Qulmuradova Odinaxon Abdug‘affar qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Televidenieda dialogik janrlarning zamonaviy modifikatsiyasi», 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil1012.
Ilmiy rahbar: Toshpo‘latova Nazira Qurbonovna, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Mamatova Yoqutxon, filologiya fanlari doktori, professor; Halilova Aziza, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy-nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi zamonaviy jurnalistikada dialogik janrlarni ilmiy-nazariy muammo sifatida aniqlash, ularning rivojlanish tendensiyalari va tamoyillari, axborotni tezkor va xolis yetkazishdagi o‘rni va ahamiyatini, raqamlashuv sharoitida dialogik janrlarning elektron OAV faoliyatida qay tarzda o‘zgarishi, modifikatsiyalanishini ochib berishdan iborat. 
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
an’anaviy medianing axboriy va tahliliy janrlaridan ajralib chiqqan dialogik janrlar zamonaviy media talablari asosida ushbu janrlar guruhiga xos bo‘lgan axborot manbasi fikriga tayanilishi, muloqotda so‘zlashuv uslubining ustunlik qilishi, ikki va undan ortiq kommunikatsiya subyektlarining o‘zaro axborot almashinuv jarayonida axborotni 3-shaxs, auditoriyaga yetkazilishi, boshqa janrlarga moslashuvchanlik xususiyati singari umumiy xususiyatlari aniqlangan;
dialogik janrlarning ilmiy-falsafiy asoslari dialog hodisasining nutq, matn, unsur, usul hamda janr sifatida namoyon bo‘lishidagi rivojlanish ierarxiyasi kabi umumiy hamda media muhitda dialoglashuv hodisasining janr shakli sifatidagi ko‘rinishlari rivojlanishining kuchayishi singari o‘ziga xos jihatlari, dialogik janrlarning zamonaviy raqamli media muhitga qisqa fursatda moslashish jarayonlari dalillangan;
milliy mass-mediada mahalliy auditoriya bilan faol muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi dialogik janrlar turkumi ishlab chiqilib, uning tarkibiga intervyu, suhbat, tok-shou, debat singari janrlar kirishi, media kontent yaratishda mazkur janrlar kompozision jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lishiga qaramay, dialogik, lingvo-stilistik va interaktivlik xususiyatlari bilan ajralib turishi aniqlangan; 
TV amaliyotida dialogik janrlar turkumiga kiruvchi janrlar shakli va tabiatidagi modifikatsion o‘zgarishlar, xususan, muloqotning umumiy qonuniyatlariga bo‘ysunuvchi, konvergensiya jarayonlarining dialogik janrlarga ta’siri natijasida paydo bo‘lgan intervyu-ocherk, intervyu-esse, intervyu-sharh singari zamonaviy janr modellarining yangicha talqinlari shakllangani asoslanib, ularning an’anaviy janrlar bilan transformatsiyalashuv jarayoni, monolog, dialog, polilog singari nutq turlaridan foydalanishida rollarning almashishi, mazkur janrlarda savol-javob qat’iy qoida emasligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Televidenieda dialogik janrlarning zamonaviy modifikatsiyasi mavzusining o‘zbek televideniesi ko‘rsatuvlari asosidagi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar, ilmiy xulosalar, amaliy taklif va tavsiyalar asosida:
zamonaviy televidenieda jiddiy islohotlar amalga oshayotgan bir paytda jurnalist kadrlarning axboriy, tahliliy janrlarda ijod qilishi, xususan, dialogik janrlarda ko‘rsatuv tayyorlashda, mavzu va muammoni yoritishida, teleasarning shakl va mazmun xususiyatlarini e’tibordan chetda qoldirmasligi, amaliyotda zamonaviy janr va formatlardan foydalanish, dialogik janrlarni tezkor translyasiya qilishda jonli efir amaliyotini ko‘paytirish lozimligi bo‘yicha tadqiqotning amaliy qismida keltirilgan ilmiy natijalar va xulosalar O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali tahririyati faoliyatida ko‘rsatuvlar tayyorlash sifatini yaxshilashda qo‘llanildi (“O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2022 yil 30 avgustdagi 486-23-4427-son ma’lumotnomasi). Natijada “Mavzu” va “Aslida qanday?” ko‘rsatuvlari ssenariylarini yozishda tadqiqotda bayon qilingan ilmiy-nazariy qarashlardan foydalanilgan; 
konvergensiya va raqamlashayotgan media sharoitida dialogik janrlarda ijod qiluvchi jurnalistlarning yangi tendensiyalar va janrlar tizimidagi o‘zgarishlarga moslashish kerakligi, buning uchun dialogik janrlarda material tayyorlashda an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, zamonaviy metod va texnologiyadan foydalanish, shuningdek, jonli muloqot, mavzu va qahramon tanlovida o‘z uslubiga ega bo‘lish kabi ko‘nikmalarni shakllantirish, publisistik matnni jonlantirish usuli – dialogizatsiyadan foydalanilsa, samarali natijalarga erishish mumkinligi bo‘yicha berilgan tavsiyalardan «Ma’rifat» – «Uchitel Uzbekistana» gazetasi tahririyatidagi muxbir va muharrirlarning bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining nashri – «Ma’rifat» – «Uchitel Uzbekistana» gazetasi tahririyatining 2021-yil 3-avgustdagi 108-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot tahririyatdagi jurnalistlarning dialogik janrlarda material tayyorlashida kasbiy malakasi oshishiga xizmat qilgan;
xususiy telekanallarning veb-sayti, mobil ilovasi orqali teledasturlar jadvali, onlayn translyasiyalar va teleko‘rsatuvlarni muntazam joylab borish, telekontent yaratishda mavjud eskicha qoliplardan butunlay voz kechib, erkin ijodiy yondashuvni kuchaytirish, auditoriyaning ehtiyojiga mos yangi zamonaviy televizion loyihalarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha berilgan tavsiyalardan “Sevimli” telekanalining teleko‘rsatuvlar sifatini yaxshilashda, kanalning sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarining saviyasini kuchaytirishda, telekanal muallif va muharrirlarining bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishda foydalanilgan (“Sevimli” telekanalining 2021-yil 2-avgustdagi 105-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqotda berilgan takliflar asosida telekanalning mobil ilovasi va rasmiy veb saytidagi kontent sifati qayta ko‘rib chiqildi va dizayni takomillashtirilgan;
mediakonvergensiya jarayonlarining dialogik janrlar rivojidagi o‘rni, dialogik janrlarning modifikatsion ko‘rinishi, “layf-tu teyp”, strim, realiti shou, self-reportaj janrlari singari zamonaviy janr shakli sifatida shakllangani unda jurnalistning axborot texnologiyalardan foydalanishi, jiddiy mavzularni ko‘ngilochar formatlarda auditoriyaga uzatish bo‘yicha olingan natijalar, tadqiqotda ilgari surilgan ilmiy xulosalar, tavsiya va takliflar O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi faoliyatiga tadbiq etilgan (Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazining 2022 yil 30 avgustdagi 46-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasining 2022 yil 11 avgustdagi 11-18/394-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy xulosalardan markaz tomonidan tashkillashtirilgan seminar-trening va o‘quv kurslarida foydalanilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish