Mahmanov Orif Qudratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlarini monitoring qilish axborot tizimining model va algoritmlari”, 05.01.10 - Axborot olish tizimlari va jarayonlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.DSc/T455.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Zaynidinov Xakimjon Nasiridinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Saidov Abdusobirjon Abduraxmonovich, texnika fanlari doktori, professor; Kalandarov Ilyos Ibodullaevich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagog kadrlar attestatsiyasi monitoringi biznes-jarayonlarini modellashtirish, ma’lumotlar tuzilmalarini loyihalashtirish, axborotlarga ishlov berish algoritmlari va axborot tizimlari majmuini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi xususiyatlari asosida axborot oqimlarini informativ parametrlariga ko‘ra taqsimlash hamda funksional jarayonlarini maqsadli boshqarishga qaratilgan axborot tizimlarining funksional-mantiqiy modellari, foydalanish ssenariyalari va arxitekturasi ishlab chiqilgan;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlarini raqamlashtirishda ma’lumotlarni taqdim etishning konseptual, mantiqiy va jismoniy modellari hamda ma’lumotlar bazasidagi informativ maydonlarni dinamik o‘zgarishiga ko‘ra foydalanuvchi interfeyslarini tashkil etish model va algoritmlari ishlab chiqilgan;
ilmiy daraja va ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya jarayonlarini monitoring qilish, ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, ishlov berish hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi bo‘yicha maqsadli parametrlarning moslashuviga asoslangan axborot modellari ishlab chiqilgan;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlari bo‘yicha ma’lumotlar majmuini unifikatsiyalash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi veb-servisning axborot modellari hamda yagona axborot tizimi ishlab chiqilgan;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar to‘g‘risidagi informativ ma’lumotlarni elektron hukumat doirasidagi idoraviy axborot tizimlari bilan bog‘lanishi hamda ma’lumot almashishini ta’minlovchi ko‘p bosqichli integratsiyalash model va algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi monitoringini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan modellar, algoritmlar va axborot tizimlari majmualari asosida:
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi xususiyatlari asosida axborot oqimlarini informativ parametrlariga ko‘ra taqsimlash hamda funksional jarayonlarini maqsadli boshqarishga qaratilgan monitoring qilish axborot tizimlarining funksional-mantiqiy modellari va avtomatlashtirilgan boshqaruvning funksional tuzilmalari asosida “Ilmiy darajalar kompleks-tahliliy axborot tizimi” joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2022-yil 7-dekabrdagi 01-01/2777/1 son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya himoyasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish hamda dissertatsiya himoyasidan keyingi attestatsiya ishlarini ro‘yxatga olish vaqti sezilarli darajaga qisqartirilib, hujjatlarni viloyatlarda joylashgan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlardan olib kelish xizmat safari bilan bog‘liq harajatlar shartli ravishda 261 mln. so‘mga iqtisod qilingan va ushbu jarayonda “sub’ekt-sub’ekt” jonli uchrashuviga barham berilgan;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlarini raqamlashtirishda ma’lumotlarni taqdim etishining konseptual, mantiqiy va jismoniy modellari hamda ma’lumotlar bazasidagi informativ maydonlarni dinamik o‘zgarishiga ko‘ra foydalanuvchi interfeyslarini tashkil etish model va algoritmlari asosida “Ilmiy unvonlar kompleks-tahliliy axborot tizimi” joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2022-yil 7-dekabrdagi 01-01/2777/1 son ma’lumotnomasi). Axborot tizimining amaliyotga joriy qilinishi natijasida ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya ishlarini ro‘yxatga olish vaqti sezilarli darajaga qisqartirilgan, qog‘oz sarfi o‘rta hisobda 1,5 tonnaga tejalgan va hujjatlarni viloyatlardan olib kelish uchun xizmat safari bilan bog‘liq harajatlar shartli ravishda 171 mln. so‘mga iqtisod qilingan;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlari bo‘yicha ma’lumotlar majmuini unifikatsiyalash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi veb-servisning axborot modellari asosida “Korporativ elektron xujjatlar aylanish kompleks-tahliliy axborot tizimi” joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 21-fevraldagi 33-8/1142 son ma’lumotnomasi). Natijada axborot tizimi orqali 2021–2022-yillar davomida oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar va OAK o‘rtasidagi barcha yozishmalar korporativ axborot tizimi orqali amalga oshirilgan. Mazkur axborot tizimining joriy qilinishi natijasida hujjat jo‘natish/qabul qilishga ketadigan vaqt sezilarli darajaga qisqartirilgan, viloyatlardan hujjatlarni olib kelish sarf-harajatlarni to‘liq qisqartirilgan, jarayonda “sub’ekt-sub’ekt” jonli uchrashuviga barham berilgan.
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar to‘g‘risidagi informativ ma’lumotlarni elektron hukumat doirasidagi idoraviy axborot tizimlari bilan bog‘lanishi hamda ma’lumot almashishini ta’minlovchi ko‘p bosqichli integratsiyalash model va algoritmlari asosida “Elektron hukumat identifikatsiyalash yagona tizimi”, “Olim axborot tizimi”, “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahliliy tizimi” va “Jismoniy shaxslar ma’lumotlar bazasi” bilan integratsiyalash amalga oshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 21-fevraldagi 33-8/1142 son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy daraja va ilmiy unvon bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini raqamlashtirilishi orqali qog‘ozbozlikni kamaytirish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga erishilgan.