Sayipov Batirbay Kuanishbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston respublikasi mahalliy sharoitida investisiya faoliyatni takomillashtirish istiqbollari», 08.00.07 – «Moliya, pul muomalasi va kredit».
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Iqt1500.
Ilmiy rahbar: Musagaliev Ajiniyaz Jumagulovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston respublikasi fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Dodiev Fozil Utkurovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasining investisiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sharoiti og‘ir tumanlarda investisiya jozibadorlikni oshirishda tadbirkorlik sub’ektlariga tijorat banklarining ajratiladigan kredit va lizinglarini qisman qoplash uchun muayyan muddatgacha maqsadli jamg‘armalar hisobidan kompensatsiya qilish taklif qilingan;
iqtisodiy past rivojlangan tumanlarida investisiya jozibadorlikni oshirishda soliq stavkalarini 50 foizga pasaytirish zarurligi asoslangan;
rivojlanish darajasi past bo‘lgan tumanlarga investisiyalarni ko‘paytirishda boshqa hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish uchun bank kreditlari bo‘yicha garov ta’minoti tegishli mahalliy hokimliklari kafolati asosida taqdim etish taklif etilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida asosiy kapitalga kiritilgan investisiyalarning 2025 yilgacha prognozi ishlab chiqilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy sharoitida investisiya faoliyatni takomillashtirish istiqbollari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
hududning sharoiti og‘ir tumanlarida investisiya jozibadorlikni oshirishda tadbirkorlik sub’ektlariga biznes-loyihalarni amalga oshirishda tijorat banklarining ajratiladigan kredit va lizinglari bo‘yicha qisman qoplash uchun muayyan muddatgacha maqsadli jamg‘armalar hisobidan kompensatsiya qilinishi zarurligi yuzasidan berilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi PQ-4889-son «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 26 iyul`dagi 05-06/16-07/563-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sharoiti og‘ir 45 ta mahalla va ovulda yangidan tashkil etiladigan xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlariga 2026 yil 1 yanvarga qadar biznes-loyihalarni amalga oshirish maqsadida umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan kredit va lizinglari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya taqdim etilgan;
hududning iqtisodiy past rivojlangan tumanlarida investisiya jozibadorlikni oshirishda soliq stavkalarini 50 foizga pasaytirish zarurligi yuzasidan berilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi PQ-4889-son «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 26 iyul`dagi 05-06/16-07/563-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida yangidan tashkil etiladigan sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun solig‘ini amaldagi belgilangan soliq stavkalarining 50 foizi miqdorida amalga oshirishi belgilandi. Taklifning amaliyotga joriy qilinishi mamlakat hududlari investisiya jozibadorligini mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda oshirishga xizmat qilgan. Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyotiga jalb etilgan investisiyalar hajmi 2022 yilning birinchi choragida 2021 yilning shu davriga nisbatan 1,1 baravarga, xorijiy investisiyalar hajmi 1,2 baravarga oshishiga imkon bergan.
hududning iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past bo‘lgan tumanlariga investisiyalarni oshirishda mamlakat boshqa hududlaridagi tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish uchun bank kreditlari bo‘yicha garov ta’minoti mazkur hudud tegishli mahalliy hokimliklari kafolati asosida taqdim etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan berilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi PQ-4889-son «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 26 iyul`dagi 05-06/16-07/563-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun 2022 yil 1 yanvarga qadar olinadigan bank kreditlari bo‘yicha garov ta’minoti sifatida tegishli viloyat hokimliklari kafolatlar berishi mumkinligi belgilandi. Taklifning joriy qilinishi biznes-loyihalarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida, sharoiti og‘ir 45 ta mahalla va ovul hududlarida, shuningdek, «o‘sish nuqtasi» deb belgilangan iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli tumanlarda joylashtirilishiga imkon bergan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida asosiy kapitalga kiritilgan investisiyalarning 2025 yilgacha prognozi bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi PQ-4937-son «O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 26 iyul`dagi 05-06/16-07/563-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 26,8 trln. so‘mlik markazlashtirilgan va nomarkazlashtirilgan investisiyalarni, shu jumladan 478 mln. dollari miqdorida xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirishni nazarda tutuvchi 2021-2023 yillarda kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirishning prognoz parametrlari va shuningdek 2021-2023 yillarda kredit va investisiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish prognoz parametrlari belgilangan.