Ishanbabayeva Shoxida Qodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’loni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq eposi va kinodramaturgiya genezisi masalalari («Alpomish» va «Tohir va Zuhra» dostonlari misolida)», 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fil.1068.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza G‘aniyevich, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Sariyev San’at Matchonboyevich, filologiya fanlari doktori, Tojiboyeva Oltinoy Qosimovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kinodramaturgiya genezisini epos, xususan, «Alpomish» hamda «Tohir va Zuhra» dostonlari asosida aniqlash, xalq og‘zaki ijodi an’analari kinodramaturgiya strukturasiga bevosita ta’sir etishini dalillash va yuzaga kelgan ilmiy-nazariy xulosalarning amaliy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalq og‘zaki ijodi namunalari kino san’ati asarlariga eposning tarkibiy tuzilishi, tasviriy ifoda yo‘llari, poetik jihatidan ekran san’ati dramaturgiyasiga uyg‘unligi orqali ta’sir etayotganligi hamda folklor asarlari zamonaviy media asarlari uchun tayanch manbai bo‘lib kelayotgani aniqlangan;
«Alpomish» hamda «Tohir va Zuhra» dostonlarining syujetlari V.Proppning «sehrli» ertaklar morfologiyasi uchun yaratgan 8 ta jadvali bilan qiyoslanib, «Alpomish» hamda «Tohir va Zuhra» eposi arxitektonikasi «sehrli» ertaklar morfologiyasiga xos tizimli formuladan iborat ekanligi dalillangan; 
kinodramaturgiyaning syujet qurilishida mifologik struktura, mif asosida paydo bo‘lgan semiotik belgilar va ularning semantikasi asos vazifasini o‘tashi, eposga xos tasviriy ifodalar semiotik komponentlar sifatida kinodramaturgiya kompozisiyasida aks etishi asoslangan; 
kinodramaturgiyaning syujet qurilishini tashkil etuvchi – tugun, g‘oya, motiv, obraz, kompozisiya kabi komponentlar qadimdan epos tarkibida mavjud bo‘lgani «Alpomish» hamda «Tohir va Zuhra» dostonlari misolida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «O‘zbek xalq eposi va kinodramaturgiya genezisi masalalari («Alpomish» va «Tohir va Zuhra» dostonlari misolida)» mavzusini tadqiq etish asosida olingan ilmiy natijalari asosida:
qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalarda ko‘plab uchraydigan marosim qo‘shiqlari, lirik qo‘shiqlar namunalari eposlar tarkibida mavjud bo‘lishi haqidagi, xususan «Alpomish» va «Tohir va Zuhra» dostonlari mazmunida aks etgan lirik va marosim qo‘shiqlari tahliliga bag‘ishlangan dissertatsiya natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170927147-raqamli «Qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 25-apreldagi 04/1-780-ma’lumotnomasi); 
xalq dostonlarida shartli belgilar va tizimlilik, folklorda kinodramaturgiya unsurlari mavjud bo‘lishi, «Alpomish», «Tohir va Zuhra» dostonining ekrandagi talqini masalalari, kino tarixida folklorning o‘rni kabi tadqiqot mavzusiga doir ilmiy qarashlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «So‘nmas yulduzlar», «KinoPro» va «Telexiyobon», «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Kino tarixi» va «Tarixiy savol» ko‘rsatuvlari hamda «Mahalla» radiokanali «Bir asar tarixi» radioeshittirishida foydalanilgan. (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021-yil 9-dekabrdagi 01-14/257-son, 2022-yil 22-apreldagi 06-20-504-son, 2021-yil 16-dekabrdagi 755-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlar va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallar mazmuni boyitilib, folklor va kinodramaturgiya munosabatlari, dostonlarning ekranlashtirilishi masalalariga oid nazariy fikrlar bilan ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ilmiy-ommabopligini ta’minlashga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish