Yuldashov O‘tkir Xayitovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Soyaning fitopatogen mikromisetlarga chidamliligining fiziologik-biokimyoviy xususiyatlari», 03.00.07  O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/V747.
Ilmiy rahbar: Matniyazova Hilola Xudaybergenovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Karimjon Safarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xo‘jamshukurov Nortoji Abdixoliqovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy va xorijiy soya navlarining fiziologik-biokimyoviy va morfo-xo‘jalik belgilari bo‘yicha fitopatogen mikromisetlarga chidamlilik xususiyatlarini aniqlash asosida soyaning chidamli navlarini ajratish hamda amaliyot va seleksiya ishlariga tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor soyaning mahalliy navlari urug‘larining unuvchanligiga F.oxysporum, xorijiy navlar urug‘larining unuvchanligiga F.oxysporum va F.solani fitopatogen mikromisetlari kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatishlari, A.alternata zamburug‘ining ta’siri esa kuchsizroq darajada namoyon bo‘lishi aniqlangan;
fitopatogen mikromisetlarning soya bargining to‘qimalarini zararlashi darajasiga ko‘ra, F.oxysporum mikromiseti F.solani va A.alternata mikromisetlariga nisbatan kuchli zararlash xususiyatiga ega ekanligi, bu ko‘rsatkich asosida soya navlarining zamburug‘larga chidamliligini baholash mumkinligi isbotlangan;
F.oxysporum va A.alternata fitopatogen mikromisetlarining ta’sirida soya navlari o‘simliklarining barglaridagi xlorofill “a”, xlorofill “b”, umumiy xlorofill miqdorining nazoratga nisbatan kamayishi, karotinoidlar miqdorining esa ba’zi navlarda ko‘payishi, ba’zilarida esa kamayishi aniqlangan;
soya navlari o‘simliklarining gullash davrida fitopatogen mikromisetlar ta’sirida barglardagi umumiy suv miqdori, transpiratsiya jadalligi va dondagi yog‘ miqdorining kamayishi, barglarning suv ushlash xususiyati, difenoloksidaza fermentining faolligi va prolin aminokislotasining miqdori oshishi, peroksidaza va fenilalanin-liaza fermentlarining faolligi ba’zi navlarda oshib, ba’zilarida kamayishi aniqlangan;
nazorat va fitopatogen mikromisetli variantlarda o‘simlik barglaridagi transpiratsiya jadalligi bilan barglarning suv ushlash xususiyati o‘rtasida kuchli salbiy, barglardagi pigmentlar (xlorofill “a”, xlorofill “b”, umumiy xlorofill, karotinoidlar) miqdorlari o‘rtasida o‘zaro  kuchli ijobiy korrelyasiyalar mavjudligi, nazorat variantida transpiratsiya jadalligi bilan prolin aminokislotasining miqdori o‘rtasidagi kuchli salbiy korrelyasiya fitopatogenli muhitda o‘rtacha ijobiy korrelyasiyaga o‘zgarishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Soyaning fitopatogen mikromisetlarga chidamliligining fiziologik-biokimyoviy xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fitopatogen mikroorganizmlar bilan zararlangan dalalardagi tuproq va soya o‘simligi namunalaridan ajratib olingan Fusarium turkumi turlari va Alternaria alternata zamburug‘larining shtammlari “Fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar kolleksiya” si noyob ilmiy ob’ekti kolleksiyasi genofondiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 23 dekabrdagi 4/1255-3224-son ma’lumotnomasi). Natijada, Fusarium oxysporum, Fusarium solani va Alternaria alternata zamburug‘larining shtammlari 1030, 1031, 1032 raqamlari ostida ro‘yhatdan o‘tkazilib, kolleksiya genofondini boyitish imkonini bergan;
soya o‘simligining fitopatogen mikroorganizmlarga chidamliligi, xamda  fiziologik-biokimyoviy va morfoxo‘jalik belgilari bo‘yicha tanlab olingan navlari №A-FA-2021-7 «Dukkakli va moyli ekinlar mahalliy navlarini fiziologik-biokimyoviy metodlar orqali fitopatogen zamburug‘larga chidamlilik mexanizmini yaratish» mavzusidagi amaliy loyihada soya navlarini fitopatogen zamburug‘larga chidamliligini baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 23 dekabrdagi 4/1255-3223-son ma’lumotnomasi). Natijada, soya navlarini fitopatogen zamburug‘larga chidamlilik xususiyatiga ko‘ra ajratib olish hamda genetik-seleksion tadqiqotlar va amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish