Najimov Akmaljon Usmonjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Gomoyoterm va poykiloterm hayvonlarning to‘qima hujayralari bioenergetikasi, funksional faolligi va ularga flavonoid birikmalarning ta’siri», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/B369.
Ilmiy rahbar: Abdullayev G‘ofurjon Rahimjanovich, biologiya fanlari doktori.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.76.01.
Rasmiy opponentlar Pozilov Ma’murjon Komiljonovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Abdullayeva Gulbahor Tolibjonovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gomoyoterm va poykiloterm hayvonlarning to‘qimalaridagi fosforlanuvchi hamda bog‘lanmagan nafas olish, moddalar almashinuvidagi farqlar, mitoxondriya darajasida termogen to‘qima mexanizmini aniqlashtirish, shuningdek, ularning jigar va yurak mitoxondriyasi membranasining funksional holatiga izoflavonoid birikmalarning ta’sirini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
in vitro sharoitida to‘qima mitoxondriyalaridagi ADF/O va NN (nafas nazorati) parametrlari inkubatsiya vaqtiga va muhit haroratiga bog‘liq ravishda issiqqonli hayvonlarda sovuqqonlilarga nisbatan ancha past ko‘rsatkichlarga ega ekanligi aniqlangan;
issiqqonli hayvonlarda termogen to‘qima hisoblangan qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasida turli xil substratlarning oksidlanishida intensiv bog‘lanmagan nafas olish faoliyat yuritishi aniqlangan;
issiqqonli va sovuqqonli hayvonlarning jigar va yurak mitoxondriyasi yuqori o‘tkazuvchan porasiga genistein va orobolning ingibirlovchi ta’siri asoslangan;
genistein va orobolning issiq va sovuqqonli hayvonlarning jigar va yurak mitoxondriyasi membranasi Fe2+/ askorbat bilan chaqirilgan LPO va MDA hosil bo‘lishiga membranafaol xossalari tavsiflangan;
issiqqonli va sovuqqonli hayvonlarning jigar va yurak mitoxondriyasi nafas olishi va OF jarayoni bog‘lanishiga genistein va orobol izoflavonlarining ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gomoyoterm va poykiloterm hayvonlarning to‘qima hujayralari bioenergetikasi, funksional faolligi va ularga flavonoid birikmalarning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
genistein va orobolning membranafaol va kuchli antioksidant xossalaridan Surgut davlat universitetining «Texnologii virashhivaniya i izvlecheniya biologicheski aktivnix soedineniy severnix yagodnix kul`tur i lekarstvennix trav (YugraBioFarm)» loyihasida muhim biologik faollikka ega bo‘lgan polifenol birikmalar izoflavonoidlarning gepatoprotektor va antioksidant xossalarini aniqlashda va baholashda foydalanilgan (Surgut davlat universitetining 2022 yil 13 sentyabrdagi 03-01/339-son ma’lumotnomasi). Natijada, antioksidant ta’sirga ega samarali dorivor preparatlar yaratish imkonini bergan;
genistein va orobolning membranafaol xossalari, shuningdek mitoxondriyadagi nafas olish hamda oksidlanishli-fosforlanish jarayoni bog‘lanishiga ta’siri natijasida ATF sintezini qayta tiklashi xossalaridan №TA-FA-F7-008 «Tabiiy terpenoid va fenol birikmalarni o‘rganish hamda ular asosida tibbiyot, veterinariya va qishloq xo‘jaligi uchun dori vositalari yaratish» loyihasida mazkur flavonoidlar strukturasiga yaqin bo‘lgan boshqa izoflavonoid birikmalarni ajratib olishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2022 yil 27 oktyabrdagi 4/1255-2705-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi turdagi kardioprotektor xossaga ega flavonoidni aniqlash imkonini bergan.