Akramova Surayo Renatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jamol Kamol she’riyatida tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning leksik-semantik xususiyatlari”, 10.00.05–Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (tojik tili va tojik adabiyoti) (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1436.
Ilmiy rahbar: Choriyev Tavakkal Ravshanovich, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Shokirov Tug‘ral Sirojovich, filologiya fanlari doktori, professor; Alimova Xolida Zikrillayevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jamol Kamol she’riyati misolida tojik va o‘zbek adabiy tili leksikasining o‘zaro ta’siri, shoirning ikki til orasidagi aloqadorlikni yuzaga chiqarishdagi o‘ziga xos mahorati, tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning leksik- semantik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Jamol Kamol she’riyati leksikasidagi tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning qo‘llanish darajasi, genetik asosi, o‘zaro nisbati‚ faollik darajasi, miqdori‚ mavzuviy guruhlari aniqlanib, ikki tilga xos so‘zlarning metaforik, metonimiya va sinekdoxa kabi leksik-semantik xususiyatlari ochib berilgan;
shoir she’rlarida hayot osmoni, umid ummoni, quyosh og‘ushi, hansirar qoya, og‘ochlar jim, sog‘inch kezar tanamda, keksa ochun kabi metaforalarning odatiy, sinestetik kabi semantik, ekspressivlik, bo‘yoqdorlik kasb etuvchi poetik-estetik tabiati hamda so‘z, ibora, omonim, antonim va she’riy san’atlarni ta’minlovchi lingvopoetik imkoniyatlari isbotlangan;
tojik tilidan o‘zbek adabiy tiliga o‘zlashib dominant leksemaga aylangan bahor, daraxt, gul, dil kabi leksemalarning shoir she’rlaridagi o‘zbek tilida mavjud tarixiy, arxaik, neologizm singari ma’noviy jihatlari dalillangan;
ijodkorning badiiy mahoratini belgilovchi ko‘rkam-fusunkor; dil-yurak, ko‘ngil; ko‘rgulik-savdo; fusun-chiroy kabi sinonimlarni bir misraning o‘zida ketma-ket qo‘llash orqali ifodadorlikni oshiruvchi individualligi, "dil" va "jon" konseptlarining faol birlik sifatida ahamiyat kasb etishi (dilpora, dilband, dilshod, dilxun, mehri dil, porayi dil) va badiiy nutqdagi qo‘shma so‘z hamda izofali birikmalarning uslubiy vazifalari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. Jamol Kamol she’riyatida tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning leksik-semantik xususiyatlari tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Jamol Kamol she’riyati leksikasidagi tojikcha-o‘zbekcha leksemalarning qo‘llanish darajasi, genetik asosi, o‘zaro nisbati‚ faollik darajasi, miqdori‚ mavzuviy guruhlari aniqlangani, ikki tilga xos so‘zlarning metaforik, metonimiya va sinekdoxa kabi leksik-semantik xususiyatlari haqidagi xulosalardan O‘zRFA QB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-FA-0-13229-raqamli “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022-yil 25-martdagi 111/1-son ma’lumotnomasi). Natijada tilshunoslikning lingvopoetik tahlil metodlarini takomillashtirish imkoni yaratilgan;
Jamol Kamol she’rlaridagi o‘zbekcha, fors-tojikcha leksik sathi va tarixiy-arxaik, neologizmlar tarkibi, uslubiy ma’nolari hamda lingvopoetik ahamiyati muallif tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanma boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi. 2021-yildan boshlab amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022-yil 25-martdagi 113/1-son ma’lumotnomasi). Natijada “Boshlang‘ich ta’limda bolalar adabiyoti” o‘quv qo‘llanmasida shoir she’rlarida leksik sath, o‘zlashma so‘zlarning o‘ziga xos ma’noviy jihatlari aniqlangan;
ijodkorning badiiy mahoratini belgilovchi sinonimlarni ketma-ket qo‘llash orqali ifodadorlikni oshiruvchi individualligi, faol birlik sifatida ahamiyat kasb etuvchi leksemalardan foydalanishi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida amalga oshirilgan A3-2016-0908165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2022-yil 15-noyabrdagi 318/1-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilarining og‘zaki va yozma nutqini shakllantirish samaradorligiga oid aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qilgan;
shoir she’rlarida hayot osmoni, umid ummoni, quyosh og‘ushi, hansirar qoya, og‘ochlar jim, sog‘inch kezar tanamda, keksa ochun kabi metaforalarning odatiy, sinestetik kabi semantik, ekspressivlik, bo‘yoqdorlik kasb etuvchi poetik-estetik tabiati hamda so‘z, ibora, omonim, antonim va she’riy san’atlarni ta’minlovchi lingvopoetik imkoniyatlari isbotlanganligi hamda tojik tilidan o‘zbek adabiy tiliga o‘zlashib dominant leksemaga aylangan bahor, daraxt, gul, dil kabi leksemalarning shoir she’rlaridagi o‘zbek tilida mavjud tarixiy, arxaik, neologizm singari ma’noviy jihatlari dalillanganligiga oid ilmiy xulosalardan 2021-2022-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi huzuridagi “Nilufar” adabiy to‘garagi mashg‘ulotlari materiallarini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limining 2022-yil 1-avgustdagi 19-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarning umuminsoniy g‘oyalarning kamol topishiga, so‘z boyligining oshishiga xizmat qilgan.