Jalolov Xurshidbek Xurram o‘g‘lining 
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan 
doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Stress omillarga bardoshli o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasi”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2. DSc/Qx213.
Ilmiy maslahatchi: Raxmonqulov Said-Akbar, O‘zQXFA muxbir a’zosi, biologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘o‘zaning o‘rta tolali “S-2118” navi (NAP 00155), “S-2120” navi (NAP 00347), “SSB-Klaster-1” navi (NAP 00349), “Mang‘it-2” navi (NAR 00350). . O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 7 dekabrdagi 01-11/3080, 01-11/3083, 01-11/3090 va 01-11/3082-son xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi: Turli duragaylash usullari yordamida yaratilgan boshlang‘ich ashyolardan stress faktorlarga bardoshli, hosildor, tola sifati yuqori, turli tuproq iqlim sharoitida yetishtirishga mos, seleksion belgilar majmuasiga ega bo‘lgan g‘o‘za navlarini olish va ishlab chiqishga tavsiya etishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk marotaba g‘o‘zaning G.hirsutum L. turini turli duragaylash usullarida olingan tizmalararo va navlararo namunalarda turli qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini aniqlash va chigit tuki rangiga ko‘ra hosildorlik, tola sifati hamda boshqa belgilarning o‘zaro salbiy korrelyasion bog‘liqligini bartaraf etish orqali duragay o‘simliklar olingan; 
turli chatishtirish uslublaridan foydalangan holda ijobiy belgilari bir genotipda jamlangan namunalar ajratib olingan.
o‘rta tolali S-2118, S-2120, SSB-Klaster-1 va Mang‘it-2 g‘o‘za navlarida tezpisharlik, yuqori mahsuldorlik, turli stress omillarga hamda vilt kasalligiga bardoshlilik xususiyatlari mavjudligi aniqlangan bo‘lib, ushbu navlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo viloyatlarining tuproq-iqlim sharoitlarida yetishtirishga mosligi, rayonlashgan navlarga nisbatan erta va sifatli hosil olinishi hamda hosildorligi 5-10 s/ga yuqori ekanligi, tola sifati to‘qimachilik sanoati talablariga to‘liq javob berishi bilan boshqa navlardan ustunligi tasdiqlangan; 
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub tezpishar, yuqori mahsuldor, yuqori harorat, garmsel, tuproq sho‘rlanishi va vilt kasalligiga bardoshli S-2118, S-2120, SSB-Klaster-1 va Mang‘it-2 navlari yaratilib, Intellektual mulk agentligidan patent olingan hamda ushbu g‘o‘za navlari boshqa shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari tomonidan patent olish yoki foydalanish uchun taqdim etilmaganligi tasdiqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Stress omillarga bardoshli o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlardan olingan natijalar asosida:
Stress omillarga bardoshli o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlardan olingan natijalar asosida:
 LB-21/339 tizmasi asosida tezpisharligi 100-110 kun, hosildorligi 39-45 s/ga, tola chiqimi 37,0-38,0%, bitta ko‘sakdagi paxta xom-ashyosi vazni 5,4-6,0 g, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,3-4,5, tolaning shtapel’ uzunligi 34,0-35,5 mm, yuqori solishtirma uzunligi 1,20–1,22 dyuym, tolaning nisbiy uzilish kuchi 31,3-32,8 g.k/teks bo‘lgan g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub SSB-Klaster-1 navi yaratilgan va Sirdaryo viloyati uchun istiqbolli deb topilib, 2021 yilda Mirzaobod tumani “Bek cluster” QK MChJ da 262,0 gektardan ortiq maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 dekabrdagi №07/21-9550-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zaning o‘ta tezpishar, hosildor, tuproq sho‘rlanishiga bardoshli SSB-Klaster-1 navidan 40,0 s/ga gacha paxta hosili olingan; 
 chigit tuki turli rangli tizmalararo diallel chatishtirish uslubi asosida tezpisharligi 120-125 kun, hosildorligi 36-46 s/ga, bitta ko‘sakdagi paxta xom-ashyosi vazni 5,5-6,5 g, tola chiqimi 37,0-39,0%, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,3-4,5, tolasining shtapel’ uzunligi 33-34 mm, yuqori solishtirma uzunligi 1,19–1,23 dyuym, tolaning nisbiy uzilish kuchi 30,9-31,2 gs/teks bo‘lgan g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub yangi C-2120 navi yaratilgan va 2022 yildan Farg‘ona viloyati uchun istiqbolli navlar qatoriga kiritilib, viloyat bo‘yicha 636,0 gektardan ortiq maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 dekabrdagi №07/21-9550-son ma’lumotnomasi). Natijada, tezpishar, yuqori hosildor, V.dahliae patogeniga bardoshli C-2120 g‘o‘za navidan 33,9 s/ga paxta hosili olingan; 
geografik jihatdan uzoq bo‘lgan navlararo (Acala-1517-C x C-4896) x S-5617 x Tashkent-6) murakkab duragay kombinasiyasi asosida yaratilgan Istiqlol-14 g‘o‘za navidan navga xos bo‘lmagan o‘simliklarni ajratib olib ko‘paytirish orqali anatitik seleksiya uslubi asosida tezpisharligi 116-120 kun, bitta ko‘sakdagi paxta xom-ashyosi vazni 5,6-5,9 g, hosildorligi 37,5-42,0 s/ga, tola sifati IV tipga mansub, tolaning shtapel’ uzunligi 34,0-35,0 mm va chiqimi 37,0-38,0%, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,0-4,2, tolasining shtapel’ uzunligi 1,20–1,22 dyuym, tolaning yigiriluvchanligi 156-160 SCI bo‘lgan G.hirsutum L. turiga mansub yangi Mang‘it-2 navi yaratilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘rta darajada sho‘rlangan tuproq-iqlim sharoitiga 10,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 dekabrdagi №07/21-9550-son ma’lumotnomasi). Natijada, IV tipga mansub tola beradigan, tezpishar, hosildor, tola sifati yuqori bo‘lgan o‘rta tolali Mang‘it-2 g‘o‘za navidan 31,0 s/ga paxta hosili olingan;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual Mulk Agentligidan g‘o‘zaning S-2118 naviga 28.02.2017 yilda (№ NAP 00155), S-2120 naviga 08.11.2021 yilda (№ NAP 00347), SSB-Klaster-1 naviga 08.11.2021 yilda (№NAP 00349) va Mang‘it-2 naviga 08.11.2021 yilda (№NAP 00350) patentlar olingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish