Alidjanov Xodjiakbar Kashipovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlarini tashxislash va jarroxlik davosini takomillashtirish», 14.00. 34 – Yurak-qon tomir xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Tib446.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Shavkat Ibragimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Dsc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Zatevaxin Igor` Ivanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Baxritdinov Fazlitdin Shamsitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abduraxmanov Ma’mur Mustafaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Janubiy Ural davlat tibbiyot universiteti” Federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari bo‘lgan bemorlarda xirurgik aralashuvlar hajmi va bosqichlarini aniqlaydigan ko‘p omilli yondashuvni ishlab chiqish orqali tashxislash va davolash natijalarini yaxshilash hamda tashrix vaqtida yuzaga keladigan ishemik insul`t va o‘lim ko‘rsatkichlari chastotasini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari bo‘lgan bemorlarda serebral oksimetriya ma’lumotlarining Villiziy halqasining turli xil shikastlanishlari bilan korrelyasion bog‘liqlik darajasi aniqlangan;
serebral oksimetriya va funksional zo‘riqish sinamalari davomida arterial qon bosimining o‘zgarishi bosh miya kortikal qismlarining oksigenatsiya ko‘rsatkichlari dinamikasiga ta’sir qilmasligi aniqlangan;
tashrixdan oldingi funksional va zo‘riqish sinamalarini o‘tkazish paytida bosh miyaning kislorod bilan to‘yinganligi 45% dan kam va/yoki boshlang‘ich qiymatlardan 20% dan ko‘proq pasayishi uyqu arteriyasini qisish vaqtida xirurgik amaliyot vaqtida insul`t rivojlanishining prediktori ekanligi aniqlangan;
braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlarida ishemik insul`t ehtimolini va amaliyot vaqtida vaqtinchalik arteriya ichi shuntidan foydalanish zaruratini baholashga qaratilgan miyaning ishemiyaga tolerantligini bashorat qilish va differensial davolash usuli ishlab chiqilgan;
uyqu arteriyalarining total aterosklerotik zararlanishlarida, bir bosqichda ochiq an’anaviy xirurgik davolash usuli hamda endovaskulyar aralashuvni qo‘llashni nazarda tutuvchi gibrid yondashuv bilan tavsiflanadigan xirurgik davolash usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari bo‘lgan bemorlarga ko‘rsatiladigan yuqori texnologik xirurgik yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlarida amaliyotdan oldingi davrda bosh miyaning ishemiyaga chidamliligini bashorat qilish va differensial davolash usuli” ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2022 yil 15 oktyabrdagi IAP 07153-sonli ixtiro uchun patenti). Taklif etilgan usul tashrixdan oldingi davrda bosh miyaning gipoksiyaga chidamliligini oshirish uchun maxsus tayyorgarlikka muhtoj, miyaning ishemiyaga tolerantligi past va kritik bo‘lgan bemorlarni aniqlash imkonini bergan;
“Uyqu arteriyalarining total aterosklerotik zararlanishlarida xirurgik davolash usuli” takomillashtirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2022-yil 15-oktyabrdagi IAP 07131-sonli ixtiro uchun patenti). Taklif etilgan usul uyqu arteriyalarining dastlabki anatomiyasini saqlash, umumiy va ichki uyqu arteriyalarida qon oqimining gemodinamik jihatdan ahamiyatli buzilishlarini bartaraf etish, bu esa asoratlar soni va xirurgik amaliyot vaqtida ishemik insul`t rivojlanish xavfini kamaytirishga imkon bergan;
ekstrakranial arteriyalarning aterosklerotik zararlanishlarida serebral oksimetriyaning ahamiyatini asoslash bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan “Ekstrakranial arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari mavjud bo‘lgan bemorlarni tashxislash va davolashda serebral oksimetriyaning o‘rni” nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 14 fevraldagi 08-03609-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar vaqtinchalik arteriya ichi shuntidan foydalanish chastotasini kamaytirish imkonini bergan;
karotid rekonstruksiya amaliyotidan keyin bemorlarni reabilitatsiyasi dasturini optimallashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan “Surunkali bosh miya qon aylanishi etishmovchiligi bo‘lgan bemorlarni karotid rekonstruksiya amaliyotidan keyingi kompleks reabilitatsiyasi” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 14 fevraldagi 08-03609-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar bemorlarni tashrixdan keyingi davrda, ayniqsa, xirurgik amaliyot davrida ishemik insul`tga uchragan bemorlarni olib borish taktikasini takomillashtirish imkonini bergan;
braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash va xirurgik davolash sifatini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlashning amaliy faoliyatiga, xususan, U. Xolmuradov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (Nukus shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan va Toshkent viloyatlari filiallarining xirurgiya bo‘limlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 14 fevraldagi 08-03609-son ma’lumotnomasi). Braxiotsefal arteriyalarning ko‘plab aterosklerotik zararlanishlari bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolashning davolash-taktik jihatlarini takomillashtirish tashrixdan keyingi davrda bosh miyaning ishemik hodisalari chastotasini 6,7% dan 4,7% gacha, shuningdek, ushbu asoratlardan o‘lim darajasini 0,8% dan 0,2% gacha pasaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish