlarining argumentlash nazariyasining shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissalari va ilgari surgan g‘oyalarining milliy mentalitetimiz, milliy qadriyatlarimizni g‘oyaviy hujumlardan himoya qilishdagi ahamiyatiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston televideniesining O‘zbekiston tarixi kanalida 2021 yilda efirga uzatilgan «Buyuk siymolar” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2022 yil 5 dekabrdagi 02-31-1984 son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar teletomoshabinlarni Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sinoning xulosa chiqarish va isbotlash, dialektik bahs yuritish qonun-qoidalari, notiqning nutqiga qo‘yiladigan talablar haqidagi ilmiy xulosalari, Burhoniddin Marg‘inoniyning ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirish, milliy-ma’naviy merosimizni keng targ‘ib qilish va jamiyatimiz a’zolari tafakkurini kengaytirish va bilim darajasini oshirish imkonini bergan.