Safarov Taxirjon Baxodirovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sud`yalarning yuridik javobgarligi: zamonaviy holat va rivojlanish yo‘nalishlari”, 12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Yu491. 
Ilmiy rahbar: Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Djuraev Ixtiyor Baxtiyorovich, yuridik fanlar doktori, professor; Sabirov Erkinjon Kuchkarbaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Tadqiqotning maqsadi odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sud`yalar yuridik javobgarligining zamonaviy holati va rivojlanish yo‘nalishlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
II.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud`yalarning odil sudlov faoliyatiga aralashuvlarini kamaytirish uchun ularga nisbatan intizomiy ish faqat sud`yalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkinligini belgilash, ularning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish, vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibiga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish zarurligi asoslantirilgan; 
sud`yalarning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida sud`yalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi mumkinligini belgilash zarurligi asoslantirilgan;
sud`yalarga nisbatan tayinlanadigan intizomiy jazolar ularning qilmishiga mutanosib bo‘lishini ta’minlash uchun sud`yalarga nisbatan tayinlanishi mumkin bo‘lgan intizomiy jazo turlarini ko‘paytirish, xususan intizomiy jazo tizimini ogohlantirish, malaka darajasini pasaytirish va sud`yaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish jazo turlarini kiritish zarurligiga asoslantirilgan;
Sud`yalar oliy kengashiga Sud`yalar malaka hay’atlari va Oliy malaka hay’atining sud`yani intizomiy huquqbuzarligi uchun javobgarlikka tortish haqidagi qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish vazifasini yuklash lozimligi asoslantirilgan;
Sud`yaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kur`erlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash lozimligi asoslantirilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sud`yalarning yuridik javobgarligi: zamonaviy holat va rivojlanishining yo‘nalishlari tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
sud`yalarga nisbatan intizomiy ish faqat sud`yalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkinligini belgilash, sud`yalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibini, sud`yalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibini qonun bilan belgilash zarurligiga doir taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yili 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmonning 11-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2022 yil 5 yanvardagi 20-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif amaldagi qonunchilikdagi sud`yaga nisbatan Oliy sud raisi va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan intizomiy ish qo‘zg‘atish huquqni bekor qiladi va shu yo‘l bilan sud`yalarning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga doir aralashuvlarni cheklashga xizmat qilgan;
sud`yalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi mumkinligini belgilash zarurligiga doir taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yili 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmonning 11-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2022 yil 6 yanvardagi 20-27-son dalolatnomasi). Ushbu taklif sud`yalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ularning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga aralashuvning oldini olishga xizmat qilgan;
intizomiy jazo tizimini ogohlantirish, malaka darajasini pasaytirish, sud`yaning vakolatini muddatidan ilgari tugatish jazolari bilan to‘ldirish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmonining 11-bandini hamda 2021 yil 28 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2020 yil 30 iyuldagi 10/2-3345-son dalolatnomasi hamda Oliy sudning 2021 yil 11 oktyabrdagi 16/824-21-son dalolatnomasi). Intizomiy huquqbuzarlik sodir etganligi isbot etilgan sud`yaga nisbatan qilmishiga muvofiq ta’sir chorasi qo‘llanilishini ta’minlovchi qoidalar yaratilishi orqali mazkur sud`yani odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga aralashuvlarni cheklash imkoniyati yaratilishiga xizmat qilgan;
manfaatdor shaxslar Sud`yalar oliy malaka hay’atining sud`yani intizomiy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish haqidagi qarori ustidan Sud`yalar oliy kengashi shikoyat qilish huquqi bilan ta’minlanishiga doir taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-717-sonli Qonuni 1-moddasi 3-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 11 oktyabrdagi 572-21-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 15 oktyabrdagi 06/1-11/5266-son dalolatnomalari). Ushbu taklif sud`yalarni intizomiy javobgarligi masalasini hal etuvchi organ tomonidan sud`yaga nisbatan chiqarilgan qarorning asosli, adolatli va qonuniyligiga boshqa bir mustaqil sud`yalar hamjamiyati organi tomonidan baho berish uchun sharoit yaratishga xizmat qilgan;
sud`yaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kur`erlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash lozimligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–11-son Farmoni 4-bandi oltinchi xatboshini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023 yil 25 yanvardagi 08/41-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklif sud`yalarning daxlsizligi mexanizmlarini yanada takomillashtirib, ularga mansabdor shaxslar tomonidan ta’sir o‘tkazilishini cheklaydi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish