Atayev Azamat Pulatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “VIII‒XIII asrlarda Xorazmda yaratilgan arab tilidagi adabiy manbalar tadqiqi”, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1894.
Ilmiy rahbar: Zohidov Rashid Fozilovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori, professor; Tursunov Yusuf, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi VIII‒XIII asrlar Xorazm adabiy muhitida yaratilgan arab tilidagi manbalarni manbashunoslik va matnshunoslik aspektida qiyosiy tekshirish, ularning Xorazm adabiy muhitini yoritishdagi ahamiyatini, mavzular, janrlar rivoji, keyingi davr o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojidagi o‘rnini yoritish hamda qadimiy matnlarga yondashuv prinsiplarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Islom ta’siri ostidagi Movarounnahr adabiyotining rivoji, ko‘ptillilik, arab tilining ilmiy til sifatida turkiy tilli xalq hayotiga kirib kelishi, ilmiy va badiiy ijod jarayoni Xorazm adabiy muhitiga mansub arab tilida yaratilgan manbalar asosida tekshirilib, ularning dunyo fondlaridagi qo‘lyozma va nashriy manbalari aniqlangan;
Xorazm adabiy muhitining shakllanishi va rivojiga asos bo‘lgan VIII‒XIII asrlarga oid manbalarning davr qiyofasi, tarixi, adabiy jarayonni belgilashdagi ahamiyati ochib berilib, hukmdorlarning adabiyotga e’tibori, jamiyat hayotida ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy hodisalarning badiiy adabiyotga ta’siri, mavzu va janriy o‘zgarishlar ko‘lamiga ko‘ra asoslangan;
VIII‒XIII asrlarda arab tilida yaratilgan adabiy manbalar, jumladan, Mahmud Zamaxshariy va Najmiddin Kubro adabiy-badiiy asarlari, Abu Bakr Xorazmiy, Rashididdin Vatvot, Muhammad ibn Homid, Qosim ibn Husayn va Raqqoshiy kabi ijodkorlar she’riyatining matniy-qiyosiy tadqiqi amalga oshirilgan, arab adabiyoti bilan kirib kelgan adabiy janrlar ‒ madh, g‘azal, qasidaning turlari mazkur shoirlar ijodi misolida tekshirilgan, tarjima qilinib, ilmiy iste’molga olib kirilgan;
Xorazm adabiy muhitiga mansub arab tilida yaratilgan manbalarning o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojidagi, islom Sharqi ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rni aniqlangan, Markaziy Osiyolik ijodkorlarning umumiy va mushtarak jihatlari, muhojir shoirlar ijodidagi yetakchi xususiyatlar VIII‒XIII asrlarga oid arab tilida yaratilgan adabiy manbalar misolida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. VIII–XIII asrlarda Xorazmda yaratilgan arab tilidagi adabiy manbalar tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Arab tilidagi adabiy manbalarning Xorazm adabiy muhitidagi o‘rni, nazmiy va nasriy manbalarning mavzuiy tasnifi hamda adabiy manbalarning matniy-qiyosiy tadqiqi hamda adabiy izdoshlik an’analariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017–2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030-raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 5-oktyabrdagi 01-2758-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, monografiyaning qadimgi yozma adabiyot namunalari yoritilgan 1-jildi arab tilidagi manbalar asosida Movarounnahrda qadimgi yozuv madaniyatining shakllanishi, Xorazm adabiy muhiti, arab yozuvi va tilining kirib kelishi, ilmiy-ijodiy muhit qiyofasi, janrlar, mavzulardagi yangilanishlar haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan.
VIII‒XIII asrlar Xorazm adabiy muhitida yaratilgan arab tilidagi manbalarni manbashunoslik va matnshunoslik aspektida qiyosiy o‘rganish, qadimiy matnlarga yondashuv prinsiplarini ishlab chiqish bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi 238-son qarori 3-bandiga muvofiq amalga oshirilgan Ogahiy “Asarlar” silsilasining 3-6-jildlarini nashrga tayyorlash va chop etishda, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasida 2019-2020-yillarda bajarilgan A-FA-2019-9-raqamli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihaning VIII–XIII asr adabiy manbalarini xronologik tasniflash; mavzuga oid qo‘lyozma manbalarni ilmiy tavsiflash; Xorazm adabiy muhitida tazkirachilik an’analarini o‘rganish; VIII–XIII asr Xorazmda yaratilgan noyob adabiy manbalarning to‘la sharh va izohlar bilan ta’minlangan lug‘atli ilmiy ko‘rsatkichini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasining 2022-yil 10-martdagi 53/1-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, arab tilidagi adabiy manbalar asosida manbalar tavsifi, tarjimasi, ilmiy tadqiqi amalga oshirilgan, Xorazm tarixi, madaniyatini yoritishga asos bo‘luvchi yangi adabiy materiallarni aniqlashga doir tamoyillar ishlab chiqilgan, loyiha mazmunan ilmiy dalillar bilan to‘ldirilgan.
VIII‒XIII asrlar Yevroosiyo hududlarida kechgan siyosiy va etnik jarayonlarda xorazmliklarning o‘rni borasidagi ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan 2021-yil 31-martdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xorazm viloyati bo‘limining 2022-yil 31-oktyabrdagi 2135-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur ma’lumotlar Xorazm adabiy muhiti muhiblari, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik sohasi mutaxassislari, tarix yo‘nalishi tadqiqotchilariga Xorazm tarixi, adabiyotini yoritish, o‘rganishga boy material bo‘lib xizmat qilgan.