Hakimova Shoxista Raimovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz va o‘zbek lingvomamlakatshunoslik matnlari tarjimasi muammolari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyoshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1467.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Jo‘raeva Iroda Axmedovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Kulmamatov Do‘stmamat Sattarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Teshaboeva Ziyoda Qambarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarkand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvomamlakatshunoslik matnlari va ularning madaniyatlararo informativ xususiyatlarining tarjima muammolarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvomamlakatshunoslik matnlarining millat mentalitetga xos xulq-atvor steriotiplari, an’ana, urf-odat, muloqot elementlari kabi madaniyatlararo informativ xususiyatlari dalillangan;
turli tizimli tillarda lingvomamlakatshunoslik birliklarini tarjima matnida adekvatligini ta’minlashda asliyat va tarjima tilining fonetik jihatdan bir xilligi hamda turli shaklga egaligi “o‘ziniki” va “o‘zganiki” oppozisiyasini qo‘llash orqali isbotlangan;
ikki til doirasida rasmiy nutqqa oid situativ realiyalar tarjimasida teng ma’noga ega ekvivalentlikning muqobillik, analog, adekvat almashtiruv usullari asoslangan;
ingliz va o‘zbek tillariga xos tarixiy yodgorliklar, atoqli otlarning asl nomlarini saqlashda transkripsiya – analog, transkripsiya – tavsif, transkripsiya – transplantat – tavsif, transkripsiya – kalka – tavsif, transkripsiya – transplantat kabi tarjimaning uyg‘un kombinatsiya usullarini qo‘llash samarali ekanligi dalillangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lingvomamlakatshunoslik matnlarining tarjima muammolarini tadqiq qilish jarayonida olingan nazariy ishlanmalar va amaliy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi lingvomamlakatshunoslik matnlarining mentalitetga xos xulq-atvor steriotiplari, an’ana, urf-odat, muloqot elementlari kabi madaniyatlararo informativ xususiyatlari hamda turli tizimli tillarda lingvomamlakatshunoslik birliklarini tarjima matnida adekvatligini ta’minlashda asliyat va tarjima tilining fonetik jihatdan bir xilligi hamda turli shaklga egaligi “o‘ziniki” va “o‘zganiki” oppozisiyasini qo‘llashga oid xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutining I-204-4-5 “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2022 yil 9 avgustdagi 2237/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘quvchining lingvomamlakatshunoslik kompetensiyasini oshirishga realiyalar, atoqli otlar, situativ realiyalar va muloqot elementlari aniqlash hamda lingvomamlakatshunoslik matnlari tarjimasida “o‘zganiki” va “o‘ziniki” oppozisiyasi asosida transkripsiya, translitteratsiya, kalkalash, turg‘un muvofiqlik, tavsif, lingvomadaniy izoh, adaptatsiya, generalizatsiya, konkretizatsiya tushirib qoldirish usullarini qo‘llash samaradorligiga erishilgan;
ikki til doirasida rasmiy nutqqa oid situativ realiyalar tarjimasida teng ma’noga ega ekvivalentlikning muqobillik, analog, adekvat almashtiruv usullariga oid xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida bajarilgan Erasmus+ 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli xalqaro innovatsion tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2022 yil 21 iyuldagi 2061/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida ekvivalentlik kategoriyalari tarjima tilining madaniy markerlangan fon leksikasini aniqlashga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillariga xos tarixiy yodgorliklar, atoqli otlarning asl nomlarini saqlashda transkripsiya – analog, transkripsiya – tavsif, transkripsiya – transplantat – tavsif, transkripsiya – kalka – tavsif, transkripsiya – transplantat kabi tarjimaning uyg‘un kombinatsiya usullarini qo‘llashga oid xulosalardan “O‘zbekiston” telekanalining “Xayrli kun” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 8 avgustdagi 312-son ma’lumotnomasi). Natijada, teleko‘rsatuvlar ssenariysi tarjimaning uyg‘un kombinatsiyasi usullarini qo‘llash orqali lingvomamlakatshunoslik matnlarining tarjimasi adekvatligini ta’minlashga oid ma’lumotlar bilan boyitilgan.