Isakova Go‘zalxon Ne’matovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Fransuz tili qanotli so’zlarining semantik va stilistik xususiyatlar” 10.00.04 – Yevropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Fil240.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O’zbekiston Milliy universiteti. 
IK faoliyat ko’rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O’zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10. 
Rasmiy opponentlar: Djusupov Nursultan Maxanbet uli, filologiya fanlari doktori, dotsent; Nosirov Abduraxim Abdimutalipovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Kiselyov Dmitriy Anatolyevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo’nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qanotli so’zlar fenomenini boshqa til birliklaridan farqlash asosida, fransuz tili qanotli so’zlarining semantik va stilistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
qanotli so’zlar tuzilishiga ko’ra so’z, so’z birikmasi va gapga teng, semantik jihatdan yaxlit, muallifi yoki manbasi aniq birliklar ekanligi, nutqda tayyor holda qo‘llanilishi, tildan-tilga tez o’zlashuvchanligi, chuqur fikrlarni, murakkab holat va xarakterlarning ma’nosini lo’nda shaklda, aniq hamda obrazli ifodalab bera olishi aniqlangan;
qanotli so’zlarning frazeologik birlik, aforizm, maqol va matallar, maksima, sentensiya, adaj hamda sitata tushunchalaridan semantik, struktur, muallif yoki manbaga egalik, biror voqea yoki hodisa bilan assotsiatsiyalanish, obrazlilik kabi farqli jihatlari aniq chegaralanib, ularning tilshunoslikdagi alohida til birligi ekanligi isbotlangan; 
qanotli so’zlarning turg‘unlik va ongda qayta in’ikos etishlik xususiyatlari alohida kasb etishi, ularning turg‘unligi tayyor shakldagi semantik jihatdan bir butun ekanligi bilan izohlanishi, ongda qayta in’ikos etishlik xususiyati esa butun bir voqea, hodisa yoki tarixning ongda qayta aks etishiga olib kelishi aniqlangan; 
fransuz tili qanotli so’zlarining ta’lim va tarbiya masalalarini ongga chuqur singdirishi, Vatan va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga erishishi hamda shaxsga umumiy tarzda baho berish, ulardagi ijobiy va salbiy xususiyatlarni obrazli tarzda namoyon qilishi dalillangan;
fransuz tili qanotli so’zlarining matnda uzual qo’llanilishlari eksplisit va implisit tarzda namoyon bo’lishi, eksplisit tarzda muallif mushohadasini asoslash, tasdiqlash, fikrni obrazli yetkazish, komik effekt yaratish, implisit tarzda esa, matnga oson moslashish, nomlash va kompozision funksiyalarni bajarishi isbotlangan;
fransuz tili qanotli so’zlarining individual muallifga xos okkazional qo’llanilishlari tarkibni kengaytirish, aktuallashtirish, komponentlarini almashtirish, kontaminatsiya, ellipsis, distribusiya usullarida namoyon bo’lishi va badiiy matnda ma’noning kuchayishi, ta’sirchanlik, emotsional-ekspressivlikning ortishi, komik effekt hosil qilish, matnga moslashtirish, ixchamlashtirish, iboraning yangi shakllarini yaratish funksiyalarini bajarishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fransuz tili qanotli so’zlarining kelib chiqish tarixi, nazariyasi, semantik va matndagi stilistik xususiyatlarini tadqiq etish jarayonida olingan nazariy va amaliy natijalar asosida:
qanotli so’zlarning lisoniy xususiyatlariga doir xulosalardan o’zbek tilidagi elektron matnlarni ovozli xabarga aylantiruvchi “UzNutq Sintezatori” kompyuter dasturining ma’lumotlar ba’zasini funksional-semantik hamda stilistik xususiyatlariga ko’ra farqlanuvchi qanotli so’zlar bilan boyitishda, tilning boy ifodaviy imkoniyatlaridan foydalanishga oid tavsiyalar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetining BV-Atex-2018 (143) raqamli “Ko’zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o’qish va yozish imkonini beruvchi o’zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 27-iyuldagi 04/1-2324-son ma’lumotnomasi). Natijada, o’zbek tilidagi elektron matnlarni ovozli xabarga aylantiruvchi “UzNutq Sintezatori” kompyuter dasturining lingvistik ta’minot ba’zasi yaratilgan;
fransuz tili qanotli so’zlarining kelib chiqish tarixi, ularning semantik va stilistik xususiyatlarini yoritib berish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan san’atga oid iboralarning kelib chiqish tarixini aniqlash, ularning semantik xususiyatlarini tahlil qilish, sinonimik, antonimik, variantlashuv kabi jihatlarini tadqiq qilish hamda milliy va madaniy o’ziga xos xususiyatlariga oid takliflar O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining FZ-202001063 raqamli “Xoreografik terminlar qisqacha izohli lug‘ati va uning multimediyasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2022-yil 17-yanvardagi 05-08/20-son ma’lumotnomasi). Natijada, xoreografik terminlar izohli lug‘ati va uning multimediyasini yaratishga oid metodik tavsiyalar ishlab chiqishga erishilgan;
o’zlashma termin va iboralarni o’rganish, ularning stilistik xususiyatlarini tahlil qilish, muqobil variantlarini to’g‘ri tanlash hamda lingvokulturologik xususiyatlarini o’rganishda Britaniya Kengashi, O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligidagi “EMI (English as a Medium of Instruction)” nomli xalqaro loyihada foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2022-yil 20-iyundagi 01-2283-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida chop etilgan lug‘atning glossariysi ishlab chiqilgan;
qanotli so’zlarning kelib chiqish tarixi, ularning semantik va stilistik xususiyatlari bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan fransuz tilidagi qanotli iboralarning tavsifi masalasini yoritishda, terminlarning ideografik xususiyatlarini izohlashda hamda ularni milliy va madaniy o’ziga xos xususiyatlarini tahlil qilishda O’zbekiston–Fransiya forumida foydalanilgan (Toshkent Fransuz Alyansining 2022-yil 14-sentabrdagi 19-son ma’lumotnomasi). Natijada forum materiallari bo’yicha tayyorlangan to’plamning glossariysi ishlab chiqilgan va mazkur to’plamni yaratishga oid metodik tavsiyalar shakllantirilgan;
fransuz tilidagi mavjud qanotli so’zlarni tadqiq etish bilan bog‘liq ilmiy natijalardan ayrim eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda (2021-2022 yillar), xususan, “O`zbekiston” teleradiokanalining “Ta’lim va taraqqiyot” va “Adabiy jarayon” nomli eshittirishlarining ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 2-fevraldagi 04-36-227-son ma’lumotnomasi). Natijada, televosita orqali teletomoshabinlarning tilshunoslikning dolzarb muammolari haqidagi tushunchalarini shakllantirishga va bilimlarini boyitishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish