Xolmurzaev Bobur Mansurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Takroriy va o‘tmishdosh ekinlar hamda mineral o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llashning kuzgi bug‘doy hosildorligiga ta’siri (Irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida)”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2022.4.PhD/Qx744.
Ilmiy rahbar: Rizaev Shuxrat Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Karabaev Ikromjon To‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jo‘raev Akmal Normuxammadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirishni ta’minlaydigan maqbul dukkakli - don ekin turlarini ajratish va mineral o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llashni qulay me’yorlarini aniqlash orqali kuzgi bug‘doydan yuqori, sifatli don hosili etishtirish va tuproq unumdorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Samarqand viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida takroriy dukkakli-don (loviya, mosh, soya, ko‘k no‘xat) va o‘tmishdosh (beda) dukkakli ekinlarining o‘sib-rivojlanishi, hosildorligi aniqlangan va shu sharoit uchun mos eng maqbul turlari (soya, mosh, beda) kuzgi bug‘doy uchun o‘tmishdosh sifatida tanlab olingan;
takroriy dukkakli-don va o‘tmishdosh dukkakli ekinlarini dalaning tuprog‘i yuvilmagan va kuchli yuvilgan maydonlarda qoldirgan ang‘iz va ildiz qoldiqlari (loviyada 2,62-2,56, soyada 2,72-2,65 va bedada 17,94-17,65 tonnagacha), ular tarkibidagi NPK miqdorlari (mosh ang‘izida N-1,18-1,16; P-0,39-0,37; K-1,58-1,56 %, ildizida N-1,36-1,35; P-0,86-0,84; K-1,11-1,08 %) hamda tuproqqa qaytarilgan oziq moddalar miqdorlari aniqlangan;
irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlarda takroriy va o‘tmishdosh ekinlardan so‘ng tuproqning agrofizikaviy (mosh, soya, beda variantida tuproq g‘ovakligi 5,2-4,7-5,8 % oshganligi), agrokimyoviy va mikrobiologik xossalari yaxshilanib, soya va beda ekilgan fonlarda tuprog‘i kuchli yuvilgan, o‘g‘it me’yori oshirib qo‘llanilgan variantlarda tuproqdagi gumus 0,99-1,27 %, azot 24,3-35,4, harakatchan fosfor 22,6-28,7 va almashinuvchan kaliy 295-320 mg/kg bo‘lganligi qayd etilib, tuproq unumdorligiga ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan keyin etishtirilgan takroriy ekinlar va mineral o‘g‘it me’yorlarini tabaqalashtirib qo‘llashning urug‘larning unib chiqishi kuzgi bug‘doy (o‘g‘itsiz nazorat) variantida 85,2-82,6 % bo‘lgan bo‘lsa, soya va beda variantlarida 91,3-90,8; 92,4-92,2 %, kuzgi bug‘doy ildiz tizimini shakllanishi eng yuqori bo‘lgan o‘tmishdosh beda ekilgan variantining tuprog‘i yuvilmagan, mineral o‘g‘itlar (N90 P120 K90 va N60 P90 K60 kg/ga me’yorda) qo‘llanilganda 207,23-202,81 g. bo‘lganligi aniqlangan;
takroriy dukkakli-don ekinlar va oziqlanish tartiblarida (N180 P126 K90 va N150 P105 K75 kg/ga me’yorda), kuzgi bug‘doy hosildorligi mosh, soya va o‘tmishdosh ekin bedadan so‘ng, tuprog‘i yuvilmagan maydonlarda 68,3-70,2-74,5 s/ga bo‘lib, donning texnologik sifat ko‘rsatkichlari (shishasimonligi 68-72 %, naturasi 786-808 g/l, oqsil 14,8-15,4 va kleykovina 27,0-28,9 %) yaxshilanganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Samarqand viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida maqbul o‘tmishdosh va takroriy ekin turlarini tanlash, mineral o‘g‘itlar me’yorini tabaqalashtirib qo‘llashning kuzgi bug‘doy hosildorligi va tuproq unumdorligiga ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer va klaster xo‘jaliklari uchun “Irrigatsiya eroziyasiga uchragan erlarda kuzgi bug‘doy etishtirishda takroriy ekinlar va mineral o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27 dekabrdagi №07/21-21-9842-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda Samarqand viloyatidagi fermer va klaster xo‘jaliklarida maqbul takroriy ekin turlarini tanlash, mineral o‘g‘it me’yorlarini tabaqalashtirib qo‘llashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
kuzgi bug‘doyni o‘tmishdosh va takroriy dukkakli-don ekinlaridan keyin ekish agrotexnologiyasi Samarqand viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida, jami 268,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27 dekabrdagi №07/21-21-9842-son ma’lumotnomasi). Natijada, takroriy ekinlar soya va moshdan so‘ng kuzgi bug‘doy etishtirilganda don hosildorligi 65,6-68,3 s/ga bo‘lib, yuqori iqtisodiy (rentabellik 39,2-43,5 %) samaradorlikka erishilgan;
o‘tmishdosh va takroriy ekinlardan keyin kuzgi bug‘doy etishtirish va mineral o‘g‘it me’yorini tabaqalashtirib qo‘llash texnologiyasi Samarqand viloyatining irrigatsiya eroziyasiga uchragan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida 28,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27 dekabrdagi №07/21-21-9842-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘k no‘xat va bedadan keyin kuzgi bug‘doy ekilganda, don hosili 66,8-71,6 s/ga va rentabellik 41,2-45,8 % ni tashkil etgan va yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.