Otajanov Bobur Abdullaevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokini takomillashtirish masalalari”, 
12.00.04 - Fuqarolik protsessual huquqi. Iqtisodiy protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Yu594.
Ilmiy rahbar: Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Batir Bilyalovich, yuridik fanlar doktori, professor; Saydaxmedov Umid Murodovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Tadqiqotning maqsadi iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokini takomillashtirish masalalari bo‘yicha taklif 
va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
iqtisodiy sudlarda ishlarning ko‘rilishida prokuror ishtirokini kengaytirish maqsadida prokuror davlat mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish, ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash to‘g‘risida iqtisodiy sudga da’vo taqdim etish huquqiga hech qanday to‘siqlarsiz ega bo‘lishi asoslantirilgan; 
iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ishni ko‘rayotgan sud`yaga ishda prokuror qatnashishi zarur deb topgan hollarda ushbu ishda prokuror ishtirok etishi shartligini qonunchilikda nazarda tutish asoslantirilgan;
davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish, iqtisodiy sudlarda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun yuridik, birinchi navbatda, ma’muriy va jinoiy javobgarlikni aniqlash va uni amalga oshirish maqsadida to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni sudda ko‘rilishida prokurorning ishtirok etish zarurati asoslantirilgan;
prokuratura organlarining fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat 
va jamiyat manfaatlarini sudda himoya qilinishini hamda prokurorning konstitusiyaviy huquqlari va vakolatlarini amalga oshirish mexanizmini ta’minlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksning 49-moddasi uchinchi qismidan “prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas”ligi haqidagi normani chiqarib tashlash taklifi asoslantirilgan.
bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tuzilgan kelishuv bitimi  taraflarining huquqlarini prokuror ta’sir choralari orqali himoya qilinishini hamda ushbu jarayonda qonuniylikni ta’minlash maqsadida bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan prokurorning apellyasiya tartibida protest keltirishga haqli bo‘lishini qonunchilikda nazarda tutish taklifi asoslantirilgan. 
sudlar tomonidan apellyasiya shikoyatini (protestini) asossiz qaytarilishining oldini olish, sud qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslar huquqlarining yuqori sudlar tomonidan himoya qilinishi ta’minlash maqsadida apellyasiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslarining ro‘yxati tugalligi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida Oliy sud Plenumi qarorida tushuntirish berish taklifi asoslantirilgan;
qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish jarayonida prokuror ishtirokini ta’minlash maqsadida prokuror o‘zi ishtirok etgan ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkinligi haqida Oliy sud Plenumi qarorida tushuntirish berish taklifi asoslantirilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokini takomillashtirish masalalari tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi loyihasining 49-moddasi uchinchi qismini “Prokuror davlat mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish, ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash to‘g‘risida iqtisodiy sudga da’vo taqdim etish huquqiga ega. Qonunda nazarda tutilgan yoki sud ishda prokuror qatnashishi zarur deb topgan hollarda ishni ko‘rishda prokuror ishtirok etishi shart” tahririda bayon etishida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 14 avgustdagi 27/2-191-22-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi prokuror tomonidan davlat va jamiyat manfaatlarini sudda samarali himoya qilinishini ta’minlagan;
“Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan apellyasiya tartibida protest keltirilishi) mumkin” degan taklifning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 20 apreldagi “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyasiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 16-son Qarori 14-bandiga kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 17 avgustdagi 11-24-22-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tuzilgan kelishuv bitimi tomonlarining huquqlarini prokuror ta’sir choralari orqali himoya qilinishini kafolatlanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 20 apreldagi “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyasiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 16-son Qarori 11-bandiga “IPK 269-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan apellyasiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslarining ro‘yxati tugal bo‘lib, kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi” degan tushuntirishning kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 17 avgustdagi 11-24-22-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi sudlar tomonidan  apellyasiya shikoyatini (protestini) asossiz qaytarishning oldini olish barobarida sud qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslar huquqlarining yuqori sudlar tomonidan himoya qilinishi, quyi sudlar yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni bartaraf etilishiga xizmat qilgan;
ishda ishtirok etuvchi prokuror ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanganligi bois, u ham o‘zi ishtirok etgan ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkinligi haqidagi tushuntirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2021 yil 20 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 18-sonli qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2003 yil 25 iyuldagi “Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 111-sonli qarori 1-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 17 avgustdagi 11-24-22-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish jarayonida prokuror ishtirokini ta’minlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish