Dusanov Salim Mamarasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oliy ta’lim tizimida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini takomillashtirish», 08.00.01 – Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Iqt1758.
Ilmiy rahbar: To‘xliyev Nurislom, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.01.2021.I.16.03.
Rasmiy opponentlar: Abdullayev Suyun Artikovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Xasanov Rustam Robbimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oliy ta’lim tizimida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oliy ta’lim tizimida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib, biroq oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash, istiqbolda rivojlantirish hamda ta’lim xizmatlari bozoridagi o‘zaro raqobat asosida belgilash taklifi asoslangan;
oliy ta’lim muassasalarida talabalar sonining moliyaviy resurslarga nisbatan nomutanosibligi bois to‘lov-kontrakt va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan to‘lovlarda yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini 12 foiz darajasiga qadar pasaytirish taklifi asoslangan;
oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy resurslar ajratishda budjet xarajatlar smetasi asosida hisoblab chiqilgan umumiy mablag‘lar hajmini mamlakat bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya darajasini hisobga olgan holda ko‘paytirish taklifi asoslangan;
O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi va demografik omillar ta’siri asosida oliy ta’lim tizimida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligining 2026 yilgacha prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oliy ta’lim tizimida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
oliy ta’lim tizimida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib, biroq oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash, istiqbolda rivojlantirish hamda ta’lim xizmatlari bozoridagi o‘zaro raqobat asosida belgilash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarorining 3-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 21 iyuldagi 06/12-32/2570-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida OTMlarning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlanish va mavjud moliyaviy resurslar samaradorligini oshirish mexanizmi takomillashtirilgan;
oliy ta’lim muassasalarida talabalar sonining moliyaviy resurslarga nisbatan nomutanosibligi bois to‘lov-kontrakt va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan to‘lovlarda yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini 12 foiz darajasiga qadar pasaytirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarorining 10-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 21 iyuldagi 06/12-32/2570-son malumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida OTMlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish va malakasini oshirish, oliy ta’lim ilmiy salohiyatini ko‘tarish samaradorligi oshishiga erishilgan;
oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy resurslar ajratishda budjet xarajatlar smetasi asosida hisoblab chiqilgan umumiy mablag‘lar hajmini mamlakat bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya darajasini hisobga olgan holda ko‘paytirish taklifi “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti to‘g‘risida” Qonunning 5-ilovasida 2021 yilda oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan budjet mablag‘lari parametrlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 21 iyuldagi 06/12-32/2570-son, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 25 avgustdagi 02-03/6690-son ma’lumotnomalari). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida OTMlarga ajratilgan budjet mablag‘lari samaradorligi oshishiga, moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishiga imkoniyat kengaygan;
O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi va demografik omillar ta’siri asosida oliy ta’lim tizimida moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligining 2026 yilgacha ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlari O‘zbekiston musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi Oliy hay’atining maxsus qarorida hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 25 avgustdagi 02-03/6690-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida maqsadli moliyaviy rejalashtirish hamda qo‘shimcha moliyaviy ta’minot manbasi hisobiga ta’lim sifatini oshirish imkoniyati yaratilgan.