Kaxxarov Alisher Jamoliddinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sut bezi saratonini tashxislash, davolash va bashoratlashda o‘sma mikromuhitining ahamiyati» 14.00.14 – Onkologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Tib489
Ilmiy rahbar: Tillyashayxov Mirzagaleb Nigmatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent Davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.04/30.12.2019Tib.77.01
Rasmiy opponentlar: Abdraxmanova Aliya Janalikovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qozig‘iston Respublikasi); Alimxodjaeva Lola Tel`manovna, tibbiyot fanlari doktori; Boboev Qodirjon Tuxtaboevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sut bezi saratoni diagnostikasi va uni davolashni o‘sma mikromuhiti va uning kasallik davomiyligi va prognoziga ta’sirini o‘rganish orqali takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sut bezi saratonida o‘smani qon bilan ta’minlanish darajasi yuqori ekanligi sababli sut bezi saratonining o‘sma infil`tratsiyasi zonasida mikrotomirlar miqdori > 6 va parakankroz yallig‘lanish zonasida esa > 10 bo‘lishi salbiy prognozning bevosita belgisi ekanligi isbotlangan;
immun tizimining neoplastik jarayonga nisbatan yuqori javob reaksiyasi sababli, parakankroz yallig‘lanish zonasining immunokompetent hujayralar (> 50%) egallagan maydonida CD3, CD4, CD8 limfotsit subpopulyasiyalari miqdori ustunligi sut bezi saratonining ijobiy prognostik belgisi ekanligi isbotlangan;
sut bezi saratonining epitelial-mezenximal o‘zgarishi va o‘smaning mustaqil harakat qilish qobiliyati sababli makrofaglar infil`tratsiyasi, CD68 ekspressiyasi va shu bilan birgalikda E-kadxerin ekspressiyasining mavjud emasligi o‘smaning uzoq organlarga metastazlanish havfini oshirishi isbotlangan;
invaziv sut bezi saratonida miofibroblastlar α-SMA markerining ekspressiyasi o‘sma atrofida limfangiogenezni stimullanishi va metastazlanish potensialining ortishi tufayli mahalliy metastazlanish kabi o‘smaning molekulyar-biologik subturiga bog‘liq bo‘lmagan salbiy omil ekanligi isbotlangan;
o‘smaga qarshi terapiya fonida o‘smada immunogenlik ortishi va o‘sma hujayralarida apoptoz jarayonining stimullanishi sababli limfotsitlar bilan o‘sma infil`tratsiyasi va CD3, CD4, CD8, PDL-1 markerlarining ekspressiyasi kimyoterapiya va immunoterapiya samaradorligining mustaqil prediktor ekanligi isbotlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘sma mikromuhitiga ko‘ra sut bezi saratoni diagnostikasi, davolash va prognozini yaxshilash uchun olingan natijalarga asosida:
o‘sma mikromuhitining ahamiyati va sut bezi saratonida klinik qo‘llanilishi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “O‘sma mikromuhitining prognostik ahamiyati va sut bezi saratonida klinik qo‘llanilishi” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 5 iyuldagi 8n-r/766-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma sut bezi saratoni tashxisi va samaradorligini oshirish imkonini bergan;
“Sut bezi saratoni mikromuhitining immunologik parametrlari va ularning davolash usuli va prognozga ta’siri” (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 07.05.2022 yildagi 8 n-r / 767-son bilan tasdiqlangan) yo‘riqnomalarini tasdiqladi. Mazkur uslubiy tavsiyanoma sut bezi saratonini davolash va prognozlashning aniqligini oshirish imkonini bergan;
sut bezi saratoni diagnostikasi, davolash va prognozini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax va Sirdaryo filiallarida amaliyotga joriy etildi, (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 22-avgustdagi 8n-z/430-son ma’lumotnomasi). Sut bezi saratoniga tashxis qo‘yish va davolash algoritmini sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish sut bezi saratonini tashxislash, davolash va bashoratlashni yaxshilash imkonini bergan.