Suleymanov Ilnur Radikovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Iqtisodiyotning bank va real sektorlari integratsiyasini kuchaytirish yo‘llari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Iqt2210.
Ilmiy rahbar: Ataniyazov Jasurbek Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, pprofessor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumayev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ismailov Alisher Agzamovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: iqtisodiyotning bank va real sektorlari o‘rtasidagi integratsion hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
korporativ mijozlar tomonidan IPO chiqarish orqali ustav kapitalini ko‘paytirish asosida imtiyozli moliyaviy mahsulotlarni taqdim qilish va o‘zaro integratsiyani mustahkamlash asoslangan;
moliyaviy barqarorlik darajasi yuqori bo‘lgan tijorat banklari ishtirokida ularning sanoat tarmoqlaridagi yirik mijozlari bilan vertikal integratsiyalashgan moliya-sanoat guruhlarini tashkil etish taklif etilgan;
bankning aktiv va passiv operatsiyalarida o‘zaro moliyaviy bog‘liqlik vositalaridan foydalanish asosida tijorat banklari va real sektor korxonalarining o‘zaro integratsiyalashuvi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni kamaytirish asoslangan;
bank va real sektor o‘rtasidagi moliyaviy integratsiyani ta’minlash hamda qarz va ulushli vositalardan foydalanish orqali bank likvidliligi va rentabelligini oshirishning 2025 yilgacha prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot jarayonida olingan quyidagi ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar amaliyotga joriy etilgan:
korporativ mijozlar tomonidan IPO chiqarish orqali ustav kapitalini ko‘paytirish asosida imtiyozli moliyaviy mahsulotlarni taqdim qilish va o‘zaro integratsiyani mustahkamlash borasidagi taklifi AT «Aloqabank» va ATB «Kapitalbank»lar faoliyatida qo‘llanilgan (AT «Aloqabank»ning 2022 yil 7 iyuldagi 26-09/284-sonli va ATB «Kapitalbank»ning 2022 yil 24 avgustdagi 10/II-00623-sonli ma’lumotnomalari). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida tijorat banklarining transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishda korporativ mijozlar bilan moliyaviy munosabatlarini rivojlantirish va ularga yangi turdagi ko‘plab moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishga erishilgan;
moliyaviy barqarorlik darajasi yuqori bo‘lgan tijorat banklari ishtirokida ularning sanoat tarmoqlaridagi yirik mijozlari bilan vertikal integratsiyalashgan moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishga doir taklifi «Aloqabank» ATB tomonidan qabul qilingan (AT «Aloqabank»ning 2022 yil 7 iyuldagi 26-09/2841-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklif asosida vertikal integratsiyalashgan moliya-sanoat guruhlarini tashkil etilishi korxonalarning moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish orqali istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, moliyaviy risklarni samarali boshqarish va raqobatbardosh integratsiyalashgan tuzilmani shakllantirish asosida yuqori moliyaviy natijalarga erishish imkonini beradi;
bankning aktiv va passiv operatsiyalarida o‘zaro moliyaviy bog‘liqlik vositalaridan foydalanish asosida tijorat banklari va real sektor korxonalarining o‘zaro integratsiyalashuvi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni kamaytirish borasidagi taklifi ATB «O‘zsanoatqurilishbank» faoliyatida qo‘llanilgan (ATB «O‘zsanoatqurilishbank»ning 2022 yil 01 avgustdagi 27-11/4546-sonli ma’lumotnomasi. Ushbu taklifning amaliyotda qo‘llanilishi natijasida ATB «O‘zsanoatqurilishbank» tomonidan sanoatning ishlab chiqarish tarmog‘iga ajratilgan kredit qo‘yilmalari 2021 yilda 2020 yilga nisbatan 30 foizga, ushbu tarmoq korxonalarining mijozlarga tegishli bank resurslaridagi ulushi esa 17 foizga oshgan;
bank va real sektor o‘rtasidagi moliyaviy integratsiyani ta’minlash hamda qarz va ulushli vositalardan foydalanish orqali bank likvidliligi va rentabelligini oshirishning 2025 yilgacha ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlari ATB «O‘zsanoatqurilishbank» faoliyatida qo‘llanilgan (ATB «O‘zsanoatqurilishbank»ning 2022 yil 1 avgustdagi 27-11/4546-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklif asosida bank va real sektor o‘rtasidagi moliyaviy integratsiyani ta’minlash hamda qarz va ulushli vositalardan foydalanish orqali «O‘zsanoatqurilishbank»ning aktivlar rentabelligi 2021 yilda 2020 yilga nisbatan 0,27 foizdan 1,65 foizga, kapital rentabelligi esa 1,8 foizdan 13,2 foizga oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish