Qurbonov Nodirjon Norboyevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekistonda seysmik jarayonlar tarixi (1966-2020 yy.), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tar237.
Ilmiy rahbar: Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Yermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Qurbonov Bobomurod Yunusovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1966-2020 yillarda O‘zbekistonda seysmik jarayonlar va ularni aniqlash borasidagi tadqiqotlar tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda 1966 yilga qadar seysmologiya sohasida ixtisoslashgan institutning mavjud bo‘lmaganligi, zilziladan so‘ng tashkil etilgan Seysmologiya institutida zilzilalar sodir bo‘lishini oldindan aniqlash, mintaqaviy seysmik va seysmik rayonlashtirish, seysmik izlanishlarni matematik va avtomatik modellashtirish, zilzilalar talofatlarini oldini olishda inshootlarni seysmikbardoshligini ta’minlash bilan bog‘liq yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilib, Sovet ittifoqida birinchi bo‘lib, seysmometrik kuzatishlarning avtomatlashtirilgan tizimi tashkil etilganligi aniqlangan;
O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan zilzilalarni kuchi va parametrini aniqlash uchun yerni 24 soat davomida kuzatib tura oladigan seysmik stansiyalar va ular bilan birga faoliyat olib boradigan tezkor xabar yetkazish xizmati yo‘lga qo‘yilib, ish sifatini oshirish maqsadida mazkur stansiyalar soni yillar davomida ko‘paytirilganligi, seysmik stansiyalar tomonidan aniqlangan ma’lumotlar asosida seysmik jarayonlarni oldindan aniqlash borasidagi axborotlar bazasi shakllantirib borilganligi, respublikada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan talofatli zilzilalarni oldindan to‘liq aniqlab, tegishli tashkilotlar hamda aholi ogohlantirilganligi sababli jonli talofatlar oldi olinganligi ochib berilgan;
Toshkent zilzilasidan so‘ng mahalliy olimlar tomonidan seysmik jarayonlarni oldindan aniqlashda davriylik nazariyasi fanga kiritilganligi, shuningdek, zilzilalarni gidrogeologik darakchilari – zilzila sodir bo‘lishidan avval quduqlarda suv sathining pasayib so‘ngra keskin ko‘tarilishi, suv haroratining o‘zgarishi, suvda radon moddasi, karbonad angidrid gazi va simob bug‘lari miqdorining ortishi, suv omborlarida va boshqa hududlarda anomal o‘zgarishlar sodir bo‘lishi aniqlanganligi, buning natijasida seysmik rayonlashtirish va mikrorayonalashtirish xaritalari tuzilib, keyingi yillarda yuz bergan deyarli barcha kuchli zilzilalar bu xaritalarda belgilangan seysmogen hududlarda yuz berganligi aniqlangan;
zilzilalar xavfini kamaytirishda dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida MDHga a’zo davlatlarning iqtisodiy Kengashi tomonidan “Davlatlararo dastur” qabul qilinganligi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish maqsadida 2005-2015 yillarga mo‘ljallangan “Xiog hadli” dasturi doirasida O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan simulyasiya markazi tashkil etilganligi, 2015 yilgacha favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va uning talofatlarini oldini olish vazifalari belgilanganligi, 2015-2030 yillarda halokatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha qabul qilingan “Senday hadli” dasturi doirasida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish borasida huquqiy-meyoriy hujjatlar, xususiy turar-joy binolarining zilzilabardoshligini ta’minlash metodikasi takomillashtirilganligi, seysmik faol hududlarning seysmik xaritalari yangi tahriri tuzilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1966-2020 yillarda O‘zbekistonda seysmik jarayonlar tarixiga oid ishlab chiqilgan xulosalar va takliflar asosida:
yer silkinishlari dunyo xalqlarining turmush tarziga ta’sir etib, o‘ziga xos urf-odatlar hamda an’analarni shakllanishiga olib kelganligi, bu turdagi geologik hodisalar va ularning oqibatlari xususida tarixiy manbalarda ma’lumotlar uchrashi, geografik – seysmologik nuqtai nazardan O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari Turon plitasining sharqiy qismiga joylashganligi, sharqiy hududga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlarining barcha hududlari hamda Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ma’lum bir qismi to‘g‘ri kelishi, Toshkent shahri O‘zbekiston seysmik faol hududining bir qismi hisoblanishi, O‘zbekistonning Toshkent shahri va Gazlida bo‘lib o‘tgan zilzilalar hamda uning oqibatlari xususidagi natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Aslida qanday?..” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasining 2021 yil 30 iyuldagi 02-40-1250-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar zilzilalar keltirishi mumkin bo‘lgan talofatlarning ijtimoiy ta’siri va O‘zbekistonda yuz bergan zilzilalar tarixini yanada chuqur o‘rganishga imkon bergan;
1966 yil Toshkent zilzilasi sodir bo‘lganidan so‘ng talofatlarni bartaraf etishda ittifoqdosh respublikalardan kelgan quruvchilarning shaharni barpo etishdagi ishtiroklari, ularning ko‘magida Toshkent shahrida yangi tumanlarning barpo etilishi haqidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi qoshidagi Milliy madaniy markazi va do‘stlik jamiyatlarining ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan berilgan 2021 yil 23 sentyabrdagi 14-07-1775-son ma’lumotnoma). Bu O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan turli millatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo totuvlikni targ‘ib qilishda va munosabatlarni mustaxkamlashga xizmat qilgan;
zilzilalar sodir bo‘lishi natijasida insonlar sog‘ligi, hayoti va aholini mol-mulkiga zarari va yo‘qotishlar xatarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish borasida davlat tomonidan ko‘rilgan chora – tadbirlar, seysmologiya sohasidagi halqaro hamkorlik aloqalarining zarurati kabi natijalardan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturining ijrosida, partiyaning qarashlarini ifoda etgan “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Oliy majlis Qonunchilik palatasi muhokamasida keng foydalanilgan (“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining markaziy kengashining 2021 yil 30 avgustdagi 02/02-327-son ma’lumotnomasi). Bu natijalar zilzilalar keltirishi mumkin bo‘lgan katta kulfat va og‘ir talofatlarni oldini olishga hamda aholini ijtimoiy himoyalashga xizmat qilgan.