Abdullayeva Hilola Ravshanovnaning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oltinsimon qorag‘atning (Ribes Aureum Pursh) serhosil va eksportbop navlarini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/Qx221.
Ilmiy maslahatchi: Amanova Maxfurat Eshmuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Akademik Maxmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.QX.13.01
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: oltinsimon qorag‘atning “Uzbekskaya sladkaya” navi (NAP 00398), “Yadgor” navi (NAP 00400), “Oydin” navi (NAP 00399)..
II. Tadqiqotning maqsadi Rossiya va Amerika navlarini o‘zaro chatishtirish orqali olingan duragaylarni morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘rganish, oltinsimon qorag‘atning serhosil, yirik mevali, vitamin va minerallarga boy maxalliy sharoitga moslashgan, uzoq masofaga tashishga yaroqli yangi navlarini yaratish, ko‘chatchiligini tashkil qilish hamda ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamiz iqlim sharoitiga mos oltinsimon qorag‘atning Amerikani “Krondal” va Rossiyaning “Michurin” navlarini chatishtirish orqali olingan 20 ta (F1) duragaylari va “Uzbekistanskaya krupnoplodnaya” navining 146 ta populyasiyasidan analitik seleksiya orqali tanlab olingan “Oydin” va “Yadgor” navlarining morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilari asoslangan;
oltinsimon qorag‘atning 20 ta nav va duragaylardan 1 ta (№-3) va “Uzbekistanskaya krupnoplodnaya” navining “Plotnomyasaya” navi bilan erkin chatishish orqali olingan 146 ta duragaylaridan serhosil, yirik mevali, vitamin va minerallarga boy, yangiligicha va qayta ishlashga yaroqli 2 ta (№ 14-7; №13-27) namunalarni tanlab olingan;
oltinsimon qorag‘atni 20 ta nav, duragaylarining morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha olingan va kelgusida seleksiya jarayonini qisqartirish uchun xizmat qiladigan ilmiy natijalar institut genofond axborot bazasiga kiritilgan;
yangi yaratilgan “Oydin”, “Yadgor” va “Uzbekskaya sladkaya” navlarini hosildorligi andoza “Plotnomyasaya” naviga nisbatan 107-176,6 s/ga, mevasining tarkibida qand miqdori esa 3-4 foizgacha yuqoriligi, mevasining o‘rtacha vazni 0,1-0,5 grammgacha ortiqligi hamda tashishga qulayligi bilan ajralib turishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston xududida yetishtirish uchun mo‘ljallangan oltinsimon qorag‘atning (Ribes aureum pursh) serhosil va eksportbop navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
ilmiy izlanishlarda oltinsimon qorag‘at mevasining pishish davomiyligi 30 kun, hosildorligi 31,95 s/ga, bir dona meva massasi 3,3 g, kasalliklarga chidamli “Oydin” navi yaratilib, IMA tomonidan patent (NAP 00399) berilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6-sentyabrdagi 07/33-04/6265-son ma’lumotnomasi). Natijada, yuqori hosildor, kasalliklarga chidamli, transportabel “Oydin” navi Andijon viloyati Asaka tumani “Bo‘z ariqda Orifjon yeri” fermer xo‘jaligida 0,30 gektar maydonga ekilib, 10-15% yuqori sifatli mahsulot olinib, 20358 ming so‘m/ga iqtisodiy samaradorlikka erishilgan;
oltinsimon qorag‘at mevasining pishish davomiyligi 25 kun, hosildorligi 53,65 s/ga, bir dona meva massasi 2 g, changlatuvchanlik xususiyati yuqori, kasalliklarga chidamli “Uzbekskaya sladkaya” navi yaratilib, IMA tomonidan patent (NAP 00398) berilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6-sentyabrdagi 07/33-04/6265-son ma’lumotnomasi). Natijada, kasalliklarga chidamli, serhosil, changlatish xususiyati yuqori bo‘lgan “Uzbekskaya sladkaya” navi Andijon viloyati Izboskan tumani “Qo‘ng‘irotlik Rustamjon bog‘i” fermer xo‘jaligida 0,45 gektar maydondan o‘rtacha 53,65 s/ga hosil olinib, 59235 ming so‘m/ga iqtisodiy samaradorlikka erishilgan;
ilmiy izlanishlar asosida pishish davomiyligi 28 kun, bir dona meva massasi 3,1 g, hosildorligi 35,57 s/ga, kasalliklarga bardoshli “Yadgor” navi yaratilib, IMA tomonidan patent (NAP 00400) berilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6-sentyabrdagi 07/33-04/6265-son ma’lumotnomasi). Natijada, rentabellik Andijon viloyati Izboskan tumani “Abduqodirjon asl me’rosi” fermer xo‘jaligida 0,30 ga maydonda 10-15% yuqori sifatli mahsulot olinib, 35226 ming so‘m/ga iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.