Raxmonov Oybek Maxammadmuydinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Prostata bezi giperplaziyasini transuretral rezeksiyasi va gol`miy enukleatsiyasi samaradorligi va prognostik omillarni qiyosiy tahlili», 14.00.31 – Urologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tib2316.
Ilmiy rahbar: Shadmanov Alisher Kayumovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Gaybullaev Asilbek Asadovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Yuldashev Fayzulla Yuldashevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Ozarbayjon tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi: kasallikning kechishi va yakuniga ta’sir qiluvchi prognostik omillarni inobatga olgan holda endoskopik davolash usulini (HOLEP yoki PTUR) tanlashga individual yondashish yo‘li bilan prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi bor bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
prostata transuretral rezeksiyasi yoki gol`miy lazerli enukleatsiyasi amaliyoti uchun bemorlarni tabaqalashtirilgan holda saralab olish maqsadida prostata bezi xavfsiz giperplaziyasining kechishi og‘irlik darajasini verifikatsiyalashning patognomonik mezonlari va tashrix natijasining prognostik omillari aniqlangan;
prostata bezining kichik hajmlarida transuretral rezeksiya va gol`miy lazerli enukleatsiya bir xil samaradorlikka ega ekanligi, prostataning katta hajmlarida esa, HoLEP usulida tashrixdan keyingi asoratlar chastotasi 2 barobar past ekanligi aniqlangan;
semizlik bilan og‘rigan bemorlarda transuretral rezeksiya bilan solishtirganda uzoq muddatli asoratlarning sezilarli darajada kamligi sababli gol`miy lazerli enuklyasiyaning afzalligi aniqlangan;
semizlik darajasining ortishiga mutanosib ravishda operativ aralashuv vaqti, qon yo‘qotish hajmi, kateterlash xamda shifoxonada bo‘lish muddatlari, shuningdek reabilitatsiya davomiyligining o‘sishidan dalolat beruvchi semizlik darajasi bilan tashrixlarning bevosita va uzoq muddatdagi asoratlari chastotasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashda transuretral rezeksiya va gol`miy lazerli enukleatsiya usullari samaradorligining prognostik omillarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashni baholash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashni baholashda transuretral rezeksiya va gol`miy lazerli enukleatsiya samaradorligini prognoz qiluvchi omillarning imkoniyatlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 fevraldagi 08-02290 - son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar prognostik xavf omillarini hisobga olgan holda, prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini endoskopik davolash usulini tanlashga individual yondashuvni optimallashtirishga imkon bergan;
prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini xirurgik davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, 1-son Toshkent shahar klinik shifoxonasiga va Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 fevraldagi 08-02290 - son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini bo‘lgan bemorlarga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga, kam invaziv davolash usulini tanlashni optimallashtirishga va umuman olganda tashrixlar natijalarini yaxshilashga imkon bergan.