Qodirov Jobir Ro‘zimamatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘riklarni quritish uchun mo‘ljallangan tabiiy konveksiya va havo kollektorli bilvosita quyosh quritgich qurilmasi”, 05.05.06- “Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T1154
Ilmiy rahbar: Mirzayev Shavkat Mustaqimovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Iskandarov Zafar Samandarovich, texnika fanlari doktori, professor; Fayziyev To‘lqin Amirovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘riklarni quritishga mo‘ljallangan tabiiy konveksiyali va havo kollektorli bilvosita quyosh quritgich qurilmasini takomillashtirish va energetik samaradorligini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quritish kamerasida o‘rnatilgan shaffof sirt orqali qo‘shimcha quyosh nurlanishi hosil bo‘lishi hisobiga bug‘-havo aralashmasining ichki energiyasi va havoning tabiiy konveksiyasi intensivligini oshirish hamda bir vaqtning o‘zida o‘rik mahsulotini quritish va saqlash imkonini beradigan qo‘shimcha shaffof sirtli kombinatsiyalashgan quritgich-saqlagich qurilmasi ishlab chiqilgan;
quyosh quritgichi harorat-namlik rejimining tajribaviy tadqiqoti natijalarini umumlashtirish asosida quritish shkafi balandligi, issiqlik akkumulyatorli quyosh havo kollektori issiqlik samaradorlik koeffisiyenti hamda issiqlik quvvatini aniqlash imkonini beradigan yarim empirik tenglamalar olingan;
tabiiy konveksiyali bilvosita quyosh quritgichning quritish shkafiga kiradigan havoning kirish va chiqish haroratlarini inobatga olgan holda mahsulotlarni bir tekis sifatli quritilishini ta’minlaydigan polkalar orasidagi optimal masofani aniqlash imkonini beradigan dasturiy ta’minot ishlab chikilgan;
issiqlik akkumulyatorli quyosh havo kollektoriga kirayotgan havoning kirish va chiqish haroratlari hamda akkumulyator sirtidagi haroratlarning vaqtga bog‘liqlik chegaraviy shartlarini inobatga olgan holda havoning harorati va tezligini kollektorning uzunligi bo‘yicha o‘zgarishini aniqlash imkonini beradigan matematik modeli chekli elementlar usuli bilan ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘riklarni quritish uchun mo‘ljallangan tabiiy konveksiya va havo kollektorli bilvosita quyosh quritgich qurilmasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tabiiy konveksiyali va havo kollektorli bilvosita quyosh quritgich qurilmasi Buxoro viloyatining “Ilhom yulduzi zamini” fermer ho‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 4-noyabrdagi 04/30-04/8158–sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qurilma yordamida cho‘l hududlari va markazlashgan elektr energiyasi ta’minotidan uzoqda joylashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida ekologik toza quritilgan mahsulot olish imkoniyati yaratilgan. Bilvosita quyosh quritgich qurilmasini qo‘llash orqali mavsum davomida 1 tonna quritilgan o‘rik mahsulotini tayyorlash uchun sarf etilayotgan 8280 kVt*soat energiya tejab qolinishiga hamda fermer xo‘jaligida an’anaviy yoqilg‘i-energiya resurslarining tejalishi hisobiga yillik 25% iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.