Ziyayeva Yulduz Temirxonovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek romanlarida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlarining poetik takomili”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2435
Ilmiy rahbar: Jo‘raqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori, professor; Radjapova Burobiya Tangirova, filologiya fanlari nomzodi, yetakchi ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi “Oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazini ilohiy axborotlar, mif, folklor va ilk o‘zbek romanchiligi tarixi (XX asrning 30-80-yillari)ga xos poetik tadrijini kuzatish, mustaqillik davri o‘zbek romanlarini “oshiq-ma’shuqa-raqib” uchligi doirasida tadqiq etish, O‘.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, X.Do‘stmuhammadning “Bozor”, L.Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar” kabi asarlarida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlari spesifikasi, ijtimoiy-ma’rifiy talqini, badiiy-psixologik funksiyasining anormallashuvi doirasida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlar tizimining genezisi, sinkretik holati va bundan keyingi sintezlashuv jarayonlari mifologik manbalarda buzilgan shaklda, o‘zbek xalq ijodiyotiga mansub janrlar, xususan, eposlarga kelib umumlashgani, obrazlar alohida shaxsdan millat miqyosiga ko‘tarilgani, Alisher Navoiy “Xamsa” dostonlarida mohiyat jihatdan ilohiy kalomlarga yaqinlashgani, qat’iylashgani, kanonlashgani, Abdulla Qodiriy romanlarida diniy va dunyoviy tafakkur mahsuli sifatida, Abdulhamid Cho‘lpon romanlarida jahon romanchiligining ta’siri, ayni yozuvchilar an’anasining Oybek va Abdulla Qahhor romanlarida davom etgani ochib berilgan; 
“Tushda kechgan umrlar” romanida “oshiq-ma’shuqa-raqib” uchligi badiiy vazifasi va spesifik o‘zgarishlari, xususan, “ushrashuv”, “ayriliq”, “visol” motivlarining asar syujet liniyasida noan’anaviy tarzda berilgani, oshiq obrazi tasvirida milliy-ijtimoiy-individual fojianing uyg‘un psixologik tasviri yetakchilik qilishi dalillangan; 
Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor” romanida obrazlar poetik tasvirida ham an’anaviy, ham jahon romanchiligidagi shakliy izlanishlarni o‘zida mujassam etgani, “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlarining metaforiklashuvi, oshiq va ma’shuqa tasviridagi ma’rifiy talqinning yetakchiligi aniqlangan;
zamonaviy o‘zbek romanlarida obraz-triada bosqichlari, ularning milliy va jahon romanchiligi an’analari bilan munosabati, yangilanishi va takomillashuvi, L.Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar” romanida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlar tasvirida sintezlashuv, anormallashuv jarayonlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mustaqillik davri o‘zbek romanlarida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlarining poetik takomili tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazining adabiyot tarixidagi poetik tadriji, tarixiy bosqichlari, uchlik takomilida an’anaviylik tamoyili hamda jahon romanchiligi ta’siri masalasi, O‘.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, X.Do‘stmuhammadning “Bozor”, L.Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar” kabi romanlarida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazlarining o‘ziga xosligi, ijtimoiy-ma’rifiy talqini, ijtimoiy-psixologik funksiyasining anormallashuv jarayonlariga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildli monografiyani (7 jild) chop etish (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 14-sentabr 04/1-2575-son ma’lumotnomasi). Natijada “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazining adabiyot tarixidagi poetik tadriji, tarixiy bosqichlariga oid ilmiy ma’lumotlar bilan boyishiga xizmat qilgan;
obraz-triadaning 30-80-yillar adabiyotida badiiy aks ettirilishi, “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazi takomilida milliy va jahon romanchiligining o‘rni, “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazi ijtimoiy-psixologik funksiyasining anormallashuv jarayonlarini epik idroklashga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2021-yillarda bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 16-yanvardagi 04/1-94-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yaratilgan poetik lug‘at “oshiq-ma’shuqa-raqib” obraziga doir ilmiy izohlar bilan boyitilgan;
“Tushda kechgan umrlar”, “Bozor” romanlarida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazining ijtimoiy, ma’rifiy va o‘ziga xos xususiyatlari, “Jaziramadagi odamlar” romanida “oshiq-ma’shuqa-raqib” obrazi ijtimoiy-ma’rifiy funksiyasining anormallashuvi, shu bilan birga, tadqiqot obyekti hisoblangan adiblar badiiy konsepsiyasining ifoda usullari, ijodkorlarga xos individuallik va poetik mahorat masalalariga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali “Bedorlik”, “Adabiy jarayon” dasturlarida foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokanali 2023-yil 16-yanvardagi 04/36-75-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish