Berdimurodov Mansur Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Kriptoanaliz masalalarini yechishning mantiqiy usullari”, 05.01.05– Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/FM553.
Ilmiy rahbar: Kabulov, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abduraximov Baxtiyor Fayziyevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Saidov Abdusobir Abduraxmonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi AES va GOST R34.12-2015(Kuznechik) kriptografik shifrlash algoritmlaridagi akslantirishlarni va ularning bardoshliligini tahlil qilish, algebraik kriptotahlil usuli yordamida baholash hamda mantiqiy usullar yordamida turli bazislardagi matematik modelini yaratish va murakkabligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
AES, GOST R34.12-2015 (Kuznechik), A5/1 algoritmlarining algebraik kriptotahlil usullari asosida optimallashtirilgan matematik modellari yaratilgan;
AES, GOST R34.12-2015 (Kuznechik) zamonaviy simmetrik shifrlash algoritmlari qurilgan matematik modellari asosida umumiy kriptografik talablarga baholangan va ularga nisbatan turli bazisda algebraik kriptotahlil o‘tkazilgan;
Kuznechik shifrlash algoritmi mikrobuyruqlari ketma-ketligini mikrokontrollerlarga o‘tkazishda optimallashtirilgan bul formulalari yaratilgan;
AES, GOST R34.12-2015 (Kuznechik) va A5/1 simmetrik shifrlash algoritmlaridagi akslantirishlarni turli bazisdagi bul funksiyalarga keltirish mezonlari va algoritmi ishlab chiqilgan hamda bir bazisdan ikkinchi bazisga transformatsiya qilish teoremalari isbotlangan;
Bul monoton funksiyalarning maksimal yuqori nolini izlash asosida mantiqiy tenglamalar tizimlarini yechish algoritmlari ishlab chiqilgan va ularning murakkabligi baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. AES, Kuznechik, A5/1 zamonaviy shifrlash algoritmlari uchun yaratilgan va optimallashtirilgan matematik modellar va umumiy kriptografik talablarga baholashda olingan natijalar asosida:
AES, Kuznechik shifrlash algoritmlarining optimallashtirilgan matematik modeli hamda umumiy kriptografik talablarga baholash natijalari OT-Atex-2018-486 “Mantiqiy boshqaruv va axborot xavfsizligi tizimlarini dasturlashtirilgan mantiqiy kontrollerlar va ularni loyihalovchi avtomatlashtirilgan CAD mantiqiy tizimi asosida amalga oshirish” loyihasida shifrlash algoritmlarini mikrokontrollerlarga yozishda mikrobuyruqlarning bul funksiya shakllarini tahlil qilish va optimallashtirishda foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 2022-yil 17-maydagi 04/10-2807–son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash mikrokontrollerga shifrlash algoritmlarini optimal yozish va tahlil qilish imkonini bergan.
zamonaviy simmetrik shifrlash algoritmlari uchun shifrlash algoritmlarini umumiy kriptografik talablarga baholash qoidalaridan “UNICON.UZ” DUKda olib borilayotgan “Kriptografik algoritmlar yaratish” loyihasi doirasida kriptografik algoritmlarni zamonaviy kriptotahlil usullari yordamida baholash jarayonida foydalanilgan. Shuningdek dissertatsiya ishida keltirilgan GOST R34.12-2015 simmetrik blokli shifrlash algoritmidagi akslantirishlarni turli bazisdagi bul funksiyalarga keltirish mezonlari va algoritmini qo‘llash yechimlaridan “UNICON.UZ” DUKda milliy himoyalangan tizimlarda foydalanilayotgan simmetrik blokli shifrlash algoritmlari bardoshliligini baholashda qo‘llanilgan (“UNICON.UZ” DUKning 2022-yil 10-iyundagi 5-3/945–son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni qo‘llash milliy himoyalangan tizimlarda foydalanilayotgan simmetrik blokli shifrlash algoritmlari bardoshligini baholash va tahlil qilish imkonini bergan.