Shodiqulov Jo‘rabek Mehriqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Tarkibida magniy saqlagan serpentinit minerali asosida kompleks ta’sir etuvchi xloratli defoliantlar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13 ‒ Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T2184.
Ilmiy rahbar: Umirov Farhod Ergashovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, PhD.17/30.07.2022.T.06.03.
Rasmiy opponentlar: Usanbayev Najimuddin Xalmurzayevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ergashev Dilmurod Adiljonovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Arvaten serentinit va Karmana xlorit minerallarini xlorid kislota, xlorid kislota bilan natriy gipoxloriti ishtirokida va kalsiy xlorid ishtirokida termik ishlov berish orqali samarali va kompleks ta’sir qiluvchi defoliantlar olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
serpentenitni xlorid kislota eritmasi hamda oksidlovchi vosita - natriy gipoxlorit ishtirokida qayta ishlash jarayonida xlorid kislotasi bilan ishlov berish bilan solishtirganda serpentenitning parchalanish darajasining 1,2 baravar oshishi va magniy eritmaga o‘tishi aniqlangan;
kalsiy xlorid ishtirokida serpentinitni termik ishlov berish jarayonida serpentinitning moddiy tarkibining o‘zgarishi va undan magniy xloridning suvli eritmasiga o‘tish shartlari aniqlangan;
magniy xlorid va natriy gipoxloritdan tashkil topgan suvli tizimlarning politermik eruvchanlik diagrammalari chizilgan va geterogen fazaning muvozanat rejimlari aniqlangan;
kimyoviy va IQ-spektroskopik, mass-spektroskopik va rentgen fazali tahlil usullaridan foydalangan holda cho‘kma va mahsulotlarning tarkibi aniqlangan, xloratli birikmalarining hosil bo‘lishi isbotlangan;
serpentinit mineralini xlorid kislota bilan natriy gipoxlorit ishtirokida kompleks ishlov berish asosida kompleks defoliatsiya ta’siriga ega bo‘lgan magniy xlorat olish texnologiyalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tarkibida magniy saqlagan serpentinit minerali asosida kompleks ta’sir etuvchi xloratli defoliantlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Serpentinit mineralini xlorid kislotali qayta ishlash asosida magniy xloridini ishlab chiqarish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» AJ-QKning “2024-2026 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» AJ-QKning 2022 yil 8 sentyabrdagi 038-son ma’lumotnomasi). Natijada, magniy saqlagan mahalliy xomashyo serpentinit minerali asosida 93,15% unum bilan magniy xloridini olish imkonini beradi;
serpentinit minerali, xlorid kislota va natriy gipoxlorid asosida suyuq magniy xlorat defoliantini olish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» AJ-QKning “2024-2026 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» AJ-QKning 2022 yil 8 sentyabrdagi 038-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu turdagi defoliantdan foydalanish suyuq natriy xlorat defoliantga nisbatan paxta barglarini to‘kilishida 4-5% ga samarali ta’sir etishini imkonini beradi.