Ergasheva Dilrabo Allanazarovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Odil Yoqubov asarlarida inson ruhiy holati ifodalanishining lisoniy manzarasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1492.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti. 
Ilmiy rahbar: Umurqulov Bekpulat, filologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Fil.78.04.
Rasmiy opponentlar: Bahriddinova Bashorat Ma’diyevna, filologiya fanlari doktori, professor; Muhammadjonova Go‘zalxon, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Odil Yoqubov asarlarida til vositalarining inson ruhiy holatini ifodalanish xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Odil Yoqubov asarlarida inson ruhiy holatidagi g‘amgin, xursand, notinch, ma’yus, xafa, xushhol, xushnud, xurram, quvnoq, shodmon, shod, xushchaqchaq kabi zohiriy va azob, alam, nafrat, ranj, afsus, araz, sog‘inch, hayajon, sevinch kabi botiniy his-tuyg‘ular badiiy matnning nazariy psixolingvistik talqini asosida ochib berilgan; 
yozuvchi asarlarida o‘zbek xalqining milliy o‘ziga xosligini o‘zida mujassam etuvchi realiya birliklari, xalqning turmush tarzi, milliy dunyoqarashi, qadriyatlari, fe’l-atvori, e’tiqodlarini aks ettirish o‘xshatish va sifatlashlar orqali ruhiy holat ifodalanishi esa ot, sifat, fe’l so‘z turkumlari yordamida yuzaga chiqishi asoslangan;
tasviriy vositalar, jumladan, o’xshatishlar va sifatlashlarning ifodalanishida o’q tekkan she’rday, otashda qovurilganday, cho’g‘ga ko’milgan qumg‘onday, moychiroqday horg‘in, ukparday yengillashgan kabi xususiy muallif o‘xshatishlari aniqlangan; 
nutqiy faoliyat jarayonida gap, so’z birikmasi va so’zlarda o’z ifodasini topgan lisoniy verbal va ishoraviy, mimik hamda fonatsion noverbal vositalarning qahramon ruhiy holati (qo’rquv, g‘am, nafrat, jahl, alam, achinish, qayg‘u, iztirob, shodlik, quvonch, loqaydlik, hayrat, sarosima, xotirjamlik, iztirob) ni ifodalashi badiiy matn asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Odil Yoqubov asarlarida inson ruhiy holati ifodalanishini tahlili natijalari asosida:
Odil Yoqubov asarlarida inson ruhiy holatidagi g‘amgin, xursand, notinch, ma’yus, xafa, xushhol, xushnud, xurram, quvnoq, shodmon, shod, xushchaqchaq kabi zohiriy va azob, alam, nafrat, ranj, afsus, araz, sog‘inch, hayajon, sevinch kabi botiniy his-tuyg‘ular badiiy matnning nazariy psixolingvistik talqini asosida ochib berishga oid xulosalardan 2019-2021-yillarga mo’ljallangan I-OT-2019-42 raqamli “O’zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” nomli innovatsion amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 5-sentabrdagi 04/01/2411-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz tillarining elektron-poetik lug‘atini yaratishda inson qiyofasi va fe’l-atvoriga oid ruhiy holat so‘zlari, o‘xshatish va sifatlash kabi vositalarning badiiy matnda, xususan, poetik matnda tutgan o‘rni aniqlangan va ma’nolari izohi mukammallashgan;
 yozuvchi asarlarida inson ruhiy holatining ifodalanishi olam lisoniy manzarasining lingvokognitiv unsurlari – konsept va geshtalt asosida konseptual tahlilga tortilganligini yoritishga doir ilmiy xulosalardan FA-F1-G003 raqamli “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so’z yasalishi” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq bo’limining 2022-yil 3-apreldagi 07/11/44–son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq tilida funksional so’z yasalishiga doir nazariy ma’lumotlarning mukammallashuviga erishilgan; 
tasviriy vositalar, jumladan, o’xshatishlar va sifatlashlarning ifodalanishida xususiy muallif o‘xshatishlari (o’q tekkan she’rday, otashda qovurilganday, cho’g‘ga ko’milgan qumg‘onday, moychiroqday horg‘in, ukparday yengillashgan) tavsifiy va tasnifiy lingvistik tahlillar orqali ilmiy asoslangan xulosalaridan O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” teleradiokanalida efirga uzatilgan adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlarining senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 28-fevraldagi 14/01/70-son ma’lumotnomasi). Natijada “Hikoya”, “Talabalar vaqti”, “Asliyat”, “Mumtoz so’z gulshani”, “Tavsiya”, “Do’stim kitob” nomli teleko’rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish