Shabarova Umida Normuminovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Aralash tolali matolarni bo‘yash va gul bosishda quyuqlashtiruvchi polimer kompozisiyalar yaratish va amaliyotda qo‘llash», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T2787.
Ilmiy rahbar: Amonov Muxtar Raxmatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/31.01.2023.K/T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Aliqulov Rustam Valievich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Fayziev Jahongir Bahromovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oksidlangan kraxmal va sintetik polimerlar asosida quyuqlashtiruvchilar olishning resurs tejamkor texnologiyasini yaratish va aralash tolali matolarga gul bosishda qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ipak va paxta tolasi asosidagi aralash matolarga gul bosishda tabiiy va sintetik polimerlar – oksidlangan kraxmal (5,0; 6;0 7,0; %), PVA (1,0-2,0%), va AE (1,0-2,0%) asosida quyuqlashtiruvchilar olingan;
tarkibida oksidlangan kraxmal, PVA va AE saqlagan polimer quyuqlashtiruvchilarning fizik-kimyoviy xossalariga turli omillar ta’siri aniqlangan hamda quyuqlashtiruvchi komponentlarning maqbul tarkiblari ishlab chiqilgan;
turli tarkibli quyuqlashtiruvchilarning fizik-mexanik xossalari va aralash matolarga gul bosishning texnologik ko‘rsatkichlariga komponentlar konsentratsiyasining ta’siri aniqlangan;
quyuqlashtiruvchi polimer tarkibning qo‘llanilishi natijasida gul bosilgan matoning fizik-mexanik va rang mustahkamligi yaxshilangan, dispers bo‘yoqlar bilan gul bosilgan matoning rang intensivligi 71% dan 87% ga oshishi hamda bir vaqtning o‘zida rangning turli sharoitlardagi yuvishga barqarorligi ortishi aniqlangan;
aralash matolarga gul bosish uchun quyuqlashtiruvchi polimer tarkiblarni olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy xomashyolar asosida quyuqlashtiruvchilar olish va ulardan foydalanish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy xomashyolar oksidlangan kraxmal, PVA va AE asosidagi quyuqlashtiruvchi polimer kompozisiyalar “Radian silk”MChJda amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekipaksanoat”uyushmasining 2022 yil 5-maydagi 4-2/709-son ma’lumotnomasi). Natijada, 60,0 g/kg oksidlangan kraxmal, 1,5 g/kg PVA va 2,0 g/kg nisbatdagi AE asosida olingan samarali quyuqlashtiruvchilarni amalda qo‘llanilayotgan al`gin kislota tuzlari asosidagi quyuqlashtiruvchilar o‘rniga ishlatish imkonini bergan;
oksidlangan kraxamal, PVA va AE asosidagi quyuqlashtiruvchi polimer kompozisiyalar tarkibi va olish texnologiyasi “Radian silk” MChJda amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekipaksanoat”uyushmasining 2022 yil 5-maydagi 4-2/709-son ma’lumotnomasi). Natijada, matolarning rang intensivligi 2,42 K/S ed., bo‘yoqning matoga singishi 89%, hamda yuvishdagi rang mustahkamligi 5/5 ballni tashkil etib, amaldagi standartlarga to‘la javob berishi sababli, respublikamizga xorijdan olib kelinayotgan al`ginat, emprint, poluprint, manuteks kabi an’anaviy quyuqlashtiruvchi ingridientlarni to‘liq almashtirish imkonini bergan.