Alimov Ozod Sabirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xamsat ul-mutahayyiriyn” asarining qiyosiy-matniy tadqiqi”, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1893.
Ilmiy rahbar: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Jo‘rayev Jaloliddin Alimdjanovich, filologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Xamsat ul-mutahayyiriyn”ning birlamchi nodir qo‘lyozma manbalarini aniqlash, ilmiy tavsifini tuzish, asarning kompozision qurumini ko‘rsatish, shuningdek, birlamchi qo‘lyozma manbalar asosida muallif qalamiga yaqin bo‘lgan ilmiy-tanqidiy matnini tuzishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Xamsat ul-mutahayyiriyn”ning monografik tavsifi amalga oshirilib, asarning janr xususiyati, uning yozilishiga turtki bo‘lgan omillar aniqlanib, asar Abdurahmon Jomiy hayot yo‘li va ilmiy merosini yoritishga bag‘ishlangan muhim memuar bio-bibliografik manba ekani dalillangan;
 “Xamsat ul-mutahayyiriyn” asari qo‘lyozmalari ilk bor qiyosiy-matniy tekshirilib, asar qo‘lyozmalarining mamlakatimiz va xorijiy fondlarda saqlanayotgan jami 22 ta nusxasi aniqlanib, To‘pqopi (Revan), Parij, Sulaymoniya (Fotih), Sankt-Peterburg, London, Toshkent nusxalari asosida 11 ta qo‘lyozma nusxa to‘liq tavsiflangan, asarning ilmiy-tanqidiy matnini tuzishga jalb qilingan 6 ta birlamchi qo‘lyozma manbalar o‘rtasida matniy tafovutlar mavjudligi hamda mazkur tafovutlarning yuzaga kelishi xattotlar saviyasi bilan bog‘liqligi asoslangan.
“Xamsat ul-mutahayyiriyn” asarining matniy qiyosi 6 ta birlamchi manbalar asosida amalga oshirilib, To‘pqopi va Parij nusxalaridagi ayni matniy o‘xshashliklar asosida Parij nusxasi uchun To‘pqopi nusxasi asos bo‘lgani isbotlangan;
“Xamsat ul-mutahayyiriyn” avvalidagi “Debocha” hamda asar so‘nggidan o‘rin olgan “Marsiya” asarining yurtimiz va xorijiy (jami 7 ta) joriy nashrlaridagi mavjud matniy tafovutlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Xamsat ul-mutahayyiriyn” asarining qo‘lyozma nusxalari, nashrlari, ulardagi tafovutlar va matniy xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek adabiyoti tarixida Alisher Navoiy nasriy asarlarining o‘rni, “Xamsat ul-mutahayyiriyn” asarining g‘oyaviy xususiyatlari, Jomiy va Navoiy ijodida adabiy ta’sir masalalari kabi ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017–2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildli monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 4-noyabrdagi 04/1-3046-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Xamsat ul-mutahayyiriyn”ning janr xususiyati, Abdurahmon Jomiy shaxsiyati, ilmiy-ijodiy merosi manbalari, ularning mavzusi va ko‘lamini hamda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtalaridagi munosabatlarning yuksak namunasini yoritishga oid ma’lumotlarni mukammallashtirishga xizmat qilgan;
marsiya tarixi, uning sharq adabiyotidagi o‘rni, janr xususiyati, shuningdek, navoiyshunoslik tarixidagi yutuq va muammolar hamda ularning yechimiga oid fikr-mulohazalar haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018–2020-yillarda bajarilgan PZ-20170926459 raqamli “Navoiyshunoslik tarixi (XX-XXI asrlar)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 4-noyabrdagi 04/1-3045-son ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy merosining matniy tadqiqi, asarlarining mahalliy va xorijiy nashrlari, ulardagi yutuq va muammolar, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda muammo yechimiga oid mulohazalar navoiyshunoslikning buguni va kelajagidagi istiqbolini belgilashda muhim manba vazifasini o‘tagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish